Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

15.11.2025

O‘zbekiston Prezidenti yangi formatdagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari K. Imnadze ishtirok etdi.


Unda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda ustuvor sohalarda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.


Sammit avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a'zo sifatida qo‘shilganini mamnuniyat bilan e'lon qildi. 

– Mohiyatan biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etmoqdamiz, hamkorlikning yagona makonini shakllantirishga yo‘l ochmoqdamiz. Bu ikki mintaqaning strategik bog‘liqligi va barqarorligini kuchaytirishi shubhasiz, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoev.


So‘ng O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda mintaqada amalga oshirilayotgan integratsiya jarayonlarini qisqacha tahlil qildi. 


Hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi, chegara punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, transport aloqalari qayta tiklandi, faol savdo-investisiyaviy va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratildi.


Mintaqa jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashmoqda: investisiyaviy jozibadorlik oshmoqda, uchinchi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari kengaymoqda, tranzit salohiyati o‘smoqda. O‘tgan yili mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard dollarga yetdi, Markaziy Osiyoga kiritilgan investisiyalarning umumiy hajmi 17 foizga ko‘paydi.


Mintaqaning xalqaro munosabatlar sub'ekti sifatidagi mavqei mustahkamlanib, global masalalardagi roli ortib bormoqda, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi munosabatlar kuchaymoqda, mintaqa nufuzli xalqaro maydonlarda yagona pozisiya bilan maydonga chiqmoqda.


Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.


Avvalo, bugungi uchrashuvlarni mintaqaviy muloqotning maslahatlashuv shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirish taklif qilindi. Maslahat uchrashuvlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish, navbatma-navbat ishlaydigan Kotibiyatni ta'sis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlarning maxsus vakillari darajasiga ko‘tarish bu boradagi dastlabki qadamlar bo‘lishi mumkinligi ta'kidlandi.


Shuningdek, Prezidentimiz boy hayotiy tajribaga ega, obro‘-e'tiborli jamoat arboblaridan iborat Oqsoqollar kengashini tuzish tashabbusini ilgari surdi, bu avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni, shuningdek, umummintaqaviy hamjihatlik va o‘ziga xoslikni mustahkamlashga xizmat qiladi.


Bundan tashqari, mintaqada yagona investisiya muhitini shakllantirish uchun Umumiy investisiya makoni to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilish zarurligi qayd etildi.

Mintaqaning yuqori texnologik infratuzilmasi va transport-logistika salohiyatini birgalikda rivojlantirish mintaqa kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta'kidlandi.


img-0
img-1img-2