05.01.2025
Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish strategiyasi ijrosi auditdan o‘tkazildi
Hisob palatasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “2021–2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi” ijrosi joyiga chiqqan holda auditdan o‘tkazildi.

Auditda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish tizimini takomillashtirish, korporativ boshqaruvni joriy etish, korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qator ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.
Xususan, Strategiyada belgilangan 160 ta topshiriq, vazifa va maqsadli ko‘rsatkichlarning 78 foizi bajarilgan. Korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv mexanizmlari joriy etilib, kuzatuv kengashlarida mustaqil a’zolar ishtirokini kengaytirish va ixtisoslashtirilgan qo‘mitalar tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan.
Transformatsiya va korporativ boshqaruvni joriy etish belgilangan korxonalarning bir qismida moliyaviy ko‘rsatkichlar yaxshilangan. Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalar sonini qisqartirish bo‘yicha ham salmoqli natijaga erishilib, ularning soni 2021-yilga nisbatan qariyb 1 mingtaga kamaytirilgan.
Istiqbolsiz, faoliyat ko‘rsatmayotgan, zarar ko‘rib ishlayotgan va past rentabelli davlat ishtirokidagi 700 dan ortiq korxona faoliyati tugatilgan. Bu davlat aktivlaridan samarali foydalanish va iqtisodiyotda davlat ishtirokini optimallashtirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, audit jarayonida Strategiyada belgilangan vazifalarning bir qismi to‘liq bajarilmagani aniqlandi.
Xususan, ayrim topshiriqlar bo‘yicha zarur huquqiy baza yaratilmagan, nazorat va monitoring mexanizmlari yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan hamda belgilangan amaliy choralar o‘z vaqtida ko‘rilmagan.
Korxonalarni xususiyatidan kelib chiqib toifalashtirish masalasi ham tizimli ravishda hal etilmagan. Bu esa ayrim korxonalarda korporativ boshqaruvga oid talablarni, jumladan, kuzatuv kengashlari qoshida qo‘mitalar va ichki audit xizmatlarini tashkil etishda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, ayrim davlat korxonalari aksiyalarini ommaviy taklif etish va korporativ obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha vazifalar to‘liq bajarilmagan. Natijada davlat ishtirokidagi korxonalar uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmagan.
Audit yakuni bo‘yicha bajarilmagan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash, davlat korxonalari faoliyatini raqamlashtirilgan platforma orqali monitoring qilish, ularni faoliyat xususiyatidan kelib chiqib toifalash va har bir toifa uchun aniq boshqaruv mexanizmlarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Shuningdek, davlat korxonalari aksiyalarini ommaviy taklif etish va korporativ obligatsiyalar chiqarish jarayonlarini jadallashtirish, rahbarlarning javobgarligini sug‘urtalash mexanizmlarini joriy etish hamda davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishning yangi strategiyasida aniq maqsad va ko‘rsatkichlarni belgilash tavsiya etildi.
Mazkur choralarning amalga oshirilishi davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirishga hamda korxonalarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada maqbullashtirishga xizmat qiladi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/7f8f3baf-f6f4-aa56-9c1a-0cedc39e389c.png)
Hisob palatasining 2024 yil yakunlari bo‘yicha brifingi
1764
13.01.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_ff8c6fb7e81fe4fbfa8b6af2.jpg)
HUDUDIY IJTIMOIY VA ISHLAB CHIQARISH INFRATUZILMANI RIVOJLANTIRISH DASTURLARI IJROSI TAHLILI NATIJALARI
702
13.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_9d2e8555e6cadb6b1e52c53e.png)
Byudjet ijrosi nazoratini kuchaytirish bo‘yicha yig‘ilish
2424
10.06.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_a73356185a6883498a6d3868.png)
Hisob palatasi 2025 yil yakunlari bo‘yicha hisobotini e’lon qildi
2028
30.04.2026
Hisob palatasida Bosh inspektorlar uchun o‘quv-seminarlar tashkil etildi
1114
03.04.2026