Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

11.05.2026

SUV RESURSLARINI BOSHQARISH VA IRRIGATSIYA SEKTORINI RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA BELGILANGAN VAZIFALAR IJROSI TAHLILI

Hisob palatasi tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi masofaviy tarzda tahlil qilindi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy yordamlar berildi.

Ta’kidlash joizki, sohada so‘nggi yillarda keng ko‘lamda islohotlar olib borilmoqda. Xususan:


– Suv xo‘jaligi vazirligi “suv hisobi” va “xavfni tahlil qilish” axborot tizimlari “Reestr.uz”da ro‘yxatdan o‘tkazilib, respublika miqyosida joriy etildi.


– Axborot tizimlari “Raqamli hukumat” idoralararo platformaga integratsiya qilinib, “Yagona integrator Uzinfocom” MCHJ bilan bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.


Ma’lumot uchun: hozirda 14 yo‘nalishda tizimlararo ma’lumot almashish, Sirdaryodagi pilot loyiha doirasida suv iste’molini planshetlarda “Suv hisobi” axborot tizimida yuritish yo‘lga qo‘yildi. Suv iste’molchisini (shaxsni) Adliya vazirligi ma’lumot bazasi yordamida yuzidan tanish (FaceID) va tasdiqlash mexanizmi joriy etildi.


– Kadastr agentligi “UZCAD” axborot tizimidan fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer kadastr raqamlari hamda Soliq qo‘mitasi tizimidan soliq to‘lovchilar bazasi bo‘yicha ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yildi.


Respublikadagi 83 ta suv ombori, 1 779 ta nasos stansiya, 4 498 ta sug‘orish qudug‘i, 13 606 ta kanal, 45 ta daryo va soylar, 344 ta gidrouzel, 8 712 ta kollektor tarmog‘i va 28 434 ta kuzatuv quduqlari to‘g‘risida raqamli pasport shakllantirildi.


– “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi “xavfni tahlil qilish” axborot tizimi Biznes-vakil platformasiga integratsiya qilinib, suvdan foydalanishni tekshirishlarni ro‘yxatga olish va natijalariga oid hujjatlarni tizimda shakllantirish yo‘lga qo‘yildi.


– Elektr energiya iste’molini monitoring qilish uchun “nasos stansiyalari” axborot tizimi “HET billing” tizimiga integratsiya qilinib, nasos stansiya va tik quduqlardagi ASKUE hisoblagichlardan ma’lumotlarni onlayn rejimda vazirlikka uzatish yo‘lga qo‘yildi.


Asosiy suv manbalaridan suv sarfini real vaqt rejimida aniqlash imkonini beruvchi 322 ta transchegaraviy va 28 ta viloyatlararo nuqtalar qurilmalarini o‘rnatish uchun gidropostlar va ularda o‘rnatilgan uskunalar xatlovdan o‘tkazilib, transchegaraviy va viloyatlararo gidropostlarning texnik xususiyati va parametri bo‘yicha ma’lumotlar shakllantirildi.


Vazirlik va “N-Com Central Asia” MChJ ishchi guruhi joriy yilning yanvar oyida takroran joylarga chiqqan holda 231 ta transchegaraviy gidropostlarning texnik holatini o‘rgandi.


Olib borilgan ijobiy ishlar bilan birga, belgilangan vazifalar ijrosida quyidagi ayrim muammolar va kamchiliklar mavjudligi qayd etildi:


Respublika chegaralarida olinayotgan suv sarfini real vaqtda aniqlovchi 350 ta qurilmalarni o‘rnatish nuqtalari to‘liq shakllantirilmagani uchun xarid qilish va o‘rnatish bo‘yicha tender e’lon qilinmagan.


Loyihaning texnik hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan va “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi”ga ekspertizaga kiritilmagan.


Vazirlik 10 ta axborot tizimini ishlab chiqish hamda ularni yagona platformaga joylashtirish bo‘yicha ishlarni juda sust olib bormoqda.


Ishlab chiqilgan axborot tizimlarini 14 ta vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilish ishlari 7 tasida bajarilgan, texnik hujjatlari “Kiberxavfsizlik markazi” ekspertizasidan o‘tkazilmagani uchun qolganlarida ishlar bajarilmagan.


Shu bilan birga, ishga tushirilgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar intellektual mulk obyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

Axborot tizimiga kiritilgan 10 058 ta elektr hisoblash qurilmalardan bugungi kunga qadar 1 300 tasi “HET” bazasiga integratsiya qilinmagan.


Tumanlararo 1 895 ta nuqtalardan 1 704 tasida o‘rnatilgan “aqlli suv” uskunalarni takomillashtirish (suv tezligini o‘lchamaydi) zarur hisoblanadi.


Vazirlikda “aqlli suv” qurilmalari va nasos stansiyalari ma’lumotlar bazasini shakllantiradigan data mwr.uz dasturi ishlamayotgani uchun “nasos stansiyalari” axborot tizimiga elektr va suv hisoblagichlardan ma’lumot uzatilmayapti.


43 ta suv omborlariga qurilmalar o‘rnatilgan bo‘lsada, “suv xo‘jaligi obyektlari” dasturi hali tayyor bo‘lmagani uchun ulardan foydalanilmayapti.


Tahlillar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga quyidagi taklif va tavsiyalar berildi:


-Respublika chegaralarida olinayotgan suv sarfini real vaqt rejimida aniqlash imkonini beruvchi 350 ta qurilmalarni o‘rnatish nuqtalarini to‘liq shakllantirish;


-2026-yil 1-iyulga qadar qurilmalarni xarid qilish, ishga tushirish va mavjud axborot tizimlariga integratsiya qilish ishlarini yakunlash;


-yirik 14 ta suv omborlarida 71,2 km optik tolali aloqa kabel o‘rnatish ishlarini yakunlash;


-2026-yil 1-sentabrga qadar amaldagi tajribadan kelib chiqib, 2-bosqichda o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 1 895 ta tumanlararo nuqtalarda takomillashtirilgan suv o‘lchash uskunasini to‘liq o‘rnatilishini ta’minlash;


-Qurilmalarni o‘rnatilishini tashkillashtirish, markaz bilan integratsiyalashuv jarayonlarini tezlashtirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligining mas’ullari boshchiligida hududlarda ishchi guruhlar tashkil qilish;


-Axborot tizimiga integratsiya qilinmagan 1 300 ta elektr hisoblash qurilmalarining 782 tasida aloqa sifatini yaxshilash, 97 tasini ta’mirlash hamda 421 tasini yangisiga almashtirish kabi takliflarni qayd etib o‘tish mumkin.


Yuqorida qayd etilgan muammolar va kamchiliklar, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar Prezident Administratsiyasiga kiritildi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishliligi bo‘yicha vazirlik va idoralarga vazifalar belgilandi.

img