Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

17.09.2026

O‘zbekiston va Slovakiya Oliy audit organlari o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

2026-yil 16-sentabr kuni Sloveniyaning Bled shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev va Slovakiya Respublikasi Oliy audit organi rahbari Lyubomir Andrashi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda O‘zbekiston va Slovakiya Oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, davlat auditi sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganish, audit metodologiyasini takomillashtirish, institutsional salohiyatni oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.


Uchrashuv “Visegrad 4+2” formati doirasida Oliy audit organlari rahbarlarining muloqoti davomida tashkil etildi. Tomonlar davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, jamoat manfaatlarini himoya qilish, korrupsiya xavflarini kamaytirish va davlat institutlarining samaradorligini ta’minlash Oliy audit organlari oldida turgan umumiy vazifalar ekanini ta’kidladilar.


M. Abdullaev so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi. Bu jarayonda ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarining o‘rnatilishi muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.


Muloqotda Slovakiya Oliy audit organining davlat auditi sohasidagi tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.


Xususan, suv ta’minoti infratuzilmasi bo‘yicha auditlar doirasida infratuzilmaning holati, uni yangilash sur’atlari, barqaror boshqaruv va kelgusidagi investitsiya ehtiyojlarining kompleks tahlil qilinishi qayd etildi. Mazkur yondashuv O‘zbekiston uchun ham dolzarb ekani va Slovakiya tajribasini o‘rganish amaliy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.


Shuningdek, ilm-fan, tadqiqot va innovatsiyalarga ajratilayotgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi bo‘yicha Slovakiya Oliy audit organi tomonidan o‘tkazilgan auditlar muhokama qilindi. Resurslarning o‘zlashtirilishi bilan bir qatorda boshqaruv mexanizmlari, mablag‘lardan samarali foydalanish va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq risklarni baholashga qaratilgan yondashuvlar O‘zbekiston Hisob palatasi uchun ham qiziqish uyg‘otishi qayd etildi.


Davlat korxonalari va davlat aktivlaridan foydalanish samaradorligini baholash, boshqaruv sifati hamda investitsiya loyihalarining natijadorligini audit qilish masalalarida ham tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.


Tomonlar Oliy audit organining professional salohiyati bilan bir qatorda institutsional mustaqilligi, audit xulosalarining dalillar, metodologiya va professional xolislikka asoslanishi muhimligini qayd etdilar.


Shu nuqtayi nazardan, Slovakiya Oliy audit organining institutsional mustaqillik, davlat mablag‘laridan foydalanish, davlat yordami, raqobat muhiti va korrupsiya xavflarini baholash sohalaridagi tajribasini o‘rganish O‘zbekiston Hisob palatasi uchun muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.


Muloqotda O‘zbekistonda raqamli audit tizimi orqali risklarni oldindan aniqlash va mablag‘larning samarasiz sarflanishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Slovakiya tajribasi bilan Hisob palatasining “Masofaviy audit” tizimi o‘rtasida tajriba almashish uchun imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.


Uchrashuv yakunida ikki Oliy audit organi o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab olindi.


Xususan, 2027-yilda audit metodologiyasi bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda Hisob palatasi xodimlarining Bratislava shahrida kasbiy malakasini oshirish rejalashtirildi. O‘quv kurslari sifat boshqaruvi tizimi, risklarni aniqlash, sabablar tahlili va audit faoliyatining dolzarb masalalarini qamrab oladi.


Shuningdek, Hisob palatasi faoliyatini tashqi baholashdan — “peer review”dan o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilish belgilandi. 2027-yilda Slovakiyaning tashqi baholash metodologiyasini o‘rganish, baholash qamrovi va muddatlarini kelishish hamda Hisob palatasining o‘zini o‘zi baholash natijalarini tashqi baholash uchun asos sifatida tayyorlash ko‘zda tutilgan.


Yana bir muhim yo‘nalish — EUROSAI loyihalarida ishtirok etish va Markaziy Osiyo Oliy audit organlari bilan EUROSAI o‘rtasida “muloqot ko‘prigi” tashabbusini amalga oshirishdir. 2027-yil davomida Slovakiyaning EUROSAI raisligi doirasidagi loyiha va tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari o‘rganiladi, shuningdek, Markaziy Osiyo Oliy audit organlari bilan tajriba almashishning yangi formatlari taklif etiladi.


Tomonlar Slovakiya Oliy audit organi rahbarining O‘zbekistonga rasmiy tashrifini tashkil etish masalasini ham muhokama qildilar. Tashrif muddati diplomatik kanallar orqali kelishilishi, tashrif dasturi hamda imzolanishi rejalashtirilayotgan Anglashuv memorandumi loyihasi tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.


Uchrashuvda, shuningdek, qo‘shma seminarlar, ekspertlar almashinuvi, davlat korxonalari auditi, yirik investitsiya dasturlari auditi, suv va ekologik audit yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.


Tomonlar erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi hamda Slovakiya Respublikasi Oliy audit organi o‘rtasidagi professional aloqalarni izchil kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

img-0
img-1