Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

21.09.2026

Hisob palatasi xodimlari va Davlat auditi oliy maktabi talabalarining ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 15-sentabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Davlat auditi oliy maktabida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi xodimlarining “Davlat auditi” yo‘nalishi talabalari bilan birinchi uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-son Farmoni asosida tashkil etilgan Oliy maktabda soha amaliyotchilari va bo‘lajak davlat auditorlari o‘rtasida bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir boshida Davlat auditi oliy maktabi direktori B.Sh. Mirzoyev Hisob palatasidan tashrif buyurgan mas’ullar va mazkur uchrashuvning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.


Asosiy taqdimotlardan avval ishtirokchilarga Hisob palatasi faoliyati haqida 5 daqiqalik videorolik namoyish etildi.


Dastlab so‘zga chiqqan Hisob palatasining Tadqiqot, ekspert-tahlil va o‘quv markazi bosh inspektori Qosimov Tohir Ravshanovich “Yangi avlod davlat auditorlari: ishonch, shaffoflik, mas’uliyat” mavzusidagi taqdimotida Oliy maktabning tashkil topish yo‘lini bosqichma-bosqich yoritib berdi.


Xususan, 2025-yil aprel oyida Xitoy Xalq Respublikasi Milliy audit idorasi Bosh auditorining Toshkentga tashrifi va memorandum imzolanishi, sentabr oyida Pekinda uch yillik amaliy harakatlar rejasining kelishilishi, Nankin audit universiteti, Hisob palatasi va TDIEU o‘rtasida uchta memorandum imzolanishi hamda PF-252-son Farmonning 12-bandi bilan 2026/2027 o‘quv yilidan Davlat auditi oliy maktabining tashkil etilishi haqida ma’lumot berildi.


Shuningdek, Oliy maktabning bugungi holati, yo‘nalishning alohida qabul tartibi, Nankin audit universiteti bilan “3+1” qo‘shma ikki diplom dasturi, yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA 4,0 va undan yuqori) va xalqaro sertifikatga ega bitiruvchilarga amaliyotchi ichki auditor sertifikatining imtihonsiz rasmiylashtirilishi, davlat auditini sun’iy intellekt asosida raqamli transformatsiya qilish vazifalari tushuntirildi.


Ma’ruzachi talabalar ushbu yo‘nalishning birinchi avlodi ekanini va Oliy maktabning kelgusidagi obro‘si aynan ularning bilimi va mas’uliyatiga bog‘liqligini alohida ta’kidladi.


Hisob palatasining Davlat moliyaviy nazorati organlari va ichki audit xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda tashqi audit metodologiyasi sho‘basi mudiri Erimmetov Qudrat Bahodirovich “Davlat auditi: mohiyati va roli, rivojlanishi” mavzusidagi ma’ruzasida davlat auditining shakllanish tarixi, jumladan, 1807-yilda Fransiyada Hisob sudining, 1921-yilda AQShda Bosh hisob palatasining tashkil etilishi kabi muhim bosqichlar haqida so‘zladi.


Shuningdek, INTOSAI Lima deklaratsiyasi asosida davlat auditining mohiyati, uning asosiy nazariyalari, moliyaviy, muvofiqlik va samaradorlik auditlari hamda tejamkorlik, samaradorlik va natijadorlikni anglatuvchi “3E” tamoyili ochib berildi.


Talabalarga “darsdagi audit” bilan “amaliyotdagi audit” o‘rtasidagi farq, davlat auditoriga xos halollik, mustaqillik, xolislik, tanqidiy fikrlash va maxfiylik kabi sifatlar hamda talabalardan kutilayotgan yuqori o‘zlashtirish, raqamli ko‘nikmalar va xorijiy tilni puxta bilish talablari bayon etildi.


Keyingi “Hisob palatasi vazifalari va faoliyati prinsiplari” mavzusidagi taqdimotda Hisob palatasining Audit sifati nazorati va tahlil sho‘basi mudiri Ivatov Zohiddin Farhadovich Hisob palatasining 2002-yilda 9 nafar xodim bilan tashkil etilganidan bugungi kungacha bosib o‘tgan rivojlanish bosqichlarini, “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi Qonun bilan mustahkamlangan huquqiy maqomini hamda INTOSAI, ASOSAI va ECOSAI tashkilotlariga a’zoligini yoritib berdi.


Ma’ruzada budjet loyihasi ekspertizasi, davlat xaridlari nazorati, budjet xarajatlari auditi va ijro nazorati kabi asosiy vazifalar, vakolat va huquqlar, shuningdek, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari tushuntirildi. Jahon bankining “Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik” baholashida Hisob palatasining “Tashqi audit” indikatori bo‘yicha reytingi 2018-yildagi C+ darajasidan 2024-yilda B+ darajasiga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.


Tadbir yakunida Hisob palatasi mas’ullari va talabalar o‘rtasida juda qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi va unda talabalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi. Asosiysi, uchrashuv natijasida talabalarda “Davlat auditori kim?” degan savolga batafsil taassurotlar shakllandi.


Ushbu tadbir talabalarning 2026/2027 o‘quv yilidan boshlangan ta’limga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishga hamda tanlagan kasbini puxta egallab, sohaning malakali mutaxassisi bo‘lib yetishishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va bunday muloqotlar doimiy tarzda davom ettirib boriladi.

img-0
img-1