O‘zbekiston – Turkiya Oliy audit organlari munosabatlari yanada mustahkamlandi
Joriy yilning 5 may kuni Turkiya Hisob sudi (Oliy audit organi) rahbari Metin Yener boshchiligidagi delegasiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – idoralar o‘rtasida davlat tashqi auditi sohasida tajriba almashish, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash.

Ma'lumot o‘rnida: Turkiya Respublikasi Hisob sudi (turk tilida Sayıştay) – mamlakatning Oliy moliyaviy nazorat organi hisoblanadi. U 1862 yilda Usmoniylar imperiyasi davrida tashkil etilgan. Idora Buyuk Millat Majlisi (Parlament) nomidan davlat daromadlari va xarajatlarini auditdan o‘tkazib, davlat boshqaruvi mulklarini tekshirish uchun javobgardir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya Oliy audit organlari o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib kelmoqda. 2024 yilda Anqara shahrida idoralar o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Bu tashrif Turkiya Hisob sudi rahbarining O‘zbekistonga ilk tashrifi sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Mehriddin Abdullaev ikki davlat yetakchilari va xalqlarining siyosiy irodasi va xohishi bilan o‘zaro munosabatlar Strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilganini ta'kidladi. Bugungi kunga kelib O‘zbekiston va Turkiya Oliy audit organlari ham ikki tomonlama, ham xalqaro tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgani aytildi.
Turkiya delegatsiyasi a'zolariga Hisob palatasi tomonidan audit jarayonlarida axborot texnologiyalaridan foydalanish va raqamlashtirish, davlat byudjeti xarajat va daromadlari auditi sohalarida amalga oshirilayotgan transformasiya jarayonlari haqida ma'lumot berildi.
Turkiya Hisob sudi tomonidan ushbu idoraning professional faoliyati haqida taqdimot qilindi. So‘ng mehmonlar Hisob palatasining Masofaviy nazorat markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tomonlar o‘zaro audit tajribasini birlashtirish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va barqaror rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Ular o‘rtasida tashqi davlat auditi, xalqaro audit standartlari (ISSAI)ni joriy qilish, IT-audit sohalarida o‘zaro tajribani o‘rganish tizimli amalga oshirilishi muhimligi qayd etildi.
Idoralar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklifi ma'qullandi. Qolaversa, Turkiya Hisob sudida har yili O‘zbekiston Hisob palatasining 5-10 nafar auditorlari uchun maqsadli mavzular bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari va treninglar tashkil qilish g‘oyasi qabul qilindi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston – Turkiya Oliy audit organlari Maslahatlashuv kengashiga asos solindi. Shu bilan birga, ikki idora o‘rtasida Hamkorlik bo‘yicha 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Ushbu Maslahatlashuv kengashning ilk yig‘ilishini keyingi yil Istambulda o‘tkazishga kelishildi.
Toshkent shahridagi uchrashuv ikki mamlakat Oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi sahifasini ochib berdi.
Turkiya delegatsiyasi, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi Turkshunoslik Oliy maktabiga tashrif buyurdi. Mehmonlar ushbu dargohda turk tili va madaniyatini ilmiy va uslubiy o‘rganish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Turkiya Hisob sudi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda. Delegatsiya a'zolari Urganch, Xiva, Samarqand, G‘ijduvon va Buxoro shaharlariga tashrif buyuradi.


Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_4ece089f0a595867d3bef327.jpg)
Sergeli tumanida raqamlashtirish boʻyicha ishlar haqida maʼlumot berildi
03.07.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_176288dd274399c845598a28.jpg)
Hisob palatasi auditi natijalari muhokama qilindi: kamchiliklarni bartaraf etish va tizimni takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi
26.04.2026
Toshkentda Davlat auditini raqamlashtirish va sun’iy intellektga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tantanali ravishda ochildi
21.05.2026
Ozarbayjon Hisob palatasi vakili Toshkentdagi xalqaro konferensiya va ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yuqori baholadi
23.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_550c54469e351ab22bfbb2c9.jpg)
Aviatsiya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan aviakompaniyalar faoliyati auditi
06.04.2026