2026-yil 16–17-sentabr kunlari Sloveniyaning Bled shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev va Sloveniya Respublikasi Oliy audit organi rahbari Jana Ahchin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
15.09.2026
O‘zbekiston va Sloveniya Oliy audit organlari o‘rtasida yangi hamkorlik loyihalari belgilandi

Muloqot davomida ikki mamlakat Oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, davlat auditini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, auditorlar malakasini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni O‘zbekistonda joriy etish masalalari muhokama qilindi.
M. Abdullaev Sloveniya tomonining O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini yuqori baholab, O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. Qayd etilganidek, joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar ikki Oliy audit organi o‘rtasidagi professional muloqotni yanada faollashtirishga xizmat qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida amalga oshirilayotgan institutsional va raqamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, Hisob palatasi faoliyati an’anaviy moliyaviy tekshiruvlar bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlarga asoslangan zamonaviy davlat auditi tizimiga bosqichma-bosqich o‘tmoqda. Moliyaviy, muvofiqlik va samaradorlik auditi bilan bir qatorda strategik audit hamda IT-audit yo‘nalishlari bo‘yicha metodologiyalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, davlat mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash, moliyaviy xato va qonunbuzilishlarning oldini olish, risklarni oldindan aniqlash hamda profilaktik nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-iyuldagi “Davlat auditi faoliyatida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-123-son Farmoni doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Mazkur hujjat bilan davlat auditi tizimini modernizatsiya qilish, Hisob palatasi faoliyatiga zamonaviy raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, masofaviy audit va intellektual risk-tahlil mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.
Shuningdek, Hisob palatasida “Sun’iy intellekt laboratoriyasi”ni tashkil etish, “HP-AI audit assistant”, “Davlat xarajatlari skoringi”, “Auditni boshqarish” kabi zamonaviy modul va axborot tizimlarini joriy etish, davlat organlarining budjet intizomi reytingini yuritish nazarda tutilgan.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Sloveniya Oliy audit organi o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ham belgilab olindi.
Xususan, 2026-yil dekabr oyida o‘zini o‘zi baholash va IT-audit yo‘nalishlarida onlayn o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan. O‘quv dasturlari Sloveniya tomoni bilan kelishiladi hamda yakunda tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalari baholanadi.
Shuningdek, 2027-yilda qo‘shma audit tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha ishlarni boshlash belgilandi. Bunda audit mavzusi, qamrovi va muddatlarini kelishish, audit dasturi va ma’lumot almashish tartibini nazarda tutuvchi hamkorlik bayonnomasini imzolash, qo‘shma audit guruhini shakllantirish hamda yakuniy xulosani tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Sloveniyaning Lyublyana shahrida Hisob palatasi xodimlarining kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. O‘quv kurslari o‘zini o‘zi baholash metodologiyasi, audit jarayonlarini raqamlashtirish va auditda sun’iy intellektdan foydalanish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Jumladan, Sloveniyaning “Election Guardian” tajribasini o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi.
Sloveniya tajribasi va INTOSAI uslubiyoti asosida Hisob palatasida o‘zini o‘zi baholash metodologiyasini joriy etish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Buning uchun baholash tartibi va mezonlari ishlab chiqilib, maxsus baholash guruhi shakllantiriladi hamda birinchi baholash o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.
IT-audit yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha ham amaliy ishlar belgilandi. Jumladan, o‘quv natijalari asosida IT-audit bo‘yicha uslubiy qo‘llanma loyihasini tayyorlash, IT-auditorlar guruhini shakllantirish hamda kamida bitta davlat axborot tizimida pilot IT-audit o‘tkazish rejalashtirilgan.
Muloqotda, shuningdek, “Vishеgrad 4+2” formati doirasida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining mazkur muloqot maydoniga qo‘shilishi davlat auditi sohasida Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari Oliy audit organlari bilan tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirishi ta’kidlandi.
Tomonlar raqamli audit, sun’iy intellekt texnologiyalaridan audit jarayonlarida foydalanish, qo‘shma auditlar o‘tkazish, auditorlar malakasini oshirish hamda professional tajriba almashish yo‘nalishlarida hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Sloveniya Respublikasi Oliy audit organi o‘rtasidagi professional muloqotni yanada kengaytirish va erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_345d86629c4439ff256c5604.jpg)
Qashqadaryo viloyatiga Hisob palatasi vakili — Bosh inspektor tayinlandi
860
29.04.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_0f843ff89edee2bc1d73beb4.jpg)
Hisob palatasi tashqi mehnat migratsiyasi sohasida audit o‘tkazdi
1793
01.02.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_3a981414509e573e1aeafe2b.png)
Bangladesh Xalq Respublikasi delegatsiyasi: — “Biz Bangladesh va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yanada mustahkamlanishiga ishonamiz”
832
26.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_402babd323ce71f3d26c3149.jpg)
Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish Strategiyasining ijrosi
2512
19.09.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_169a8b0a1ceeeafb885f801d.jpg)
O‘zbekistonda yirik energetika quvvatlari ishga tushirildi va navbatdagilarining qurilishi boshlandi
3212
04.12.2025