Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

12.04.2026

Innovatsiya sohasi hamda ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyati samaradorlik auditi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida innovatsiya va ilm-fanni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab olindi. Ayniqsa, sanoat tarmoqlarini iqtisodiyot “lokomotivi” sifatida rivojlantirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, tadqiqotlar asosida ishlab chiqilgan 56 ta ilmiy yechimlarning ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etilganligi;


yoshlar texnoparklari orqali 60 mingdan ortiq yoshlarning innovatsion faoliyatga jalb etilgani va 9 ta raqamli platformaning ishga tushirilgani;


jamg‘arma mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 1,2 trln so‘mlik 735 ta ilmiy-tadqiqot ishlarining amalga oshirilganligi mazkur yo‘nalishda muayyan ijobiy natijalar mavjudligini ko‘rsatadi.


Biroq mazkur ijobiy ko‘rsatkichlarga qaramasdan, innovatsiya sohasida natijadorlik va boshqaruv tizimi bilan bog‘liq qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan:


-Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan uzoq muddatli, kelajakka qaratilgan sohaviy strategiyalar yetarli darajada ishlab chiqilmagan. Jumladan, suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi, energetika xavfsizligi, oziq-ovqat ta’minoti va texnologik mustaqillik kabi global ahamiyatga ega yo‘nalishlarda aniq strategiyalarning mavjud emasligi ilmiy tadqiqotlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;


-innovatsion faoliyat sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari ijrosi va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish ishlari yetarli darajada ta’minlanmagan;


-ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtirish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish borasidagi ishlar tizimli tashkil etilmaganligi natijasida xususiy sektor ishtirokining ulushi pastligicha qolmoqda;


-universitet va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni shartnomaviy asosda emas, balki alohida loyihalar doirasida amalga oshirilayotgani mazkur sohada barqaror integratsiyani ta’minlamaydi;


-2025-yilda O‘zbekiston Global innovatsion indeksida 79-o‘rinni egallagan bo‘lib, belgilangan 62-o‘ringa erishilmagan. Ayniqsa, innovatsion natijalar subindeksida pasayish kuzatilishi mamlakatda yaratilgan innovatsiyalarning amaliyotga joriy etilishi va iqtisodiy samara berishi yetarli emasligini ko‘rsatadi;


-ilmiy-tadqiqot loyihalarini shakllantirish va tanlash jarayonlarida shaffoflik yetishmaydi.


Audit jarayonida sohada mavjud bo‘lgan qator xato va kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, tanlov jarayonlarida belgilangan muddatlarga rioya qilinmaganligi, ekspertizalar kechiktirilgani, ayrim holatlarda esa ekspertiza o‘tkazilmasdan ijobiy xulosalar berilgani;


-manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, plagiat darajasi yuqori bo‘lgan loyihalarga ijobiy baho berilishi kabi ilmiy tanlovlar sifatini jiddiy pasaytiradigan holatlar;


-2024–2025 yillarda startap loyihalar uchun tanlovlar e’lon qilinmaganligi va bu yo‘nalishda faollikning keskin pasaygani, shuningdek 2023 yilda moliyalashtirilgan startaplar natijasida tashkil etilgan 95 ta korxonalarning 44,2 foizi bugungi kunda faoliyat yuritmayotgani yoki iqtisodiy natija bermayotgani;


-tartibga ko‘ra ishtirokchi uchun ko‘pi bilan 2 ta loyiha (1 ta to‘liq, 2 ta o‘rindosh) belgilangan bo‘lsada, 65 ta holatda loyiha ijrochilari bir vaqtning o‘zida 4 va undan ortiq loyihalarda ishtirok etgan;


-tijoratlashtirish loyihalarida ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilib, qator korxonalar faoliyat yuritmayotgani ilmiy natijalarni iqtisodiy qiymatga aylantirish mexanizmi samarasiz ishlayotganini ko‘rsatadi.


Bundan tashqari, Ilmiy-texnik kengash tomonidan texnik ekspertiza jarayonlari sifatli tashkil etilmaganligi oqibatida bir xil mavzu va bir xil natijani ko‘zlagan 10 ta loyihalarga 13,3 mlrd so‘m ajratilgan.


Yuqoridagi kabi, sohadagi tizimli muammolarni, xato va kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olish maqsadida Hisob palatasi tomonidan qator tavsiyalar berildi. Xususan:


– uzoq muddatli sohaviy strategiyalarni ishlab chiqish;


– xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;


– ilmiy loyihalarni tanlash va ekspertiza jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish;


– tijoratlashtirish mexanizmlarini kuchaytirish;


– xalqaro tajribani joriy etish;


– yagona integratsiyalashgan raqamli platforma yaratish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish shular jumlasidandir.


Ushbu tavsiyalar ijrosini ta’minlash orqali innovatsiyalarning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, ilmiy natijalarni amaliyotga samarali joriy etish va mamlakatning global innovatsion reytinglardagi o‘rnini yaxshilash imkoniyati yaratiladi.


Audit natijalari bo‘yicha Hisob palatasi mas’ullari bilan muhokamalar o‘tkazilib, amaliy takliflardan iborat ko‘rsatma yuborildi va tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida 34 banddan iborat chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

 


img