Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

30.04.2026

Umumta’lim maktablarining xorijiy til o‘qituvchilari bilan ta’minlanishi va bu bo‘yicha ajratilgan mablag‘larning samaradorligi

Hisob palatasi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim maktablarining xorijiy til o‘qituvchilari bilan ta’minlanishi hamda ularga ajratilgan mablag‘larning samaradorligi masofaviy tarzda tahlil qilindi.

Ta’kidlash joizki, 2023/2024-o‘quv yili yakunida xorijiy mutaxassislar jalb etilgan 500 ta maktabda o‘quvchilarning xorijiy til o‘zlashtirish bo‘yicha bilim darajasi o‘rtacha 5 foizdan 15 foizga oshgan.

Mazkur davr mobaynida 8 951 nafar o‘quvchi xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lib, 2023-yilga nisbatan (5 296 nafar) 1,4 baravarga oshgan.


Tahlillarda erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda ayrim muammo va kamchiliklar qayd etilgan. Xususan:


-2024–2025-yillarda xorijiy o‘qituvchilar jalb qilingan ayrim maktablarda ta’lim sifatini oshirish maqsadiga to‘liq erishilmagan;


Masalan, 2024/2025-o‘quv yilida xorijiy mutaxassislar dars bergan poytaxt hamda viloyatlardagi jami 33 ta maktabning o‘quvchilari xorijiy til bilish sertifikatiga ega emas yoki bu ko‘rsatkich juda past (1 nafar).


-respublikadagi 16 ta maktabda xitoy, hind, arab, yapon va ispan tillarini chuqurlashtirib o‘rgatadigan 156 ta sinf mavjud bo‘lsa-da, ushbu maktablarga xorijiy mutaxassislar yetarlicha jalb etilmagan;


-“Astrum Certified IT Educator” sertifikatini taqdim etayotgan “Bilim Tech MChJ” milliy test sinovlarini tashkil etish va ta’lim sifatini baholash huquqiga ega bo‘lmasa-da, uning sertifikatlari ustama haqlari to‘lanishida hisobga olinmoqda;


-“ERP.maktab.uz” tizimida “APTIS for Teachers” va “TRKI” xalqaro sertifikatlarining haqiqiyligi va amal qilish muddatini avtomatik tekshirish, shuningdek, xorijiy til uchun ustama miqdorlarini aniqlash funksiyasi yaratilmaganligi sababli ustama to‘lovlarini inson omili ishtirokida noto‘g‘ri hisob-kitob qilish holatlari mavjud;


-umumta’lim maktablarining pedagog xodimlariga amal qilish muddati tugagan sertifikatlari uchun ustama haqi ortiqcha to‘langanligi bo‘yicha 3,8 mlrd so‘mlik shubhali (risk) to‘lovlar aniqlanib, ular bo‘yicha haqiqiy holatga aniqlik kiritish uchun vazirlik ichki audit xizmatiga yuborildi.


Audit natijalariga ko‘ra tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.


Xususan:


1.Xorijiy mutaxassislar bilan shartnoma tuzishda maqsadli ko‘rsatkichlarni ko‘zda tutish va mutaxassislar faoliyatini natijaviylikka yo‘naltirish. Bunda:


– ta’lim tashkilotlariga jalb qilinayotgan xorijiy mutaxassislarga aniq natijalarga erishish bo‘yicha KPI ko‘rsatkichlarini belgilash;


– xorijiy mutaxassislar jalb qilingan maktablarda ta’lim sifatini baholash va uning natijasi bo‘yicha ular bilan hamkorlik istiqbollarini qayta ko‘rib chiqish.


2.“ERP.maktab.uz” tizimida sertifikatlarning elektron reyestrini joriy etish hamda til bilish sertifikati uchun ustama miqdorlarini inson omilisiz avtomatik belgilash imkoniyatini yaratish.


3.Umumta’lim maktablarida informatika o‘qituvchilariga ustama haqlari to‘lashda ta’lim sifatini baholash huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan berilgan sertifikatlar asosida to‘lash.


4.Mahalliy barkamol avlod markazlarida, maktablar yoki boshqa muassasalarda xorijlik mutaxassislar hamda mahalliy ustozlar ishtirokida xorijiy tilni samarali o‘rganish doirasida quyidagi “tinglash”, “gapirish”, “o‘qish” va “yozish” kabi to‘rt yo‘nalish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni rivojlantirish borasida “Mahalliy til burchaklari” tashkil etish.


Audit jarayonida sohada qayd etilgan muammolar va aniqlangan kamchiliklar vazirlik mas’ullari ishtirokida muhokama qilinib, ularni bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olish maqsadida vazirlikka tegishli ko‘rsatma yuborildi.

img