Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

18.12.2025

Hisob palatasining faoliyati yangi sifat bosqichiga chiqmoqda

Soʻnggi 2 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi fundamental transformatsiya jarayonlarini bosib oʻtmoqda. Oʻtgan davrda Hisob palatasining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan Davlatimiz Rahbarining 3 ta Farmoni qabul qilindi.

2025 yilning 18 dekabrida yangi hujjat – “Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-252-son) qabul qilindi.


Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan maqsad – mamlakatimizni isloh qilish uchun yoʻnaltirilayotgan byudjet mablagʻlarining samaradorligi, islohotlarning natijadorligi, davlat organlari va tashkilotlarning xarajatlar samaradorligini yanada oshirish, raqamlashtirishni kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash.


Farmon bilan byudjet mablagʻlari ustidan tizimli nazorat oʻrnatish boʻyicha quyidagi tartib nazarda tutilmoqda:


Xitoy, Fransiya, Braziliya, Rossiya, Polsha kabi davlatlar tajribasi asosida byudjetdan yirik mablagʻ oluvchi davlat organlari va tashkilotlarida eksperiment tariqasida Hisob palatasining vakili sifatida “Bosh inspektor” lavozimi joriy etilmoqda.


Bu lavozim 23 ta davlat organida va 14 ta hokimlikda ularning 1 tadan boshqaruv shtat birligini qisqartirish hisobiga 2026 yil 1 apreldan 2030 yil 1 yanvarga qadar tashkil etiladi.


Bosh inspektorning asosiy ustuvor vazifalari: byudjet qonunchiligi buzilishini barvaqt oldini olish; maqsadli indikatorlar ijrosi boʻyicha xavflarni baholash; tashqi qarz hisobidagi loyihalar monitoringi; davlat xaridlari qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatish.


Hisob palatasida Sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya qilish guruhi tashkil etiladi.


Ushbu guruhning vazifasi – raqamli va sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash, katta hajmli maʼlumotlarni (Big Data) qayta ishlash orqali byudjet mablagʻlarining tizimli monitoringini amalga oshirish, ushbu jarayonlarni raqamlashtirish.


Guruh tarkibi raqamli va sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash, dasturiy taʼminotlarni yaratish boʻyicha yetuk va malakali mutaxassislar bilan toʻldiriladi.


Xalqaro miqyosdagi audit jarayonida ishtirok etish imkoniyatini kengaytirishda Hisob palatasiga quyidagi auditni oʻtkazishga ruxsat etilmoqda:


- xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlari murojaatlari, tashabbuslari va texnik topshiriqlari asosida ularning mablagʻlari hisobidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan loyihalarning moliyaviy auditi;


- xalqaro tashkilotlarning tanlovlarida ishtirok etish yoki oʻzaro kelishuvlar orqali ularning faoliyati, loyihalari va dasturlari auditi.


Shuningdek, xorijiy davlatlarning Oliy audit organlari yoki xalqaro audit tashkilotlari bilan:


- oʻz vakolatlari doirasidagi masalalar boʻyicha natijalarini almashish sharti bilan alohida oʻtkaziladigan parallel audit;


- yagona dastur asosida oʻz vakolatlari doirasidagi masalalar boʻyicha birgalikda oʻtkaziladigan va yagona yakuniy hujjat qabul qilinadigan qoʻshma audit;


atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish sohasida davlat dasturlari, qonunchilik va boshqaruv jarayonlarining samaradorligi, qonuniyligi hamda maqsadga muvofiqligi;


tashqi qarz mablagʻi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini shakllantirishdan boshlab yakuniy natijaga erishilgunga qadar barcha jarayonlarning monitoringi va samaradorligi;


infratuzilma, xususan avtomobil yoʻllari, suv taʼminoti, energetika va ijtimoiy sohalarda amalga oshiriladigan yirik loyihalar samaradorligi.


Yuqoridagilardan koʻzlangan maqsad – oʻtkaziladigan har bir auditda asosiy eʼtiborni kamchiliklarni oldini olish va tizimli muammolar yechimiga doir aniq taklif hamda xulosalar tayyorlash.


Ilgʻor xorijiy tajriba asosida Hisob palatasining oʻrta muddatga moʻljallangan rivojlanish strategiyasi qabul qilinadi.


Bunda, mazkur strategiyada quyidagilarni belgilashga alohida eʼtibor qaratiladi:


- xalqaro standartlar va xorijiy tajribalar asosida mamlakatimizda milliy davlat auditi asoslarini shakllantirish va yoʻnalishlarini belgilash;


- Hisob palatasining faoliyatida strategik boshqaruvni, davlat auditining xalqaro standartlari va sifat nazoratini toʻliq joriy qilish;


- Hisob palatasining faoliyatining mustaqilligi, ochiqligi va samaradorligini oshirish;


2026–2027 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida davlat auditi taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash boʻyicha Audit oliy maktabi tashkil etilmoqda.


Yuqorida qabul qilingan yangi tartiblar, shubhasiz, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyatini ilgʻor xalqaro andozalar darajasida transformatsiya qilish imkonini beradi. Bu esa, mamlakatimizda inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan davlat moliyaviy nazorati tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.


Hujjatni *.pdf formatida yuklab olish


img