18.08.2026
O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasi Latviya Respublikasi Seymiga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Latviya Respublikasi Seymiga tashrif buyurib, Seym raisi Daiga Mieriņa bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish, davlat moliyaviy nazorati va parlament nazorati sohalarida tajriba almashish, shuningdek, ikki mamlakat oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot avvalida M. Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Narbayeva nomidan samimiy salomlarni yetkazdi hamda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Latviya Respublikasi Seymi o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro memorandumlar, parlamentlararo do‘stlik guruhlari va xalqaro tashkilotlar doirasidagi muloqotlar asosida rivojlanib kelmoqda. Ikki mamlakat parlamentlari a’zolari iqtisodiy va siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilik tajribasi bilan o‘zaro almashib kelmoqda.
Uchrashuvda parlamentlararo muloqotni savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bilan uyg‘unlashtirish muhimligi qayd etildi. Xususan, Latviyaning tranzit va logistika salohiyatidan samarali foydalanish, O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqish, ta’lim, turizm, mehnat migratsiyasi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
M. Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etish doirasida davlat boshqaruvi va davlat moliyaviy nazorati tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli transformatsiyalar haqida ma’lumot berdi. Xususan, Hisob palatasi faoliyati xalqaro standartlar asosida takomillashtirilayotgani, samaradorlik, muvofiqlik, risklarga asoslangan va raqamli audit yo‘nalishlari izchil rivojlantirilayotgani ta’kidlandi.
Ayniqsa, audit jarayonlarida axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va katta hajmli ma’lumotlardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Bu orqali davlat mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlash, nazorat tadbirlarining samaradorligini oshirish va profilaktik yondashuvlarni kuchaytirishga erishilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Oliy Majlis o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, Hisob palatasi har yili o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etadi, Davlat budjeti loyihasi bo‘yicha xulosalar beradi hamda budjet ijrosi va davlat mablag‘laridan maqsadli foydalanishni auditdan o‘tkazadi.
Shuningdek, davlat moliyaviy nazorati va budjet jarayoniga oid qonunchilik bazasini takomillashtirishda parlament bilan hamkorlik muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Latviya oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlik uchrashuvning alohida yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Latviya Respublikasi Davlat audit idorasi O‘zbekiston Hisob palatasining eng yaqin xorijiy hamkorlaridan biri ekani qayd etildi.
Ikki oliy audit organi o‘rtasida Hamkorlik kelishuvi va amaliy hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi imzolangan. 2025-yil dekabr oyida Latviya Bosh auditori Edgars Korčaginsning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida ham mazkur hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishilgan.
Muloqot davomida Latviya Davlat audit idorasining audit natijalarini parlament va hukumatga taqdim etish, ularni ochiq e’lon qilish hamda davlat auditi natijalaridan budjet jarayonida foydalanish bo‘yicha tajribasi alohida qiziqish uyg‘otishi ta’kidlandi.
Tomonlar oliy audit organlarining milliy qonunchilikni takomillashtirishdagi rolini kuchaytirish, parlament va tashqi audit institutlari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish muhimligini qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlarni, shuningdek, davlat auditi va moliyaviy nazorat sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorlik bildirildi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_21b102bf268798ed41c5cdfb.jpg)
Prеzidеntning O‘zbеkiston хalqiga Ramazon tabrigi
836
17.02.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/fbcf64f7-0444-c01a-bd7a-98fdaf65f692.jpg)
Rossiya Federatsiyasi Hisob palatasi asos solinganining 30-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar
1573
16.01.2025
Latviyalik auditorlar tomonidan Hisob palatasida o‘quv kurslari o‘tkazildi
1821
27.05.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_f9d55e4d25ffcb48138900f6.png)
Misrlik auditor: “Sun’iy intellekt va raqamli audit davlat auditini yangi bosqichga olib chiqadi”
598
22.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_f5931ac976b5d1f3a488568e.jpg)
BAYRAM TABRIGI
777
06.03.2026