17.06.2026
“O‘zexpomarkaz” AJning xizmat ko‘rsatish faoliyati o‘rganildi
Hisob palatasi tomonidan “O‘zexpomarkaz” AJning 2023–2025-yillar va 2026-yil I chorakdagi xizmat ko‘rsatish faoliyati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, “O‘zexpomarkaz” AJ jamiyat majmuasida jami 5 ta ko‘rgazma pavilyoni (11,4 ming m²), 2 ta atrium (2,1 ming m²), 2 ta konferens-zal (1,3 ming m²), ochiq ko‘rgazmalar maydoni (7 ming m²) va 1 ta kinolektoriy (370 o‘rinli) mavjud.
Jamiyat majmuasida 2023–2025-yillar va 2026-yil I chorakda turli shakldagi 186 ta tadbir o‘tkazilgan.
Ma’lumot uchun, “Messe Frankfurt” (Germaniya) va “Fira de Barcelona” (Ispaniya) kabi ko‘rgazma maydonlarida yiliga 100 dan ortiq ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkaziladi.
Bunda o‘tkazilgan tadbirlarning 89,8 foizi xalqaro, 5,9 foizi mahalliy maqomdagi ko‘rgazmalar va 4,3 foizi ijaralar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘rganishlarda “O‘zexpomarkaz” AJning xizmat ko‘rsatish faoliyatini samarali tashkil etishdagi bir qator kamchiliklar qayd etildi. Xususan:
barcha tadbir o‘tkazish joylari birdek jozibador bo‘lmagani sababli turli tashkilotchilar tomonidan parallel tadbirlar deyarli o‘tkazilmaganligi;
ijara tariflari talab va takliflar asosida o‘zgaruvchan qilinmaganligi (mavsumiy paketlar ishlab chiqilmagan) natijasida tadbirlarning 50,3 foizi kuz hamda 34,6 foizi bahor mavsumida o‘tkazilgan bo‘lib, yoz va qish oylarida talab pasayganligi;
Jamiyat va “IFWexpo Heidelberg” (Germaniya) hamda “Teplo Market” bilan hamkorlikda 11 ta tadbir tashkil etilgan bo‘lib, Jamiyat tomonidan mustaqil ravishda ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etilmaganligi;
Jamiyat tomonidan eksponentlarga qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish (logistika, keytering, marketing, reklama, dizayn va foto-video xizmatlar) darajasi sust tashkil qilinganligi;
daromad manbalari tarkibi diversifikatsiya qilinmaganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, aniqlangan muammolardan kelib chiqib sohaga oid xalqaro tajriba o‘rganildi. Jumladan:
1. Xorijiy tajribada “Early Bird” atamasi mavjud bo‘lib, yoz mavsumi uchun joylarni erta band qilishga alohida chegirmali narxlar (15–20 foizgacha) taklif qilinadi (narxlar mavsumiylikdan kelib chiqib diversifikatsiya qilinadi).
2. Yevropadagi yirik ko‘rgazma markazlarining maydonlari bir yilda o‘rtacha 30–35 foizgacha bo‘sh bo‘ladi. Bu kabi natijaga ko‘rgazmalar o‘rtasidagi bo‘sh kunlarda seminar va treninglar tashkil qilish hamda dinamik narx siyosati orqali erishilgan.
3. Xalqaro tajribada daromad manbalarini diversifikatsiyalashga katta urg‘u berilmoqda. Bu esa ko‘rgazma tashkilotchilariga bo‘lgan qaramlikni sezilarli darajada kamaytirish va shu bilan birga servis xizmatlar turini kengaytirib iqtisodiy barqarorlikka olib keladi.
Jahondagi ekspomarkazlarning asosiy daromad manbai bo‘lgan maydon ijarasining ulushi 2025-yilda o‘rtacha 60–63 foizni tashkil etib, 2028-yilda o‘rtacha 55–57 foizga va 2030-yilga borib o‘rtacha 50 foizga tushishi kutilmoqda.
4. Jahonning yirik ko‘rgazma maydon egalari “Tuyap” (Turkiya) va “IFEMA Madrid” (Ispaniya) “passiv ijarachi”dan “faol tashkilotchi”ga aylanish modelini ishlab chiqqan bo‘lib, tayyor ko‘rgazma maydonlarini ijaraga berish bilan cheklanmasdan o‘zlari tomonidan ko‘rgazmalar tashkil etadi va bu orqali 70 foizgacha daromad topadi.
5. Xalqaro tajribada “Collaborative stand” tizimi kichik va o‘rta biznes uchun xarajatlarni 50 foizgacha kamaytirish imkonini beradi va eksponentlar mahsuloti bir-birini to‘ldirishi juda muhim hisoblanadi.
O‘rganish natijasida “O‘zexpomarkaz” AJ tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ko‘rgazma faoliyatini yanada takomillashtirish, ko‘rgazmalarda kichik va o‘rta biznes ishtirokini kengaytirish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi uzoq muddatli strategiya ishlab chiqish bo‘yicha takliflar berildi:
✓ O‘zexpomarkaz faoliyatini institutsional takomillashtirish, shu jumladan xorijiy davlatlarda hamda investitsiya va turizm salohiyati yuqori bo‘lgan viloyatlarda ofis va vakolatxonalar tashkil etish;
✓ dunyoning yirik ko‘rgazma maydon egalari “Messe” (Germaniya), “Tuyap” (Turkiya) va “IFEMA Madrid” (Ispaniya) biznes modellari asosida O‘zexpomarkazni “passiv ijarachi”dan “faol tashkilotchi”ga aylantirish bo‘yicha biznes strategiya ishlab chiqish;
✓ daromad manbalarida qo‘shimcha xizmatlar ulushini 30 foizgacha oshirish orqali maydon ijarasi ulushini bosqichma-bosqich 50 foizgacha tushirish;
✓ milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilish kabi vazifalarni bajarishga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasini vakolatli organlar (regulyator) etib belgilash.
Bunda ko‘rgazmalarni tashkil etish va o‘tkazishdan tushgan daromadlar hisobidan xorijiy xaridorlarni jalb qilish, yangi ko‘rgazma binolarini qurish hamda kichik va o‘rta biznes uchun arzonlashtirilgan ijara tariflarini belgilash;
✓ bandlik darajasi past bo‘lgan pavilyonlarni uzoq muddatga mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar hamda startap loyihalar uchun “coworking + showroom” formatida ijaraga berish;
✓ yozgi mavsumda ochiq maydonlarda “Food Truck”, milliy mahsulotlar va boshqa yo‘nalishlarda ochiq ko‘rgazmalar hamda qishki mavsumda pavilyonlarda seminarlar va kovorking treninglar tashkil etish, shuningdek iqtisodiy samarasiz davrlar uchun maxsus oldindan band qilish (“Early Bird”) tarif paketini joriy etish;
✓ servis infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida majmua hududida keytering (ovqatlanish) xizmatini yo‘lga qo‘yish;
✓ reklama va PR faoliyatini rivojlantirish, jumladan media, ijtimoiy tarmoqlar va xalqaro nashrlar orqali ko‘rgazma-yarmarkalar haqida ma’lumot berib borish tizimini yo‘lga qo‘yish;
✓ har chorakda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun milliy ko‘rgazma va yarmarkalarni tashkil etishni yo‘lga qo‘yish;
✓ 2027-yil 1-yanvardan boshlab respublikada faoliyat yuritayotgan sanoat uyushmalari (assotsiatsiyalar) bilan keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali mustaqil ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etish;
✓ sohani raqamlashtirish, jumladan eksponentlar uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish, QR-navigatsiya, raqamli marketing kabi instrumentlarni joriy etish, shuningdek ko‘rgazma-yarmarka va boshqa ma’lumotlar bilan onlayn tanishish imkoniyatini beruvchi mobil ilovani ishga tushirish.
Xulosa o‘rnida — ko‘rgazma va yarmarkalarning muntazam tashkil etilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, Hisob palatasi tomonidan berilgan taklif va ko‘rsatmalarning amalga oshirilishi markaz faoliyati samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_febc18d4b6f72531caabf8f9.jpg)
Pokistonlik auditorlar: “Raqamli davlat auditida xalqaro tajriba va o‘zaro fikr almashish muhimdir.”
262
26.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_24c7bc6272f538286fe1870d.jpg)
Davlat moliyaviy nazorat organlari va ichki audit xizmatlari samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘quv seminari
1615
11.08.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_4e5e94d31f5bcec320360868.jpg)
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tabrik
1843
30.09.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_b802463fa079e7fe3e4fc61c.jpg)
Turkiy tilli davlatlar Oliy audit organlari tashkiloti (TURKSAI) ga asos solindi
71
23.11.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/fbcf64f7-0444-c01a-bd7a-98fdaf65f692.jpg)
Rossiya Federatsiyasi Hisob palatasi asos solinganining 30-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar
1319
16.01.2025