Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

16.06.2026

“O‘zaeronavigatsiya markazi” faoliyati samaradorligi: tahlillar, muammolar va takliflar

Hisob palatasi tomonidan “O‘zaeronavigatsiya markazi” MCHJ (keyinchalik Markaz deb yuritiladi) faoliyatining samaradorligi, moliyaviy barqarorligi hamda korporativ boshqaruv tizimi yuzasidan tahlil o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, Markaz respublikamizdagi fuqaro aviatsiyasi sohasida aeronavigatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi strategik ahamiyatga ega yagona tashkilot hisoblanadi.


Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishi O‘zbekiston havo hududida havo harakatini samarali boshqarish, aeronavigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish hamda parvozlar xavfsizligini ta’minlashdan iborat.


Xususan, 2023-yilda jami 187,9 mingta havo kemasiga xizmat ko‘rsatilib, reja 130 foizga bajarilgan bo‘lsa, 2024-yilda ushbu ko‘rsatkich 255,8 mingtani va 2025-yilda esa 271,6 mingtani tashkil etgan.


Shu bilan birga, Markaz tomonidan yangi havo yo‘laklarini ochish va tranzit parvozlar hajmini oshirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.


Tahlil davomida faoliyatga oid ayrim kamchiliklar qayd etildi. Xususan:


• respublika havo hududidagi mavjud infratuzilma imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmagan;


• Markaz moliyaviy ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatilgan bo‘lsa-da, debitor qarzdorlik va majburiyatlarning oshishi moliyaviy barqarorlikka muayyan ta’sir ko‘rsatgan.


Xususan, 2023–2025-yillarda daromadlar dinamikasi o‘sishni ko‘rsatgan bo‘lsa-da, 2025-yilda sof foyda 2024-yilga nisbatan 49,1 mlrd so‘mga (12,5 foiz) va rentabellik 42,7 foizdan 35,6 foizgacha pasaygan.


Mazkur holatga xarajatlar va investitsion yuklamalarning ortishi, debitor hamda kreditor qarzdorlik hajmining ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan;


• Markazning korporativ boshqaruv, ichki audit, komplayens va KPI tizimlarini yanada takomillashtirish hamda faoliyatni samarali tashkil etish zarurati mavjud.


O‘rganish natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklar bo‘yicha bir qator amaliy takliflar ishlab chiqildi va amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan:


✓ Markaz tashkiliy tuzilmasi va shtat birliklarini funksional yuklamalar asosida optimallashtirish, shuningdek moliyaviy nazoratni kuchaytirish maqsadida buxgalteriya va g‘aznachilik bo‘linmalarini alohida tuzilma sifatida shakllantirish;


✓ Kuzatuv kengashi va ichki audit xizmati orqali korporativ nazorat mexanizmlarini kuchaytirish;


✓ Xarid jarayonlarida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi xavflarini baholash bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish hamda ularning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmni joriy etish kabi takliflar shular jumlasidandir.


Ta’kidlash joizki, tahlil davomida Markazda moliyaviy rejalashtirish va nazorat jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida “Yagona g‘aznachilik” axborot tizimini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.


Shuningdek, 21 mlrd so‘mlik debitor va kreditor qarzdorlik qisqartirilib, 11 mlrd so‘mlik hisoblanmagan soliqlarning budjetga undirilishi ta’minlandi.


Tahliliy o‘rganish natijalari mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi hamda zarur chora-tadbirlar belgilandi.


Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi va Transport vazirligi tomonidan “O‘zaeronavigatsiya markazi” MCHJda o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan 26 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

img