07.07.2026
Hisob palatasi vakillari INTOSAI davlat xaridlari auditi bo‘yicha ishchi guruhning yig‘ilishida ishtirok etdi
2026-yil 1–2-iyul kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida Davlat xaridlari auditi bo‘yicha INTOSAI ishchi guruhining 5-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Ozarbayjon Respublikasi Hisob palatasi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Hisob palatasi (ishchi guruh kotibiyati) ko‘magida tashkil etildi.
Yig‘ilishda Ozarbayjon, Belarus, Xitoy, Malayziya, Rossiya, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Serbiya va O‘zbekiston Oliy audit organlari vakillari, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon banki hamda Ozarbayjon Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish va iste’mol bozorini nazorat qilish davlat agentligi ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbir dasturidan “Davlat xaridlari auditi: Oliy audit organlari tajribasi” mavzusidagi plenar sessiya, “Ommaviy xaridlar sohasidagi zamonaviy tendensiyalar” mavzusidagi ekspertlar paneli hamda ishchi guruh faoliyati natijalari va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan texnik sessiya o‘rin oldi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilar davlat xaridlari auditi sohasidagi ilg‘or tajribalar va zamonaviy yondashuvlar yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, davlat xaridlari jarayonlarini raqamlashtirish va monitoring qilish, axborot-tahliliy tizimlar orqali nazoratni kuchaytirish, agregatlashtirilgan ma’lumotlar asosida riskka yo‘naltirilgan nazoratni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili texnologiyalaridan foydalangan holda manfaatlar to‘qnashuvi, o‘zaro bog‘liqlik holatlari, xaridlarni sun’iy ravishda bo‘lish, kelishilgan harakatlar va boshqa xavf omillarini aniqlash bo‘yicha Xitoy, Rossiya va Ozarbayjon Oliy audit organlari tajribasi taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilari davlat xaridlari sohasida risklarni baholash va tasniflashning zamonaviy usullari, auditni rejalashtirishda riskka asoslangan yondashuvlarni qo‘llash hamda davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligini baholash masalalarini ham muhokama qildilar.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasi Hisob palatasiga tashrif buyurib, uning amaliy faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida ichki resurslarni boshqarishning elektron tizimlari, Davlat auditining axborot tizimi hamda auditorlik faoliyatini boshqarish platformasi imkoniyatlari o‘rganildi.
Bu esa davlat auditi jarayonlarini raqamlashtirish, ma’lumotlarni tahlil qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishish imkonini berdi.
Tadbirda ishtirok etish natijasida Hisob palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Jumladan, davlat xaridlari va boshqa davlat axborot resurslaridagi ma’lumotlar asosida xavf va noodatiy holatlarni avtomatik aniqlash uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish, davlat xaridlari auditini rejalashtirishda riskka yo‘naltirilgan modellarni qo‘llash, audit obyektlarini avtomatlashtirilgan tarzda profillashtirish hamda davlat xaridlari samaradorligini baholashning metodologik asoslarini takomillashtirish masalalari shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar va ishchi guruhlar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, davlat auditi sohasida raqamli texnologiyalar va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda mutaxassislar malakasini oshirish ishlarini yanada faollashtirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etish Hisob palatasi mutaxassislariga davlat auditini raqamlashtirish, sun’iy intellektdan foydalanish, riskka asoslangan auditni tashkil etish va ma’lumotlarni tahlil qilish sohasidagi zamonaviy xalqaro tajribalarni o‘rganish, shuningdek, xorijiy oliy audit organlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini berdi.


Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_b2f49ad92869913625dde407.jpg)
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari Olimpiya shaharchasidagi sport tadbirlarida ishtirok etdi
332
23.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_a3b1c8bb554833cf86d75afc.jpg)
Hisob palatasi tomonidan 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi
111
16.07.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_10eb4852592b5a4e932300da.jpg)
BAYRAM TABRIGI
1217
28.08.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_677681865e7ae457868e1370.jpg)
O‘zbekiston Hisob palatasi jamoasi Turkiyadagi treninglarda ishtirok etdi
1801
06.09.2025
Latviyalik auditorlar tomonidan Hisob palatasida o‘quv kurslari o‘tkazildi
1575
27.05.2025