19.08.2026
O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasi Latviya Davlat audit idorasiga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Latviya Respublikasi Davlat audit idorasiga tashrif buyurib, Bosh auditor Edgars Korčagins bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, davlat auditi sohasida ilg‘or tajriba almashish, xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Latviya Davlat audit idorasi o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda oddiy tajriba almashish doirasidan chiqib, o‘zaro ishonch va aniq amaliy natijalarga asoslangan hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. Idoralar o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv doirasida bilim va tajriba almashish, auditorlarning kasbiy salohiyatini oshirish, seminar va treninglar tashkil etish hamda zamonaviy audit usullarini o‘rganish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda M. Abdullayev O‘zbekistonda davlat moliyaviy nazorati tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Xususan, davlat auditida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlar tahlilidan foydalanish, masofaviy auditni kengaytirish hamda risk-tahlil asosida nazorat tadbirlarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, bugun Hisob palatasi faoliyatida an’anaviy moliyaviy nazorat bilan bir qatorda muvofiqlik, samaradorlik va IT-audit yo‘nalishlari rivojlantirilmoqda. Audit jarayonlarini raqamlashtirish orqali nafaqat aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, balki ularning oldini olishga qaratilgan profilaktik nazorat mexanizmlari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, davlat boshqaruvi va davlat moliyaviy nazorati tizimini modernizatsiya qilish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan o‘zgarishlar yuqori baholandi. Mazkur jarayonlarda zamonaviy va samarali davlat auditi institutining ahamiyati alohida qayd etildi.
Muloqot davomida samaradorlik auditi, IT-audit, sun’iy intellekt va Big Data yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi. Shuningdek, davlat investitsiyalari, davlat xaridlari, davlat korxonalari va davlat dasturlari samaradorligini baholash, audit tavsiyalari ijrosini monitoring qilish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Hisob palatasi sho‘ba mudiri N. Imonqulov davlat budjeti auditi va nazorati mavzusida prezentatsiya taqdim qildi. Unda Hisob palatasining budjet sohasidagi vazifalari, budjet loyihasi ekspertizasi, budjet ijrosi jarayoni va auditi, budjet ijrosi auditi xulosasi kabi yo‘nalishlarda ma’lumot berildi.
Hisob palatasi sho‘ba mudiri Z. Olimjonov xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni o‘rganish va tashqi qarz mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha shaffoflikni ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari haqida tushunchalar berdi.
O‘zbekiston va Latviya oliy audit organlari o‘z-o‘zini baholashni amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etib, ijtimoiy ahamiyatga ega mavzularda bunday auditlarni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldilar.
Uchrashuvda, shuningdek, auditorlarning kasbiy malakasini oshirish, qo‘shma o‘quv dasturlari va treninglarni tashkil etish hamda yosh auditorlar o‘rtasida tajriba almashishni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.


Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_fde6b54263f40cb8d0b9d7dc.jpg)
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi muvofiqlik auditida qanday natijalarga erishildi
944
30.04.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_169a8b0a1ceeeafb885f801d.jpg)
O‘zbekistonda yirik energetika quvvatlari ishga tushirildi va navbatdagilarining qurilishi boshlandi
2657
04.12.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_39a1844657af2767e3a71468.jpg)
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash auditi
549
17.03.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_36b54f2b28999610ababf55d.jpg)
Byudjet intizomini ta'minlashda davlat moliyaviy nazorati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish masalalarining muhokamasi
2837
20.11.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_ac2fde3e0cbb35d9dadc8c3d.jpg)
Xitoy Bosh auditori Nankinda tahsil olayotgan Hisob palatasi xodimlari bilan uchrashdi
271
29.03.2026