Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

25.06.2026

TDIUda Hisob palatasi faoliyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar vakillari ishtirokida ushbu idoraning faoliyati, davlat auditi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va raqamli transformatsiya jarayonlariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Tadbirda Hisob palatasi raisi o‘rinbosarlari A. Allaberganov va S. Mirzayev ishtirokchilarga so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat tashqi auditi va moliyaviy nazorati tizimini modernizatsiya qilish, milliy audit tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda Hisob palatasining institutsional rivojlanishi borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.


Ta’kidlanganidek, Hisob palatasi dastlab moliyaviy nazoratning an’anaviy taftish shakllarini amalga oshirgan. 2017-yildan boshlab esa davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.


2019-yilda “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi orqali uning maqomi, mustaqilligi, vazifalari va vakolatlari huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Keyingi bosqichda davlat moliyaviy nazorati tizimini zamonaviy audit mexanizmlari asosida tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.


Xususan, 2022-yildan boshlab davlat moliyaviy nazoratining taftish va tekshirish shakllari bilan bir qatorda xalqaro standartlarga muvofiq risk tahlillariga asoslangan moliyaviy, muvofiqlik va samaradorlik auditlari joriy etildi.


Seminar ishtirokchilariga davlat moliyaviy nazorati sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, “Davlat auditi” dasturiy kompleksi va “Masofaviy audit” axborot tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur tizim 89 ta vazirlik, idora va banklarning 259 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilingan.


Shuningdek, 2025-yildan boshlab davlat xaridlari sohasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilgani, mazkur yo‘nalishda avtomatlashtirilgan tahlil modullari joriy etilgani qayd etildi.


Tadbir davomida Hisob palatasining xalqaro hamkorlik faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bugungi kunda Hisob palatasi Oliy audit organlarining xalqaro tashkiloti (INTOSAI), Osiyo oliy audit organlari tashkiloti (ASOSAI), Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar oliy audit organlari tashkiloti (ECOSAI) kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar a’zosi hisoblanadi.


Shu bilan birga, kadrlar salohiyatini oshirish, xalqaro audit standartlari va ilg‘or metodologiyalarni joriy etish, sohaga iqtidorli yoshlarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tarkibida Davlat auditi oliy maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.


Uchrashuv doirasida Hisob palatasi mutaxassislari tomonidan Hisob palatasining vazifalari va faoliyat prinsiplari, ko‘rsatmalar ijrosi monitoringi, raqamli transformatsiya jarayonlari, masofaviy nazorat tizimi hamda ISSAI xalqaro audit standartlarini joriy etish masalalari bo‘yicha batafsil taqdimotlar o‘tkazildi.


Interaktiv formatda o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda davlat auditi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashdilar.

img-0
img-1img-2