22.07.2025
Byudjet va ijro intizomini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoev 23 iyul kuni Hisob palatasining faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyuldagi “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Hisob palatasining ish uslubi o‘zgardi, uning vakolatlari kengaytirildi.
Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev Davlat rahbariga taqdimot qilar ekan, an'anaviy moliyaviy tekshiruvlardan voz kechilib, muvofiqlik, samaradorlik va strategik audit tizimi joriy qilinganini ta'kidladi.
Endilikda Hisob palatasi faqat nazorat qiluvchi emas, balki byudjet intizomiga ko‘maklashuvchi va xulosa beruvchi idoraga aylangani aytib o‘tildi. Shu bois asosiy e'tibor moliyaviy intizom buzilishining oldini olish, buning omillarini tahlil qilishga qaratilmoqda.
Masalan, bu yil 6 oyda o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasida 5 trillion 600 milliard so‘m samarasiz byudjet xarajatlari qisqartirilgan, byudjetga 5 trillion so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti izchil o‘sib bormoqda. Shu bois, davlat xarajatlari ham o‘sib bormoqda. So‘nggi 8 yil davomida xarajatlar 6 barobarga oshgan. Bu, o‘z navbatida, moliyaviy nazorat ko‘lami va ish hajmini ham oshiradi. Buni qamrab olishning samarali yo‘li – raqamlashtirish.
Shu maqsadda Hisob palatasida “Masofaviy audit” axborot tizimi ishga tushirilgan. Hozirga qadar ushbu tizim orqali 4 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan.
Taqdimotda endi tizimga sun'iy intellektni joriy qilib, kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.
O‘tgan yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oluvchi 12 ta vazirlikda moliyaviy nazorat bo‘yicha tashkil qilingan “Situasion markazlar”ning ko‘rsatkichlari qayd etilib, bu tizim joriy yilda yana 10 ta vazirlik va idoraga kengaytirilishi belgilandi.
Shu bilan birga, byudjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazorat tizimlarini takomillashtirib, Hisob palatasi bilan axborot almashuvini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Prezident farmoniga asosan, davlat auditi ilg‘or xalqaro standartlar darajasiga chiqarilmoqda. Hisob palatasi xodimlari bir yil davomida xalqaro auditorlar bilan birgalikda ishlab, tajriba to‘pladi.
Natijada tashqi qarz hisobidan bo‘layotgan loyihalar xalqaro mezonlar asosida auditdan o‘tkazilmoqda. Bunday tartibni loyihalarning ilk bosqichlaridan boshlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki hisobidan (240 mln dollar) amalga oshirilayotgan “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasi ilk bor xalqaro standartlar (ISA) asosida auditdan o‘tkazilib, loyiha boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida ko‘rsatma va tavsiyalar taqdim qilingani qayd etildi.
Shu yil 16 iyun kuni islohotlar natijadorligi tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Hisob palatasiga “Xalq nazorati” platformasini barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish topshirilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar bu borada boshlangan ishlar va zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.
Bu tizim orqali qurilish, infratuzilma, kommunal xizmatlar, energiya ta'minoti, transport, yo‘l, ekologiya kabi sohalardagi muammolar bo‘yicha xabar beriladi. Ularni hal qilish uchun portalga barcha vazirlik, idora va hokimliklar ulanadi.
Hozirgi kunda bu dasturni sun'iy intellekt asosida takomillashtirish, vertikal nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, koll-markazlar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari Hisob palatasiga ijro intizomini mustahkamlash, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish va tejamkorlikni ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.



Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_516fe5485af689d45a8a2b4d.jpg)
Raqamlashtirish orqali samaradorlikka: Davlat korxonalarida yangi bosqich boshlandi
1447
08.12.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_24c7bc6272f538286fe1870d.jpg)
Davlat moliyaviy nazorat organlari va ichki audit xizmatlari samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘quv seminari
1302
11.08.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_d97c03bfd72f20e544d74f68.jpg)
Hisob palatasining faoliyati yangi sifat bosqichiga chiqmoqda
2496
18.12.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_b802463fa079e7fe3e4fc61c.jpg)
Turkiy tilli davlatlar Oliy audit organlari tashkiloti (TURKSAI) ga asos solindi
1252
23.11.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_97a9ba51495e383c6ce55ca3.jpg)
Kimyo sanoatini rivojlantirish rejalari taqdimot qilindi
922
02.12.2025