Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

02.01.2025

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq tushumlarining to‘liqligini ta’minlash bo‘yicha audit o‘tkazildi

Hisob palatasi tomonidan Soliq qo‘mitasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, shuningdek, soliq tushumlarining to‘liqligini ta’minlash bo‘yicha ishlar samaradorligi auditdan o‘tkazildi.

Audit natijalariga ko‘ra, soliq ma’murchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, “mahallabay” va “korxonabay” ishlash tizimlari hamda raqamlashtirish natijasida davlat budjeti daromadlarini shakllantirish ko‘rsatkichlari yaxshilangan.


Xususan, 2024-yilda davlat budjetiga qariyb 200 trln so‘m soliq tushumlari ta’minlanib, avvalgi yilga nisbatan sezilarli o‘sishga erishilgan.


Shu bilan birga, audit jarayonida soliq tushumlarining to‘liqligini ta’minlash va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda qator tizimli muammolar mavjudligi aniqlandi.


Jumladan, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan hisobvaraq-fakturalarga kiritilgan o‘zgartirishlar bo‘yicha qayta hisobotlar taqdim etilmagan, ayrim turdagi soliqlar to‘liq hisoblanmagan hamda soliqsiz tushumlarni undirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.


Shuningdek, bozorlar va savdo komplekslarida tushumlar manbasi, ijara munosabatlari va savdo joylaridan foydalanishni nazorat qilish imkonini beruvchi yagona axborot tizimi mavjud emasligi hamda QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga guvohnomani avtomatik berish tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.


Auditda mol-mulklarni mustaqil baholash sohasidagi shaffoflik masalalari ham alohida o‘rganilib, bunda ko‘chmas mulklar qiymatining asossiz ravishda pasaytirib baholanishi natijasida budjetga mol-mulk solig‘i tushumlarining yo‘qotilishiga olib kelayotgan holatlar aniqlangan.


Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish maqsadida audit natijalari bo‘yicha 1,5 trln so‘mdan ortiq qo‘shimcha tushumlarni budjetga jalb qilish, tadbirkorlik subyektlariga tegishli mablag‘larni qaytarish, soliq ma’murchiligini raqamlashtirish va ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish bo‘yicha choralar belgilandi.


Shuningdek, bozorlar va savdo komplekslari uchun “E-Bozor” elektron axborot tizimini joriy etish, ijara shartnomalarini elektron shaklga o‘tkazish, QQS guvohnomasini tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bilan bir vaqtda berish, mustaqil baholovchi tashkilotlar faoliyatining ochiq elektron platformasini yaratish taklif etildi.


Audit natijalari yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq bazasini kengaytirish va davlat budjeti daromadlarining barqarorligini ta’minlashda raqamli nazorat mexanizmlarini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi.

img