Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

24.09.2026

Hisob palatasi “Raqamli davlat auditi bo‘yicha eng yaxshi tashkilot” deb topildi

Toshkent shahrida 22–25-sentabr kunlari o‘tkazilayotgan ICTWEEK Uzbekistan 2026 haftaligi doirasida raqamli texnologiyalarni davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga joriy etishda faollik ko‘rsatgan tashkilotlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

24-sentabr kuni “Raqamli davlat: yagona yondashuv, zamonaviy boshqaruv va fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar” mavzusidagi forum o‘z ishini yakunladi.


Tadbirda 200 nafardan ortiq soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etdi.


Tadbir doirasida davlat organlari va tashkilotlarining raqamlashtirish sohasidagi faoliyati tahlil qilinib, eng ilg‘or natijalarga erishgan tashkilotlar 17 ta asosiy nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi.


Mazkur jarayonda 44 ta vazirlik va idoralar faoliyati qamrab olindi. Ularning raqamli xizmatlarni joriy etish, axborot tizimlarini integratsiya qilish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlaridan foydalanish borasidagi natijalari o‘rganildi.


Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi “Raqamli davlat auditi bo‘yicha eng yaxshi tashkilot” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.


Ushbu nominatsiya Hisob palatasida davlat moliyaviy nazoratini raqamlashtirish, audit jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, xavflarni oldindan aniqlash hamda masofaviy audit mexanizmlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga berilgan e’tirof bo‘ldi.


Ayni paytda Hisob palatasi tomonidan nazorat-tahliliy jarayonlarni avtomatlashtirish va raqamli audit instrumentlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq ma’lumotlarni turli axborot tizimlaridan olish va o‘zaro integratsiyalash, xavflarni baholash, budjet intizomi holatini tahlil qilish hamda masofadan turib audit tadbirlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.


Jumladan, raqamli audit yondashuvlari asosida nazorat tadbirlarini o‘tkazishda inson omilini kamaytirish, mavjud ma’lumotlardan samarali foydalanish va ehtimoliy moliyaviy xatarlarni ular yuzaga kelishidan oldin aniqlash imkoniyatlari yaratilmoqda.


ICTWEEK Uzbekistan 2026 doirasida tashkilotlar faoliyati “Nazorat, audit va qonunchilik”, “Ijtimoiy soha va davlat xizmatlari”, “Sanoat, tarmoqlar va infratuzilma”, “Hududiy boshqaruv va xizmat ko‘rsatish” kabi strategik yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rib chiqildi.


Xususan, nazorat, audit va qonunchilik yo‘nalishida Hisob palatasidan tashqari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura hamda Oliy sudning raqamlashtirish sohasidagi natijalari ham e’tirof etildi.


Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Mudofaa, Transport, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirliklari, Soliq va Bojxona qo‘mitalari hamda boshqa tashkilotlar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.


Taqdirlanganlar orasida “Elektron ishtirokni rivojlantirish bo‘yicha eng faol tashkilot”, “Nazorat jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha eng yaxshi tashkilot”, “Eng ko‘p proaktiv raqamli xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilot”, “Sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tashkilot”, “Eng yaxshi raqamli geoma’lumotlar yechimini joriy etgan tashkilot”, “Eng yaxshi aqlli transport ekotizimini yaratgan tashkilot” kabi nominatsiyalar ham o‘rin oldi.


Forum doirasida raqamli transformatsiyaning joriy holati va istiqbollari muhokama qilinib, kelgusida davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalardan yanada samarali foydalanish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.


G‘oliblarni taqdirlash marosimida Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari A. Sultonov ishtirok etib, nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga mukofotlarni topshirdi.


Hisob palatasining “Raqamli davlat auditi bo‘yicha eng yaxshi tashkilot” nominatsiyasida g‘olib deb topilishi davlat moliyaviy nazoratini raqamli transformatsiya qilish, audit jarayonlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va zamonaviy audit yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilayotganini ko‘rsatadi.


Hisob palatasi tomonidan raqamli audit imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ma’lumotlarga asoslangan audit yondashuvlarini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda davlat moliyaviy nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

img