Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

01.02.2026

Hisob palatasi tashqi mehnat migratsiyasi sohasida audit o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan Migratsiya agentligining tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi faoliyati hamda mazkur yo‘nalishga yo‘naltirilgan mablag‘lar samaradorligi yuzasidan tashqi audit o‘tkazildi.

Audit jarayonida so‘nggi yillarda tashqi mehnat migratsiyasida ishtirok etayotgan fuqarolar soni barqaror kamayib borgani, shu bilan birga mehnat migratsiyasi yo‘nalishlari diversifikatsiya qilingani qayd etildi. Xususan, migratsiya geografiyasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilib, an’anaviy yo‘nalishlar ulushi pasaygan, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq davlatlari bilan hamkorlik kengaygan.


Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy davlatlar bilan hukumatlararo kelishuvlar doirasida ishga joylashish kanallari kengaytirilgan bo‘lib, Germaniya, Kuvayt, Fransiya, Janubiy Koreya, Italiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Shvetsiya kabi davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.


Shu bilan birga, audit davomida Agentlik tomonidan xorijga vaqtincha mehnat faoliyatiga yuborilayotgan fuqarolar hisobi, axborot tizimlaridagi ma’lumotlar ishonchliligi hamda ishga joylashtirish jarayonlarini tashkil etishda qator muammolar mavjudligi aniqlandi. Ayrim holatlarda xorijga chiqmagan fuqarolar axborot tizimlarida mehnat migrantlari sifatida hisobga olingani qayd etildi.


Agentlik va uning xorijdagi vakolatxonalari tomonidan fuqarolarga huquqiy, ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ish o‘rinlarini aniqlash hamda fuqarolarni tashkillashtirilgan tarzda xorijga ishga joylashtirish samaradorligi yetarli darajada ta’minlanmagan.


Shuningdek, xorijga ishga yuborish xizmati uchun to‘lovlar undirilib, biroq amalda ishga joylashtirilmagan fuqarolar bo‘yicha qaytarilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar shakllangani aniqlandi.


Audit natijalariga ko‘ra, tashqi mehnat migratsiyasi sohasi boshqaruv tizimida manfaatlar to‘qnashuvi xavfi mavjud ekani, xususiy bandlik xizmatlari rivoji hamda sog‘lom raqobat uchun yetarli shart-sharoitlar to‘liq shakllanmagani qayd etildi.


Shuningdek, talabalarni mavsumiy ishlarga yuborish bilan bog‘liq dasturlar ustidan monitoring va nazorat mexanizmlarining cheklangani ham mehnat huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini qisqartirmoqda.


Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tashqi mehnat migratsiyasini boshqarishda ilmiy asoslangan tahlil va o‘rta hamda uzoq muddatli prognozlar yetarli darajada ishlab chiqilmagan. Demografik jarayonlar, ta’lim tizimi va tashqi mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlikni inobatga olgan holda istiqbolli rejalashtirish zarurati mavjud.


O‘tkazilgan tashqi audit yakuni bo‘yicha Hisob palatasi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, hisob va nazorat tizimini takomillashtirish, axborot bazalarini ishonchli qilish hamda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

img