10.04.2026
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida o‘tkazilgan samaradorlik auditi natijalari
Hisob palatasi tomonidan 2023–2025 yillarda Fanlar akademiyasi hamda uning huzuridagi ilmiy institutlar faoliyati samaradorlik auditidan o‘tkazildi.

Akademiya fan, texnika, madaniyat va ma’rifat sohalarida fundamental, amaliy hamda innovatsion ilmiy izlanishlarni amalga oshiruvchi yetakchi davlat ilmiy muassasasi hisoblanadi.
Akademiya va tizim tashkilotlari tomonidan fizika-matematika va texnika, kimyo-biologiya hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida muayyan ishlar amalga oshirilib, bir qator ijobiy natijalar qayd etilgan.
Akademiya huzuridagi 43 ta ilmiy tashkilotda 1 506 nafar ilmiy xodim (392 nafar DSc va 630 nafar PhD) faoliyat yuritadi. Ularning 32 nafari akademik, 206 nafari professor va 536 nafari katta ilmiy xodim unvoniga ega xodimlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Akademiya ilmiy institutlarini 1 015 nafar doktorant bitirgan bo‘lib, ular tomonidan fundamental va amaliy fanlar, innovatsion texnologiyalar, yangi materiallar, ekologik barqarorlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish kabi muhim mavzularda ilmiy-tadqiqotlar olib borilgan.
Shundan, bitiruvchilarning 45 foizi kimyo-biologiya va tibbiyot, 29 foizi fizika-matematika va texnika hamda 26 foizi ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishidagi tadqiqotlarni tashkil etgan.
Audit natijasida bir qator tizimli muammolar qayd etildi.
Xususan:
1.Sohadagi vakolatli davlat organi bilan hamkorlikda ilmiy faoliyatni muvofiqlashtirish va strategik rivojlantirish hamda real sektor uchun dolzarb yo‘nalishlarda tadqiqot mavzularini belgilab borish yo‘lga qo‘yilmagan.
2.O‘simliklar fundamental sirlarini ochish uchun kuchli vosita hisoblangan Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti g‘o‘za, g‘alla, dukkakli, moyli va mayda donli ekinlar to‘g‘risidagi ilmiy ishlar bilan cheklangan.
3.Akademiya ilmiy institutlarini bitirgan jami doktorantlardan 510 nafari (50%) ilmiy ishini himoya qilmay samarasiz yakunlagan.
Shundan, himoya qilmaslik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar O‘simlik moddalari kimyosi institutida 38 nafar (79%), Fizika-texnika institutida 29 nafar (81%) va Sharqshunoslik institutida 21 nafar doktorant (100%)larni tashkil etgan.
4.Ilmiy institutlar bitiruvchilari tomonidan neft va gaz konlari geologiyasi, raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalari, robototexnika, avtomobilsozlik, elektrotexnika va maishiy texnika ishlab chiqarish kabi dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmagan. Yoki bir xil yo‘nalishdagi loyihalar takror-takror tashabbus qilinmoqda.
5.Akademiyada yosh olimlarning xalqaro va ilmiy faoliyatini (nashr, patentlash) qo‘llab-quvvatlash darajasi yetarli tashkil qilinmagan.
6.Belgilangan tartibga ko‘ra, institut rahbarlari 5 yil muddatga tayinlanishi qayd etilgan bo‘lib, ularning ushbu davrdagi faoliyatini baholash va lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
25 ta ilmiy institutlarning (58%) rahbarlari 5 yildan ortiq muddatda faoliyat yuritmoqda.
O‘z navbatida, audit jarayonida ilmiy tadqiqot mavzularini tanlash va natijalarini monitoring qilib borish, tijoratlashtirish hamda real sektor uchun dolzarb yo‘nalishlardan kelib chiqib strategik tadqiqotlar olib borishni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq ayrim yechim talab etayotgan masalalar belgilab o‘tildi.
Akademiyada “fan – ishlab chiqarish – bozor” zanjiri bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, ish jarayonidagi ayrim xato va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan:
-sanoat ekologiyasi, atrof-muhit, to‘qimachilik sanoati kabi dolzarb yo‘nalishlarda tadqiqot va izlanishlar salmog‘i past darajada;
-Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan ilmiy-amaliy hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli, Immunologiya va inson genomikasi instituti tomonidan 2021–2025 yillarda 26 ta mavzu bo‘yicha olib borilgan amaliy ilmiy-tadqiqotlar natijalari klinik protokollar va standartlarga joriy etilmagan;
-ilmiy institutlar bitiruvchilari tomonidan neft va gaz konlari geologiyasi, raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalari, robototexnika kabi dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmagan.
Shuningdek, xorijiy tajriba asosida boshqaruv tizimi, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar natijadorligi, raqamlashtirish kabi tizimli muammolarni yechimi va faoliyat samaradorligini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Audit natijalariga ko‘ra ilmiy faoliyat samaradorligini hamda ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar natijadorligini yanada oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Audit natijalari Hisob palatasi mas’ullari bilan muhokama qilinib, tizimli muammolarni va xato, kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olish, shuningdek ilmiy faoliyat samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_6141d32d988b3d25c4aaf9ce.jpg)
BAYRAM TABRIGI
1538
29.12.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_6fce33862eb98f56d2363cab.jpg)
Hisob palatasi ShHTga a'zo mamlakatlar Oliy audit organlari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi
1001
14.04.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_c188320c718b4587d59369bd.jpg)
Yirik korxonalarda xavflarni boshqarish sohasidagi tahlilarga bag'ishlangan amaliy seminar
986
13.02.2025
Davlat qarzi hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar va investisiyalar bo‘yicha amaliy seminar
2641
16.09.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_3b32a000cc64b771c8aababd.jpeg)
BAYRAM TABRIGI
156
19.03.2026