29.06.2026
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tashqi audit va baholashdan o‘tkazildi
Hisob palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 167-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasiga asosan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot tashqi audit va baholashdan o‘tkazildi.

Tashqi audit va baholash ishlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, G‘aznachilik qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank hamda boshqa tegishli tashkilotlarning ma’lumotlari asosida amalga oshirildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, davlat budjeti daromadlari 2025-yilda 359,8 trln so‘mni tashkil etib (YAIMga nisbatan 19,4 foiz), 2024-yilga nisbatan 131,1 foizga oshgan.
Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalaridan respublika budjetiga 112,2 mlrd so‘mlik soliqsiz to‘lovlar ajratma qilinmagan.
Soliq qarzi 53,3 trln so‘mni tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 8,1 trln so‘mga yoki 18 foizga oshgan. Shuningdek, yil davomida 9,4 trln so‘m umidsiz soliq qarzlari hisobdan chiqarilgan.
Ortiqcha to‘langan soliq summasi 13,1 trln so‘mni tashkil etgan.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 120,1 trln so‘mlik soliq va 57,6 trln so‘mlik bojxona imtiyozlaridan foydalanilgan.
Davlat budjeti xarajatlari 2025-yilda 383,9 trln so‘mni tashkil etib (YAIMga nisbatan 20,8 foiz), 2024-yilga nisbatan 123,5 foizga oshgan.
Jumladan, ijtimoiy xarajatlarga 180,4 trln so‘m (jami xarajatning 47 foizi), ta’limga – 84,2 trln so‘m (o‘sish – 118,1%), sog‘liqni saqlashga – 43,3 trln so‘m (o‘sish – 120,1%) mablag‘ yo‘naltirilgan.
Davlat qarzlariga xizmat ko‘rsatish va qoplash uchun 18,1 trln so‘m xarajat qilingan (2024-yilga nisbatan 124,8 foizga oshgan).
Hisobotga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga Davlat budjeti taqchilligi 24 151,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Davlat maqsadli jamg‘armalarining jami daromadlari 73,8 trln so‘mni, budjetdan transfertlar 57,9 trln so‘mni, xarajatlar 130,3 trln so‘mni tashkil etgan.
2026-yil 1-yanvar holatiga davlat qarzi 46,8 mlrd dollarni (YAIMga nisbatan 31,9 foiz) tashkil qilib, 2025-yil 1-yanvar holatiga nisbatan 6,6 mlrd dollar (16,5%)ga oshgan.
Shundan, budjetdan so‘ndiriladigan qismi 32,3 mlrd dollar hamda korxonalar hisobidan – 14,5 mlrd dollarni tashkil etadi.
2026-yil 1-yanvar holatiga mahalliy budjetlarning respublika budjeti oldida 2 119,3 mlrd so‘m budjet ssudasidan qarzdorligi mavjud bo‘lib, yil boshiga (1 578,1 mlrd so‘m) nisbatan 134 foizga oshgan.
Audit yakunlari bo‘yicha Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan Hisob palatasining tegishli xulosasi tayyorlandi.
Audit xulosasida quyidagi qator amaliy taklif va tavsiyalar berildi:
budjet mablag‘laridan maqsadli, manzilli, samarali foydalanish, sarflangan mablag‘larning natijadorligini oshirish maqsadida “Automatic Reporting Validator – AI-based Reporting Validator” tizimini joriy etish;
g‘aznachilik organlarida budjet mablag‘larining kassa xarajatlari bo‘yicha qonunbuzilishlarni oldindan aniqlash imkonini beruvchi sun’iy intellekt texnologiyalari asosida risk-tahlil va dastlabki nazorat mexanizmlarini joriy etish;
budjetlararo transfert tizimini “xarajatlarni qoplash” tamoyilidan bosqichma-bosqich chiqarib, har bir transfert turi uchun aniq hisob-kitob formulalari va natija indikatorlarini joriy etish;
davlat tashqi qarzining valyuta tarkibidagi xorijiy valyuta ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar va yo‘l xaritasini ishlab chiqish, shu jumladan milliy valyutadagi qarz instrumentlari bozorini rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilash;
Qo‘shilgan qiymat solig‘i o‘rnini qoplashda (qaytarib berishda) yuzaga keladigan risk mezonlarini ishlab chiqib, axborot tizimlari orqali aniqlanishini yo‘lga qo‘yish.
O‘tkazilgan audit va baholash yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga tasdiqlash uchun kiritish tavsiya etildi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni tashqi auditdan o‘tkazish va baholash natijalari yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli xulosalar taqdim etildi.
Bundan tashqari, daromad va xarajat ijrosi bo‘yicha aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olish va faoliyatni yaxshilash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Soliq va Bojxona qo‘mitasi hamda boshqa vazirliklarga tegishli takliflar bilan ko‘rsatmalar kiritildi.
Joriy yilning 26-iyun kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida tashqi audit natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Hisob palatasi raisi o‘rinbosari S. Mirzaev, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari A. Xaydarov, J. Qurbonov hamda boshqa mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Shuningdek, yig‘ilishda vazirlik va idoralarning budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlari ijrosi ham muhokama qilindi.
Muhokama yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarning oldini olish, audit tavsiyalarini to‘liq amalga oshirish hamda sohani raqamlashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.



Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_b2f49ad92869913625dde407.jpg)
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari Olimpiya shaharchasidagi sport tadbirlarida ishtirok etdi
289
23.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_b43949509c1dc7d3a9cb6c70.jpg)
Ijro intizomini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy seminar
1883
20.05.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_21d16206331a394414cee7ce.jpg)
Oliy ta'lim sohasida byudjet mablag‘larining samarali ishlatilishi ustidan monitoring
1760
10.07.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_df8006112d60c77029080cdc.jpg)
XXV INKOSAI doirasida MDH yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
1267
29.10.2025
Toshkentda Davlat auditini raqamlashtirish va sun’iy intellektga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tantanali ravishda ochildi
23
21.05.2026