Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

13.05.2026

HUDUDIY IJTIMOIY VA ISHLAB CHIQARISH INFRATUZILMANI RIVOJLANTIRISH DASTURLARI IJROSI TAHLILI NATIJALARI

Hisob palatasi tomonidan joriy yilning 1-choragida 2025-yil uchun hududiy ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmani rivojlantirish dasturlari ijrosi masofaviy tarzda tahlil qilindi.

2025-yildagi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish bo‘yicha 5 ta davlat dasturi doirasida 9 066 ta loyiha uchun 32,2 trln so‘m ajratilgan.


Hisobotlarga ko‘ra, dasturlar doirasida 28,1 trln so‘m (87%) o‘zlashtirilgan bo‘lib, 28,6 trln so‘m (89%) moliyalashtirilgan va 7 553 ta obyekt foydalanishga topshirilgan. Shu jumladan:


A) Ijtimoiy soha yo‘nalishida — 1 144 ta umumta’lim va ijod maktabi, 286 ta bog‘cha, 334 ta tibbiyot muassasasi, 123 ta oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiya hamda 178 ta sport va madaniyat obyektlarida;


B) Muhandislik-infratuzilmasi va obodonlashtirish yo‘nalishida — 259 ta ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlari, 31 ta issiqlik ta’minoti, 2 399 ta yo‘l infratuzilmasi, 3 ta temir yo‘l transporti va metro, 1 123 ta irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari va inshootlari, 951 ta elektr ta’minotini yaxshilash, 6 ta gaz tarmoqlari bilan ta’minlash, 502 ta tuman (shahar) me’moriy qiyofasini yaxshilash va obodonlashtirish hamda 214 ta boshqa obyektlarda qurilish-ta’mirlash hamda jihozlash ishlari olib borilib foydalanishga topshirilgan.


Audit natijasida dasturlar ijrosi bilan bog‘liq bir qator xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Jumladan:


Dasturlar doirasida 250 ta loyiha bo‘yicha quyidagi sabablarga asosan moliyalashtirish ochilmagan va qurilish ishlari boshlanmagan:


-167 ta obyekt bo‘yicha ekspertiza xulosalari olinmagan;


-60 ta loyihada pudratchi (yetkazib beruvchi) aniqlanmagan;


-14 ta obyektning loyiha-smeta hujjati ishlab chiqilmagan;


-6 ta obyekt hokimliklar va mahalliy kengashlar tomonidan istiqbolsiz deb topilgan;


-3 ta obyekt uchun yer maydoni toifasi o‘zgartirilmagan.


2025-yilgi Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida bo‘lgan yildan-yilga o‘tuvchi 89 ta obyekt 2026 yilgi dasturda inobatga olinmagan.


Hisobotlarda 2025-yilda 7 553 ta obyekt foydalanishga topshirilgani ko‘rsatilgan bo‘lib, “Shaffof qurilish” platformasiga 2 663 tasi (rejaga nisbatan 36%) bo‘yicha qabul qilish dalolatnomalari kiritilmagan.


Audit jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarga quyidagi taklif va tavsiyalar berildi:


-Buyurtmachi tashkilotlar bilan qurilishi yakunlanmagan obyektlar manzilli ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqib, ularni 2026-yil ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish dasturi doirasida yakunlash choralarini ko‘rish;


-Tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar bilan dasturlar doirasida amalga oshirilgan loyihalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda ular bo‘yicha foydalanishga qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirishni yakunlash, “Shaffof qurilish” va “Kapital qo‘yilmalar” axborot tizimlarida to‘liq aks ettirilishini ta’minlash;


-Vazirlik va idoralar mas’uliyatini keskin oshirish maqsadida, dasturlarni amalga oshirishda belgilangan vazifalar va muddatlarga rioya etilishini baholash bo‘yicha avtomatik reyting (KPI) tizimini joriy etish.


Yuqorida qayd etilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar Prezident Administratsiyasiga kiritildi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishliligi bo‘yicha vazirlik va idoralarga vazifalar belgilandi.

img