23.11.2025
Turkiy davlatlar Oliy audit organlari tashkiloti (TURKSAI) ga asos solindi
So‘nggi yillarda Turkiy tilli davlatlar hamjamiyati jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirdi. Davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi bilan mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy muloqotlar faollashib, o‘zaro ishonch mustahkamlanib bormoqda.

Аmaliy sheriklik loyihalari va gumanitar dasturlar hayotga faol tatbiq etilmoqda. Masalan, bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida 35 dan ziyod yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev yaqin kelajakda turkiy tilli hamjamiyat doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni shakllantirish g‘oyasini ilgari surdi. Mamlakatimiz tomonidan Turkiy davlatlar tashkilotining 2030-yilga qadar bo‘lgan Rivojlanish strategiyasi va “yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi.
Bunday yuqori darajadagi amaliy hamkorlik turkiy tilli hamjamiyatga aʼzo mamlakatlar Oliy audit organlari o‘rtasida ham izchil tarzda amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2025-yilning 21-23-noyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy davlatlar Oliy audit organlari delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Oliy audit organlari delegatsiyalari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Q. Omuraliev ishtirok etdi.
Uchrashuvning kun tartibidagi masala – Turkiy davlatlar Oliy audit organlari tashkilotini (TURKSAI) tuzishdan iborat edi. TURKSAI tashkilotiga asos solish tashabbusi barcha ishtirokchilar tomonidan maʼqullandi. Yangi tashkilotning Deklaratsiyasi imzolandi.
Maʼlumot uchun: TURKSAI tashkilotini tuzishdan maqsad Turkiy tilli davlatlar Oliy audit organlari o‘rtasida davlat auditi sohasida tajriba almashish, audit standartlarini rivojlantirish, qo‘shma audit loyihalarini amalga oshirish, kadrlar salohiyatini oshirish.
Plenar yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi o‘rinbosari А. Аllaberganov nutq so‘zladi. Nutqda Tashkilotning Nizomini tasdiqlash, Maslahatlashuv Kengashini tuzish, xodimlarni o‘qitish va malaka almashinuvini yo‘lga qo‘yish, auditda raqamlashtirish hamda sunʼiy intellektni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
TURKSAIning ilk yig‘ilishi yakunlari bilan tegishli Bayonnoma imzolandi. Yangi tashkilot raisligi har 3 yilda bir marotaba aʼzo mamlakatlarning biriga (alfavit ketma ketligida) o‘tishi kelishildi. Ushbu uchrashuvga mezbonlik qilgan Turkiya Hisob sudi (Oliy audit organi)ga ilk raislik taqdim etildi.
Qolaversa, TURKSAI doirasida aʼzo mamlakatlar Oliy audit organlari rahbarlarining har 3 yilda bir marotaba yigʼilishi o‘tkazishga kelishildi. Yangi tashkilotning xalqaro pozitsiyalarini mustahkamlash maqsadida uni Oliy audit organlarining xalqaro tashkiloti (INTOSAI) aʼzoligiga qabul qilish yuzasidan amaliy qadamlar rejalashtirildi.
Istanbuldagi uchrashuv doirasida O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasi tomonidan TURKSAIga aʼzo davlatlar Oliy audit organlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazildi.
Xususan, Ozarbayjon hamda Qirg‘iziston Oliy audit organlari rahbarlari bilan davlat auditini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar bazalaridan foydalanish, ikki tomonlama kadrlar salohiyatini oshirish va audit metodologiyasi yo‘nalishida tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilinib, hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi.
Shu bilan birga, ushbu mamlakatlar bilan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolashga kelishib olindi.
Istanbulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar Turkiy davlatlar Oliy audit organlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixidi yangi sahifani ochib berdi. Yangi erishilgan kelishuvlar aʼzo mamlakatlar Oliy audit organlari faoliyatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_a878f4f21f8e0c30d3ed34f9.jpg)
Yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilab olindi
2491
14.02.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_29f00cbd938976c3a73b201e.jpg)
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasidagi vakant lavozimlarga tanlov o‘tkazish bo‘yicha E’LON
10711
29.09.2026
Hisob palatasida Islom taraqqiyot banki baholash missiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
713
26.07.2026
“Axborot texnologiyalari auditi: raqamli muhitda axborot tizimlarini baholash, risklarni boshqarish va nazorat mexanizmlari” mavzusida konferensiyaning birinchi parallel sessiyasi bo‘lib o‘tdi
740
23.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_c52fe8855eb5ba4fbc371cf8.jpg)
Kimyo sanoatini jadal rivojlantirish vazifalari belgilandi
929
02.06.2026