Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

25.03.2026

Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyati auditi yakunlari

Hisob palatasi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyati auditdan o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qiymatining bir qismini qoplash xarajatlari uchun 501 mlrd so‘m, texnikalarda paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish xizmati uchun 104 mlrd so‘m hamda paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilish uchun 1,7 trln so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.


Audit natijasida quyidagi tizimli kamchilik va muammolar aniqlandi:


– 2025 yil 1 iyun holatiga 2022–2024 yillar paxta hosilini yetishtirish uchun tijorat banklariga ajratilgan resurslar hisobidan muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud.


Audit jarayonida Jamg‘arma oldidagi qarzdorliklar bo‘yicha “Agrobank” ATB, “Madadinvestbank” ATB hamda “O‘zmilliybank” AJ tegishli mablag‘lar undirilishiga amaliy yordam berildi.


– Tijorat banklari tomonidan Jamg‘armaga resurs ajratish bo‘yicha buyurtmanomalarni “Agroplatforma” AT orqali elektron shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.


2023–2024 yil hosili bo‘yicha o‘tkazilgan auditlarda ajratilgan imtiyozli kreditlarning 2,8 trln so‘mi maqsadsiz sarflangan.


Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari xaridi uchun subsidiya ajratish raqamlashtirilmaganligi sababli jismoniy va yuridik shaxslar 7 turdagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi va hududlardan bevosita Jamg‘armaga kelishga majbur.


– Jamg‘armadan har yili 1 yanvarga qadar omborlarda bug‘doyni vaqtincha saqlash xarajatlarini moliyalashtirish tijorat vakillarining bug‘doy qoldig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlari asosida amalga oshirilmoqda, real vaqt rejimida aniqlash imkoniyati yo‘q.


Shu bilan birga, bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan saqlovdagi bug‘doyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri (birja savdolarisiz) sotish holatlari imtiyozli kreditlar so‘ndirilmasligiga sabab bo‘lmoqda.


– Davlat resurslari hisobiga xarid qilingan bug‘doyni tasdiqlangan grafiklarga asosan birja savdolarida sotilishi (2024 yil sentabr – 2025 yil may) rejaga nisbatan o‘rtacha 56 foizni tashkil qilgan.


Bunda Jamg‘arma tomonidan bug‘doy sotish grafiklarini ishlab chiqishda iste’mol bozoridagi talab va taklif yetarli tahlil qilinmagan.


Audit va tahlil natijalaridan kelib chiqib, tizimli kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Hukumatning 29.08.2025 yildagi “Agrar sohani mexanizatsiyalashni davlat tomonidan rag‘batlantirishni raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 549-sonli qarori qabul qilindi.


Qarorga asosan:


– “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridi bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olish bo‘yicha arizalarni taqdim qilish, ko‘rib chiqish hamda nazorat qilish mexanizmi belgilandi.


– “Subsidiya.mf.uz” axborot portali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning dasturiy ta’minotlari bilan integratsiya qilinishi belgilandi.


– Qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni raqamlashtirish tartibi to‘g‘risida nizom qabul qilindi.

img