20.04.2026
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING “2026 YIL UCHUN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BYUDJETI TO‘G‘RISIDA”GI QONUNI LOYIHASI VA 2026 YIL UCHUN BYUDJETNOMA BO‘YICHA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HISOB PALATASINING XULOSASI YUZASIDAN
O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi va “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Hisob palatasi tomonidan “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ekspertizasi va 2026 yil uchun Byudjetnoma tahlili amalga oshirildi.

Qonun loyihasi va 2026 yil uchun Byudjetnomada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidan kelib chiqib, uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun o‘rta va uzoq muddatdagi asosiy maqsadlar belgilangan.
Qonun loyihasida 2026 yildan boshlab byudjet taqchilligi konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari va xarajatlari hamda uning tarkibiga kirmaydigan Davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun depozitlar, byudjet ssudalari va kredit liniyalaridagi mablag‘lar qoldiqlari inobatga olingan holda hisoblanib, umumiy fiskal balansda aks ettirilgan.
Konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilangan.
2026 yil uchun 8 ta vazirlik va idoralarning eng muhim maqsadli indikatorlari byudjet dasturlari kesimida tasdiqlash belgilangan.
Loyihada 2026 yildan yangi “Deputat tashabbusi” tizimi joriy etilishi belgilangan va bunda har bir deputatga 3,3 mlrd so‘mdan mablag‘ rejalashtirilgan.
Amalga oshirilgan tahlillar asosida O‘zbekiston Respublikasining “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi va 2026 yilgi Byudjetnoma bo‘yicha Xulosa tayyorlandi.
Xulosani tayyorlash jarayonida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, shuningdek soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, sohalar bo‘yicha maqsadlari, vazifalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlariga muvofiqligi o‘rganib chiqildi.
Xulosada Qonun loyihasi va byudjet-soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha Hisob palatasi tomonidan jami 81 ta taklif va tavsiyalar berildi. Xususan:
-davlat byudjeti daromadlari prognozini 1,2 trln so‘mga oshirish hamda loyihadan 1,2 trln so‘m byudjet xarajatlarini qisqartirish;
-Qonun loyihasida daromad turlari (12-modda 5-qism) tarkibiga boshqa soliq bo‘lmagan to‘lovlarni kiritish;
-soliq to‘lovchilarga aslida to‘lanmagan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini byudjetdan qaytarib olish imkoniyatini cheklash va bunda QQSni to‘lov holati tasdiqlangandagina kelgusida uni qaytarish amaliyotini joriy qilish;
-vazirliklar va davlat idoralari tomonidan undiriladigan soliqqa oid bo‘lmagan tushumlarning to‘liq hisoblanishi, undirilishi va davlat byudjetiga o‘tkazilishi bo‘yicha nazorat mexanizmi mavjud emasligi sababli, soliqsiz tushumlar hisobini yuritish bo‘yicha mas’ul davlat organini belgilash.
Ta’kidlash joizki, byudjet qabul qilinishidagi muhokamalar jarayonida Hisob palatasi tomonidan berilgan bir qator takliflar ijobiy qabul qilindi.
Jumladan, Davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun depozitlar va ssudalar uchun rejalashtirilgan 14,8 trln so‘mni respublika xarajatlari tarkibidan chiqarib, umumiy fiskal balansda aks ettirish;
Yoki, Qonun loyihasining 11-moddasi 3-xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi taqchilligiga yo‘l qo‘yilmaydi” bandini chiqarib tashlash kabi takliflar tasdiqlangan Qonun loyihasida o‘z aksini topdi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_f9a7b488532e6edb6dfa44f0.jpg)
Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi
203
12.03.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_97068a092541ecf6a23d6798.jpg)
O‘zbekiston Prezidenti YOII sammitida ishtirok etdi
1164
26.06.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_6dbf9d59be56ce0e09bd0967.jpg)
Tijorat banklarida muammoli kredit qarzdorliklari masofaviy auditdan o‘tkazildi
1413
17.09.2025
Vengriya Oliy audit organi auditorlari tomonidan Hisob palatasi uchun vebinar o‘tkazildi
2001
11.12.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_95b7cea0d789a91bdb82a472.jpg)
Hisob palatasi KPMG Аkademiyasi bilan Memorandum imzoladi
1554
09.02.2025