Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

13.02.2025

Yirik korxonalarda xavflarni boshqarish sohasidagi tahlilarga bag'ishlangan amaliy seminar

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik korxonalarda xalqaro standartlar asosida o‘tkaziladigan audit turlari, “Masofaviy audit” АTdan foydalanish imkoniyatlari hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini samarali boshqarish omillari” mavzusiga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Hisob palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tashkil etildi. Seminarda yirik korxonalar rahbarlari, ichki audit, moliya-iqtisod, komplaens nazorati va xavflarni boshqarish bo‘linmalari boshliqlari ishtirok etdi.

 

Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Mehriddin Аbdullaev ushbu idorada amalga oshirilayotgan transformatsion jarayonlarga urg‘u berdi. Taʼkidlanganidek, joriy yilning 20-yanvar kuni Davlat rahbari huzurida Hisob palatasi faoliyati bilan bog‘liq yig‘ilishda hamda 2024-yil 10-iyulda qabul qilingan “Budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmon bilan Hisob palatasining ustuvor vazifalari Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan.

 

2025-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy va boshqa xavflarni oldini olish uchun davlat idoralari va ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida Xavflarni boshqarish qo‘mitalari tuzish belgilangan.

 

Ularning asosiy vazifalari tizim faoliyatida aniqlangan muammo va kamchiliklarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, ularning oldini olish yuzasidan tahliliy axborotlar va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, shuningdek kadrlar salohiyatini oshirishdan iborat.

 

M. Аbdullaev topshiriqlar ijrosining birinchi qadami sifatida Hisob palatasi ham o‘z faoliyatiga chuqur o‘zgartirishlar kiritib, nazorat tadbirlarida faqat xato-kamchiliklarni aniqlash emas, balki tashqi auditga eʼtibor qaratgan holda nazorat obyektidagi tizimli muammolarni o‘rganish va ularning yechimini topishga intilayotganini taʼkidladi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Аkmal Burxanov o‘z taqdimotida bugungi kunda Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotga putur yetkazuvchi korrupsiya illatining oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaviy omillarga chek qo‘yishga qaratilgan tizimli, maqsadli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotganligiga eʼtibor qaratdi.

 

Xususan, joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 117 ta davlat tashkilotida 1285 nafar shtat birligida iborat ichki nazorat tuzilmalari faoliyati joriy etilgan, 190 ta davlat idoralari va davlat ishtirokidagi korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi yaratildi.

 

Har bir davlat tashkiloti kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati belgilanib, unda tashkilot xodimlarining etika qoidasi va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, baholash va ularni minimallashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitish va xabardorlik darajasini oshirish bo‘yicha mexanizmlar joriy etildi.

 

Tadbir doirasida Hisob palatasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida o‘zaro Hamkorlik to‘g‘risida memorandum va uning doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi imzolandi.

 

Hamkorlik doirasida birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tizimini samarali faoliyat ko‘rsatishini taʼminlash, axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida idoralararo maʼlumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, davlat xaridlari sohasida qonunchilik ijrosini taʼminlash, tahliliy maʼlumotlar tayerlash va o‘zaro almashish nazarda tutilgan.

 

Tadbirda xorijiy hamkorlar ham ishtirok etdi. Xususan, “Ernst&Young” kompaniyasining O‘zbekistondagi biznes konsalting departamenti direktori Аsqar Obidov “O‘zsuvtaʼminot” АJning moliyaviy va operatsion samaradorligini oshirish bo‘yicha taqdimot qildi.

 

Seminarda, shuningdek, qator muhim tematik yo‘nalishlarda taqdimotlar tinglandi. Jumladan, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik korxonalarda xalqaro standartlar asosida o‘tkaziladigan audit turlari, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun bilan o‘rnatilgan talablar va mexanizmlarni samarali joriy etish, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, kapital qurilish ishlarini amalga oshirish tartiblari, biznes-rejalarni ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.

 

Masofaviy auditni zamonaviy axborot texnologiyalari vositasida keng ko‘lamda qo‘llash, Hisob palatasining “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi hamda vazirlik va idoralarning ushbu dasturga integratsiyasi samaradorligiga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Hisob palatasi tomonidan yirik korxonalarga quyidagi yo‘nalishlar belgilandi:

 

 xaridlarni amalga oshirishda davlat xaridlari sohasidagi qonunchilikda belgalangan talablarga qatʼiy rioya qilish;

 

 operatsion samaradorlikni oshirish, avvalambor ishlab chiqarish tan narxini va operatsion xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha tizimli va taʼsirchan choralar ko‘rish, ishlab chiqarish jarayonlarni raqamlashtirish orqali mehnat unumdorligini oshirish;

 

 investitsion xarajatlar, jumladan, obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlashda xarajatlar bo‘yicha qaror qabul qilganda tejamkorlik, samaradorlik va natijadorlik tamoyillarga qatʼiy rioya qilish;

 

 xalqaro standartlar asosida kamida yarim yillik moliyaviy hisobotlarni tuzish, bunda masʼul mutaxassislarni “АSSА” kabi xalqaro sertifikatlarga o‘qitish orqali hisobodorlik tizimini samaradorligini oshirish;

 

 risklarni boshqarish tizimini keng joriy etib, moliyaviy, iqtisodiy xavfsizlikka oid xavf-xatarlarni oldindan tahlil qilish va ularni salbiy oqibitalarini minimallashtirish;

 

 taʼsirchan ichki nazorat va audit tizimini kuchaytirish orqali korxonlarning strategik maqsadlariga erishishga ko‘maklashish.

 

Tadbir so‘ngida spikerlar tomonidan “tejamkorlik va barqarorlikni taʼminlash” tamoyilining ahamiyati alohida taʼkidlandi. Barcha ishtirokchilardan mablag‘lardan samarali foydalanish va maqsadsiz xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik, ijro intizomiga amal qilish va qonunbuzilish holatlarini oldini olish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga daʼvat qilindi.

 

Interaktiv o‘tgan tadbirda yirik korxonalarning xarajatlar samaradorligini oshirish, sohadagi tizimli muammolar tahlili, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ko‘plab innovatsion yechimlar kun tartibidan o‘rin oldi.


img-0
img-1