Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

30.04.2026

Hisob palatasi 2025 yil yakunlari bo‘yicha hisobotini e’lon qildi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan 2025 yilgi faoliyati yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlandi.

Mazkur hisobotda davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish, budjet mablag‘larining qonuniy va samarali sarflanishini ta’minlash hamda iqtisodiyotdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida erishilgan muhim natijalar yoritildi.


Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda davlat auditi tizimi tubdan transformatsiya qilinib, Hisob palatasi faoliyati “moliyaviy taftishchi” modelidan strategik tahlil va samaradorlikni baholovchi zamonaviy institut darajasiga ko‘tarildi.


Bunda asosiy e’tibor budjet mablag‘larining nafaqat sarflanishi, balki ularning ijtimoiy-iqtisodiy natijadorligiga qaratildi.


2025-yilda amalga oshirilgan nazorat tadbirlari natijasida:


-8,1 trln so‘m budjet xarajatlari maqbullashtirildi;


-1,1 trln so‘mlik noqonuniy xarajatlarning oldi olindi;


-budjet daromadlarini oshirish bo‘yicha 7,6 trln so‘mlik qo‘shimcha manbalar aniqlandi;


-tashqi qarzlar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda 5,7 trln so‘m iqtisod qilish imkoniyatlari belgilandi.


Hisobot yilida jami 93 ta audit va o‘rganish tadbirlari hamda 62 ta tematik tahlillar amalga oshirildi.

Audit va tahlillar natijasida 7,7 trln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi hamda 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘larning davlat budjetiga qaytarilishi ta’minlandi.


Hisobot yilida raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan:


-“Masofaviy audit” axborot tizimi orqali 75 ta vazirlik va idoraning 259 ta ma’lumotlar bazasi integratsiya qilindi;


-sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida davlat xaridlari sohasida 83 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari bartaraf etildi.


Shuningdek, audit tadbirlarining 50 foizdan ortig‘i masofaviy shaklda amalga oshirilib, bu nazorat samaradorligini yanada oshirish imkonini berdi.


Hisob palatasi tomonidan davlat budjeti loyihalari hamda ularning ijrosi yuzasidan berilgan xulosalar asosida 2026-yil budjet parametrlari takomillashtirildi, ortiqcha xarajatlar qisqartirildi va moliyaviy intizomni mustahkamlashga qaratilgan qator takliflar amaliyotga joriy etildi.


Xalqaro hamkorlik doirasida Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Turkiya va boshqa davlatlarning oliy audit organlari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi. Shuningdek, Hisob palatasi INTOSAIning “Big Data” ishchi guruhiga a’zo bo‘ldi.


Shu bilan birga, tibbiyot, ta’lim, davlat xaridlari, tashqi qarzlar va infratuzilma loyihalarida aniqlangan tizimli muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ham bayon etilgan.


Hisobotda mahalliy budjetlarning 2024 yilgi ijrosi hamda 2026 yil uchun loyihalar yuzasidan Hisob palatasi tomonidan taqdim etilgan xulosalar muhokamasiga ham batafsil to‘xtalib o‘tilgan.


Xususan, mahalliy budjetlarni shakllantirishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, daromad va xarajatlarni rejalashtirishdagi nomutanosibliklar, shuningdek, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni to‘liq inobatga olmaslik holatlari aniqlangani qayd etilgan.


Berilgan taklif va tavsiyalar asosida mahalliy budjetlarning parametrlari qayta ko‘rib chiqilib, daromad bazasini kengaytirish, xarajatlarni maqbullashtirish hamda hududlarda moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan choralar amalga oshirildi.


Audit tadbirlari natijasida aniqlangan tizimli muammolar, mavjud to‘siqlar va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar hamda ularning amaliy natijalari yuzasidan budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda sohalar kesimida tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, ularning aksariyati amaliyotga joriy etildi.


Natijada, qonunbuzilishlarning oldini olish, moliyaviy intizomni mustahkamlash va budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishga erishildi.


Hisobot yilida olib borilgan audit tadbirlarida aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish, kelgusida oldini olish va yo‘l qo‘ymaslik maqsadida jami 40 taga yaqin me’yoriy hujjatlar ishlab chiqish takliflari kiritildi.


Ushbu takliflar asosida 26 ta qonunchilik hujjati takomillashtirildi, turli idoralarning 21 ta axborot tizimi o‘zaro integratsiya qilinib, ulardagi inson omili kamaytirildi.


Hisob palatasi kelgusida ham davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish va islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlarini izchil davom ettiradi.


Hisob palatasining 2025-yil uchun hisoboti ilova qilinadi.

img