23.05.2026
Ozarbayjon Hisob palatasi vakili Toshkentdagi xalqaro konferensiya va ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yuqori baholadi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Audit jarayonlarini raqamlashtirish va katta hajmli (Big Data) ma’lumotlarni sun’iy intellekt orqali tahlil qilish” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida xorijiy ekspertlar tomonidan O‘zbekistondagi islohotlarga yuksak baho berilmoqda.
Jumladan, tadbirda ishtirok etgan Ozarbayjon Respublikasi Hisob palatasi vakili Vasif Rasulov ikki davlat oliy audit organlari (OAO) o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
“O‘zbekiston men uchun qadim tarix, boy madaniyat va jadal islohotlar mamlakatidir. So‘nggi yillarda bu yerda olib borilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar, ayniqsa, davlat boshqaruvida shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar alohida e’tirofga loyiq. Toshkentning zamonaviy infratuzilmasi va xalqaro tadbirlarni tashkil etish darajasi mamlakatdagi tezkor yangilanishlar sur’atidan dalolat beradi.
Ozarbayjon va O‘zbekiston Hisob palatalari o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona va o‘zaro manfaatli asosda izchil rivojlanmoqda. Yaqindagina idoralarimiz o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum ham buning yorqin dalilidir.
Natijada biz tajriba almashish, qo‘shma treninglar o‘tkazish hamda auditning zamonaviy usullarini — xususan, raqamlashtirish va Big Data texnologiyalarini amaliyotga joriy etish borasida yaqindan hamkorlik qilib kelyapmiz. Mening fikrimcha, oliy audit organlari o‘rtasidagi aloqalar nafaqat ikki tomonlama, balki xalqaro miqyosda ham davlat moliyasini samarali boshqarishning muhim omili hisoblanadi.
Mazkur konferensiya juda yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, unda ko‘tarilgan mavzu — sun’iy intellekt yordamida katta ma’lumotlarni tahlil qilish — bugungi kunda barchamiz uchun eng ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Tadbirdagi ma’ruzalar, amaliy misollar va soha mutaxassislari bilan o‘zaro fikr almashish jarayonlari kelgusi faoliyatimizda qo‘llash mumkin bo‘lgan ko‘plab yangi g‘oyalarni berdi. Ozarbayjon Hisob palatasi kelgusida ham bu kabi ilg‘or tadbirlarda faol ishtirok etishdan mamnun bo‘ladi”, — deydi o‘z fikrini bildirib ozarbayjonlik auditor.
Shu bilan birga, Vasif Rasulovning ta’kidlashicha, Toshkent xalqaro konferensiyasi raqamli audit sohasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_c8bb6d7c22e69c3d6b4a0540.jpg)
Vengriya Oliy audit organi O‘zbekiston Hisob palatasi bilan munosabatlari to‘g‘risida
2445
03.04.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_568645fc6927f3bd05ac66e6.jpg)
Oʻzbekiston sement ishlab chiqarish sohasi: Muammolar va yechimlar
919
02.08.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_3b32a000cc64b771c8aababd.jpeg)
BAYRAM TABRIGI
825
19.03.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_e43c61515b4e96cd19957512.jpg)
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrik
1615
13.01.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_692dfd9121d044af1d4339d6.jpg)
Bandlik sohasida moliyaviy nazoratni takomillashtirishga doir yangi yondashuvlar muhokama qilindi
851
05.05.2026