Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

25.05.2026

Turkiyalik auditorlar: “Toshkent xalqaro konferensiyasi yangi strategiyalarni belgilab bermoqda”

O‘zbekiston juda o‘ziga xos va taassurotli mamlakat ekan.

Biz O‘zbekistonga birinchi kelishimiz va bizning birinchi taassurotimiz shu bo‘ldi. Shahar juda tartibli, yangi binolar va yangi qurilayotgan hududlar esa juda ta’sirli ko‘rindi.


Mamlakat infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar aniq ko‘rinib turibdi. Rivojlangan davlat bo‘lishning asosiy omillaridan biri — kuchli infratuzilmadir. Shu sababli Toshkentni juda yaxshi baholadik. U zamonaviy va rivojlangan shahar sifatida ko‘rinmoqda.


Konferensiya turli davlatlardan ishtirokchilar qatnashgan keng qamrovli tadbir bo‘ldi. Ayniqsa, yosh auditorlarga e’tibor qaratilgani konferensiyani yanada ahamiyatli qildi. Chunki yangi avlod texnologiyalarga juda tez moslashmoqda va bu boshqaruv tizimiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.


Sun’iy intellektdan foydalanish, ma’lumotlar tahlili va raqamli transformatsiya hisobiga oliy audit organlari yangi tajriba va usullarni izlashga harakat qilmoqda. Bu kabi uchrashuvlar esa tajriba almashish uchun muhim maydon yaratib beradi.


Biz ham ushbu konferensiya orqali turli davlatlardan kelgan ishtirokchilar bilan muloqot qilib, fikr almashdik va muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldik.


Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan qilingan taqdimotda, ayniqsa O‘zbekiston Hisob palatasining Masofaviy audit markazini ko‘rganimizda ma’lumotning naqadar muhim ekanini yana bir bor angladik.


U yerga birinchi kirganimizda bizni eng ko‘p ta’sirlantirgan narsa markazlashgan boshqaruv paneli tizimi va undagi katta hajmdagi hamda muhim ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan ekran bo‘ldi. Bu ayniqsa tizim boshqaruvi uchun juda muhim. Chunki tizim boshqaruvi doimo faoliyatning asosiy ko‘rsatkichlarini birinchi navbatda ko‘rishni va tezkor qarorlar qabul qilishni taqozo qiladi.


Shuningdek, eshitishimizcha, O‘zbekistonda tegishli tashkilot va muassasalarning mavjud elektron bazalari ma’lumotlari Hisob palatasiga taqdim etiladi va bu borada jiddiy to‘siqlar yo‘q. Bu juda muhim holat.


Chunki bugungi kunda ma’lumot eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Audit jarayonini elektron shaklda olib borish, ma’lumotlarni tahlil qilish va sun’iy intellektdan samarali foydalanish uchun ma’lumot auditorlar qo‘lida bo‘lishi kerak. Shu sababli biz O‘zbekiston Hisob palatasini tabriklaymiz. Barcha ma’lumotlarning yig‘ilishi va taqdim etilishi katta yutuq deb hisoblaymiz.


Audit jarayonlarini raqamlashtirish, katta ma’lumotlar va sun’iy intellektdan foydalanish bugungi kundagi dolzarb masala hisoblanadi. Eng avvalo, ma’lumot masalasi juda muhim. Toza, sifatli va tuzilmalashtirilgan ma’lumotlar sun’iy intellektning to‘g‘ri ishlashi uchun asosiy shart hisoblanadi.


Har qanday ma’lumot ustida sun’iy intellekt ishlatish samarali bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun birinchi navbatda ma’lumotlar sifati oshirilishi lozim. Shu bilan birga, ma’lumotlar ishonchli va tekshirilgan bo‘lishi ham juda muhim. Faqat shu holda sun’iy intellekt to‘g‘ri natijalar bera oladi. Bu sohada ma’lumot sifati eng muhim omil hisoblanadi.


Hozirgi kunda Turkiya va O‘zbekiston oliy audit organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum mavjud. O‘tgan yili O‘zbekistondan kelgan vakillar Turkiyadagi o‘quv dasturlarida qatnashdilar va o‘zaro tajriba almashildi. Bu yil esa O‘zbekistonda Yosh auditorlar konferensiyasida ishtirok etdik.


Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimizga shunday xalqaro tajriba almashish imkoniyatini bergani uchun va yuqori darajadagi tashkiliy ishlar uchun minnatdorlik bildiramiz. Ayniqsa, texnologiyalarni qanday yaratish va qo‘llash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish juda foydali bo‘ldi.


Xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Hisob palatasi bilan kelgusida ham yuzma-yuz uchrashuvlar, onlayn muloqotlar va ma’lumot almashish ishlarini davom ettirib, o‘zaro hamkorligimiz yanada rivojlanadi degan umiddamiz.

(Abdulqodir Akarsu, Juneyt Turan, Teyfik Bug‘ra Akinji)

img