17.05.2026
Veterinariya va chorvachilik sohasida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar: Muammolar va yechimlar
O‘zbekistonda veterinariya va chorvachilik sohasini modernizatsiya qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda eksport salohiyatini kuchaytirish maqsadida xalqaro moliya institutlari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda sohada umumiy qiymati 568 mln dollarlik 3 ta yirik loyiha ijrosi davom etmoqda.

Mazkur loyihalar Jahon banki, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) hamda IFAD kabi xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Loyihalarning asosiy maqsadi sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, fermer va chorvachilik xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda qishloq aholisi bandligini ta’minlashdan iborat.
Hisob palatasi tomonidan mazkur sohada amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasida faoliyatda bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligi qayd etildi.
➢ Mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi past
2025-yil 1-dekabr holatiga loyihalar doirasida 386,3 mln AQSH dollari qiymatidagi qarz bitimlari imzolangan bo‘lsa-da, shundan atigi 173,9 mln dollari yoki 45 foizi o‘zlashtirilgan. Jumladan:
• “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasida — 66 foiz;
• “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasida — 42 foiz;
• “Sutchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish” loyihasida esa atigi 0,2 foiz mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Bu holat loyihalarni amalga oshirishdagi sustkashlik, tender jarayonlarining kechikishi va mas’ul idoralar o‘rtasida muvofiqlashtirish ishlari yetarli emasligini ko‘rsatadi.
➢ Amalga oshirilmagan tadbirlar va kechikayotgan loyihalar
Jahon banki ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida 74,5 mln AQSH dollari qiymatidagi chora-tadbirlarning aksariyati belgilangan muddatlarda bajarilmagan. Xususan:
• 10 ta ilmiy tadqiqot institutlarini modernizatsiya qilish;
• 500 ta konteyner tipidagi ofis va 900 ta vaksina sovutkichlarini xarid qilish;
• bojxona laboratoriyalari va karantin fermalarini tashkil etish ishlari kechikkan.
Ayrim tender jarayonlari 430 kungacha kechikkan.
Masalan, vaksina saqlash uchun sovutkich uskunalarini xarid qilish bo‘yicha tender 2024-yil sentabrda yakunlanishi kerak bo‘lgan bo‘lsa-da, hozirgacha tugallanmagan.
➢ Samarasiz xarajatlar va noto‘g‘ri rejalashtirish
O‘rganishlarda eng jiddiy kamchiliklardan biri sifatida chorva mollarini identifikatsiya qilish tizimidagi muammolar qayd etildi. Loyiha doirasida 20 mln dona birka xarid qilish uchun 20 mln dollarlik shartnoma tuzilgan. Biroq:
• dasturiy ta’minot hali yaratilmagan;
• planshetlar xarid qilinmagan;
• infratuzilma tayyor emas.
Natijada keltirilgan birkalarning bir qismi samarasiz sarflanmoqda. Shu bilan birga, bozorda aynan shu turdagi birkalar ancha arzon narxda taklif qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha doirasida xarid qilinayotgan birkalar bozor narxidan qariyb 98,6 mlrd so‘mga qimmat baholangan.
➢ Loyiha mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish holatlari
Epidemiologik nazoratni kuchaytirish maqsadida xarid qilingan 13 ta “Geely Coolray” xizmat avtomashinalari amalda epizootolog mutaxassislarga emas, balki hududiy rahbarlar xizmati uchun ishlatilayotgani aniqlangan.
Bu esa loyihalarda maqsadli xarajatlar ustidan nazorat mexanizmi yetarli emasligini ko‘rsatadi.
➢ Kredit mablag‘lari samaradorligi past
Tijorat banklari orqali 638 ta korxonaga 146,4 mln dollarlik kredit ajratilgan. Biroq tahlillar shuni ko‘rsatdiki:
• 94 ta korxona kredit olgan bo‘lsa-da, mahsulot ishlab chiqarmagan;
• 467 ta korxona biznes-rejada ko‘rsatilgan ish o‘rinlarini yaratmagan;
• ayrim holatlarda kredit olgan korxonalarda ishchilar soni hatto kamaygan.
Bu holatlar biznes-rejalarni baholash tizimi zaifligini, monitoring va nazorat yetarli emasligini hamda kredit samaradorligini baholash mexanizmlari ishlamayotganini anglatadi.
➢ Asosiy muammolar
Tahlillarga ko‘ra, sohada quyidagi tizimli kamchiliklar mavjud:
• tender jarayonlarining cho‘zilishi;
• raqamli boshqaruv tizimlari yetarli emasligi;
• mas’ul tashkilotlar o‘rtasida muvofiqlashtirish pastligi;
• mablag‘larni o‘zlashtirishda sustkashlik;
• loyihalar monitoringi samarasizligi;
• inson resurslarini noto‘g‘ri taqsimlash;
• iqtisodiy samaradorlik tahlili yetarli emasligi.
Audit natijalariga ko‘ra, qayd etilgan muammolarni bartaraf etish va loyiha samaradorligini oshirish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar taklif etildi. Xususan:
✓ loyihalarning barcha jarayonlarini yagona raqamli platformaga o‘tkazish va onlayn monitoring tizimini joriy etish;
✓ tender jarayonlarini soddalashtirish va muddatlarni qat’iy nazorat qilish;
✓ kredit ajratishda biznes-rejalarni chuqur tahlil qilish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini baholash hamda ish o‘rinlari yaratilishini avtomatik monitoring qilish tizimini joriy etish;
✓ subsidiya va kompensatsiya ajratish shartlarini yengillashtirish orqali fermer va tadbirkorlarning loyihalarda ishtirokini kengaytirish;
✓ loyihalarda mas’ul xodimlarning bir vaqtning o‘zida bir nechta loyihada ishlashiga cheklov qo‘yish va shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish kabi takliflar muhim ahamiyatga ega.
Umuman xulosa qilib aytganda, veterinariya va chorvachilik sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi, eksport salohiyati va qishloq aholisi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Biroq mablag‘larni o‘z vaqtida va samarali o‘zlashtirish, loyihalarni manzilli amalga oshirish hamda shaffoflikni ta’minlash sohadagi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Aks holda, jalb qilingan tashqi qarz mablag‘larining iqtisodiy samaradorligi past bo‘lib, davlat byudjetiga ortiqcha yuk tushishiga olib kelishi mumkin. Shu bois, loyihalarni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, raqamlashtirish va natijaviylikka asoslangan nazorat mexanizmlarini kuchaytirish ustuvor vazifaga aylanishi lozim.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/fbcf64f7-0444-c01a-bd7a-98fdaf65f692.jpg)
Rossiya Federatsiyasi Hisob palatasi asos solinganining 30-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar
1120
16.01.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_59f9fe201a2ae32278204101.png)
Latviya Oliy audit organi vakillari Valentin Persans va Zane Vintere: Auditni raqamlashtirish istiqbollari haqida
123
24.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_dae02bdf9af049ba9d4d653e.jpg)
O‘zbekiston Hisob palatasi vakillari Minsk shahridagi xalqaro seminarda ishtirok etdi
47
02.06.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_a7786e9339ab99836588f9b7.jpg)
Jahon banki bilan natijaga asoslangan moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi
1788
07.05.2025
Qozog‘iston Respublikasi Oliy audit palatasi delegatsiyasi Hisob palatasiga tashrif buyurdi
269
04.03.2026