Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

26.07.2026

Hisob palatasida Islom taraqqiyot banki baholash missiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida Islom taraqqiyot bankining baholash missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Hisob palatasi raisi o‘rinbosari S. Mirzayev mamlakatimizda davlat auditi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik hamda raqamlashtirish yo‘nalishidagi ustuvor vazifalar haqida ma'lumot berdi.

Uchrashuvda Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, xususan, suv xo‘jaligi, qishloq taraqqiyoti, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalarga qo‘shayotgan hissasi alohida e'tirof etildi. Qayd etilganidek, joriy yil may oyida O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlik portfeli 5 mlrd AQSH dollariga yetdi hamda istiqbolli 3 mlrd dollarlik loyihalar dasturi bo‘yicha kelishuvga erishildi.


Tomonlar Hisob palatasi bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladilar. Xususan, so‘nggi yillarda Hisob palatasi vakillari Islom taraqqiyot banki tomonidan Turkiya va Ozarbayjonda tashkil etilgan xalqaro o‘quv seminarlarida ishtirok etib, davlat auditi va moliyaviy boshqaruv sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishdilar.


Uchrashuv davomida Hisob palatasida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari haqida ham batafsil ma'lumot berildi. Ta'kidlanganidek, Prezident farmonlari asosida strategik audit, axborot texnologiyalari auditi hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning moliyaviy auditini o‘tkazish bo‘yicha yangi vakolatlar joriy etildi.


Shuningdek, davlat auditi faoliyatiga sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Hozirgi kunda Hisob palatasining "Masofaviy nazorat" markaziga 68 ta vazirlik, idora va bankning 258 turdagi ma'lumotlar bazasi integratsiya qilingan bo‘lib, real vaqt rejimida 55 ta yo‘nalish bo‘yicha risk-tahlillari amalga oshirilmoqda.


Uchrashuvda Hisob palatasining xalqaro audit standartlarini joriy etish, INTOSAIning ishchi guruhlaridagi ishtiroki, shuningdek, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki bilan kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.


Tomonlar muloqot yakunida davlat auditi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish, salohiyatni oshirish va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar auditi yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

img-0
img-1img-2