05.07.2026
Davlat auditi tizimida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni rivojlantirishga qaratilgan Prezident Farmoni qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat auditi faoliyatida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon davlat auditi tizimini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida tubdan takomillashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish hamda audit jarayonlarining ochiqligi va samaradorligini ta’minlashga qaratilgan.
Farmonga muvofiq, 2026–2030-yillarda davlat auditi sohasini raqamli transformatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, budjet tizimidagi xavflarni barvaqt aniqlash samaradorligini 50 foizga yetkazish, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida budjet intizomi buzilishi holatlarini aniqlash samaradorligini 1,4 baravarga oshirish, davlat organlari axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali 30 ta risk-tahlil mexanizmi hamda 50 ta raqamli servis va modulni joriy etish nazarda tutilgan.
Farmon bilan Hisob palatasi faoliyatida davlat tashqi auditining mutlaqo yangi yo‘nalishlari joriy etilmoqda. Xususan, 2027-yildan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida joriy etilayotgan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini baholash bo‘yicha sun’iy intellekt tizimlari auditi, raqamli ma’lumotlar va axborot tizimlariga masofaviy kirish orqali masofaviy tashqi audit, shuningdek, xavf tahlillariga asoslangan axborot texnologiyalari auditi o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, Hisob palatasi davlat organlari va tashkilotlarida moliyaviy, muvofiqlik hamda samaradorlik bo‘yicha axborot texnologiyalari auditini o‘tkazishga mas’ul vakolatli organ etib belgilandi. 2028-yil 1-sentabrdan boshlab esa muvofiqlik auditini sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonga muvofiq, davlat auditida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qiluvchi qator axborot tizimlari va raqamli modullar bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi. Jumladan, "Masofaviy audit" axborot-tahliliy tizimi tarkibida davlat organlari va tashkilotlarining budjet intizomi holatini baholovchi "Davlat organlarining xavf profili" moduli yaratiladi. Ushbu modul orqali davlat organlari va tashkilotlarining budjet intizomi reytingi shakllantiriladi hamda uning natijalari har yili keng jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, davlat rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan qurilish loyihalarining o‘z vaqtida yakunlanmaslik sabablari tahlil qilinib, foydalanishga topshirilgan obyektlarning samaradorligini baholashning raqamli mexanizmi joriy etiladi.
Farmon bilan davlat moliyaviy nazorati organlari va ichki audit xizmatlari faoliyatini yanada muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Endi audit natijalari bo‘yicha aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish hamda qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflarni ko‘rib chiqish jarayonlari Hisob palatasining "Davlat auditi" axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash ham Farmonning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xususan, davlat auditi sohasi mutaxassislarining xalqaro ISACA sertifikatlarini olishi, elektron o‘quv kurslari va ta’lim platformalarini yaratish, sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalar bo‘yicha muntazam malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Shuningdek, Hisob palatasi tomonidan 2026-yil yakuniga qadar "Sun’iy intellekt laboratoriyasi" tashkil etilib, unda sun’iy intellekt modellarini o‘qitish, risk-tahlil mexanizmlarini ishlab chiqish, audit qarorlarini tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda prognozlash tizimlarini yaratish ishlari amalga oshiriladi.
Mazkur Farmon davlat auditi tizimini raqamli transformatsiya qilish, sun’iy intellekt texnologiyalarini keng tatbiq etish, xavflarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilish, davlat moliyaviy nazorati samaradorligini oshirish hamda budjet mablag‘laridan oqilona va shaffof foydalanishni ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Hisob palatasi tomonidan Farmonda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash, raqamli audit infratuzilmasini rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish hamda davlat auditining zamonaviy modelini shakllantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshiriladi.


Boshqa yangiliklar
Hisob palatasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
40
08.07.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_7c098013d043bb550d110d54.jpg)
“Davlat auditining mustaqilligini ta'minlash” mavzusida Qirg‘izistonda amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
1410
08.09.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_755184cf347420455fad5399.jpg)
O‘zbekiston – Turkiya Oliy audit organlari munosabatlari yanada mustahkamlandi
1699
04.05.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_36b54f2b28999610ababf55d.jpg)
Byudjet intizomini ta'minlashda davlat moliyaviy nazorati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi
35
20.11.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_6fce33862eb98f56d2363cab.jpg)
Hisob palatasi ShHTga a'zo mamlakatlar Oliy audit organlari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi
1223
14.04.2025