Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

14.09.2025

Hisob palatasi delegasiyasi Xitoy milliy audit idorasining raqamlashtirish faoliyati bilan tanishdi

Joriy yilning 4–8 sentyabr' kunlari O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M.Abdullaev boshchiligidagi delegasiya Xitoy Xalq Respublikasi Milliy audit idorasi (Oliy audit organi) hamda Nankin audit universitetida amaliy tashrif bilan bo‘ldi.

Tashrif doirasida delegasiya a'zolari Pekin shahrida joylashgan Milliy audit idorasining “Axborot texnologiyalari markazi” hamda “Elektron ma'lumotlar audit bo‘limi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.


Ushbu markazlarda masofaviy audit jarayonlarini amalga oshirishda qo‘llanilayotgan innovasion yechimlar va zamonaviy bulutli texnologiyalar taqdim etildi. Mazkur maskandagi ma'lumotlarni qayta ishlash markazi (DataCenter) faoliyati bilan tanishildi.


Xitoy milliy audit idorasi raqamli transformasiya jarayonlarini quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalishda olib borayotgani ta'kidlandi:

- Axborot texnologiyalari auditini joriy etish va takomillashtirish;

- Ma'lumotlarni boshqarish darajasini oshirish;

- Axborot texnologiyalari auditini qo‘llanish sohasini kengaytirish;

- Ma'lumotlardan foydalanish samaradorligini oshirish.


Ayni paytda mazkur markaz axborot texnologiyalari va katta hajmli ma'lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha milliy audit idoralari orasida yetakchi hisoblanadi.


Shu bois, Xitoymilliy audit idorasi bosh auditori Xou Kai INTOSAI (Xalqaro oliy audit tashkilotlari instituti)ning “BigData” ishchi guruhiga rahbarlik qilib kelmoqda.


Uchrashuvlar davomida M.Abdullaev tomonidan INTOSAI tashkilotining ushbu Ishchi guruhiga a'zo bo‘lish tashabbusi ilgari surildi. Xitoy milliy audit idorasi mazkur taklifni qo‘llab-quvvatladi va ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.


Shuningdek, delegasiya a'zolari Nankin shahrida joylashgan Xitoy Milliy audit akademiyasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Axborot texnologiyalari auditi bo‘yicha amalga oshirilayotgan malaka oshirish dasturlari yuzasidan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.


Muzokaralar natijasida Hisob palatasi xodimlari uchun onlayn va offlayn malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.


Bundan tashqari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tarkibida Xitoy Milliy audit akademiyasi o‘quv dasturlari asosida malaka oshirish yo‘nalishlarini joriy etish va kelgusida uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.

img-0
img-1