Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

16.09.2026

O‘zbekiston va Avstriya Oliy audit organlari audit sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

2026-yil 16-sentabr kuni Sloveniyaning Bled shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev va Avstriya Respublikasi Oliy audit organi rahbari, INTOSAI Bosh kotibi Margit Kraker o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda O‘zbekiston va Avstriya Oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, davlat auditi sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganish, xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish, raqamli audit va sun’iy intellektdan foydalanish, shuningdek, INTOSAI doirasidagi professional aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.


M. Abdullaev Avstriya Oliy audit organining davlat auditi sohasidagi boy tajribasi, professional yondashuvlari va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi faol ishtirokini alohida qayd etdi. Margit Krakerning INTOSAI Bosh kotibi sifatida Oliy audit organlarining mustaqilligi, o‘zaro tajriba almashinuvi va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan faoliyati yuqori baholandi.


Uchrashuvda Avstriya Oliy audit organining transport, iqlim o‘zgarishi, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, raqamlashtirish, energetika va jamoat xizmatlari kabi muhim sohalarda amalga oshirayotgan auditlari tajribasi muhokama qilindi.


Xususan, raqamlashtirish sohasidagi davlat dasturlari va ajratilayotgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini baholash, davlat dasturlarining aniq natijalarini o‘lchashga qaratilgan audit yondashuvlari O‘zbekiston Hisob palatasi uchun ham amaliy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.


Shuningdek, Avstriya Oliy audit organining o‘z faoliyatini xalqaro standartlar asosida baholash amaliyotiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zini o‘zi baholash va tashqi baholash mexanizmlaridan foydalanish audit sifatini ta’minlash va institutsional salohiyatni yanada oshirishning muhim vositasi ekani qayd etildi.


Tomonlar davlat auditi sohasida xalqaro standartlarni izchil joriy etish, audit sifatini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish, samaradorlik auditi, raqamli audit va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha tajriba almashishdan manfaatdor ekanini bildirdi.


Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Avstriya Oliy audit organi hamda INTOSAI Bosh kotibiyati bilan hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab olindi.


Xususan, 2026-yil dekabr oyidan 2027-yil davomida xalqaro standartlar — ISSAI bo‘yicha onlayn o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bunda rahbar xodimlar va auditorlar uchun alohida o‘quv modullari ishlab chiqilib, kurslar yakuni bo‘yicha Hisob palatasining ichki me’yoriy hujjatlarini ISSAI talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan takliflar tayyorlanadi.


Shuningdek, INTOSAI bilan munosabatlarni yanada kengaytirish va tashkilotning ustuvor ishchi guruhlarida ishtirok etish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, IT-audit, ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt, audit sifati kabi yo‘nalishlardagi ishchi guruhlarga a’zo bo‘lish imkoniyatlari o‘rganiladi. Ushbu jarayonda Avstriya tomonining ko‘magi va tajribasidan foydalanish ko‘zda tutilgan.


O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining INTOSAI loyihalarida ishtirokini kuchaytirish maqsadida har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha mas’ul vakillarni biriktirish va ishtirok rejalarini ishlab chiqish belgilandi.


Shu bilan birga, 2027-yil mart oyida Vena shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT simpoziumida auditda axborot texnologiyalari va sun’iy intellektni qo‘llash mavzusida ma’ruzachi sifatida ishtirok etishi hamda O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashish masalasi ham kelishib olindi.


Mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston Hisob palatasining masofaviy nazorat, axborot tizimlari va sun’iy intellektdan davlat auditida foydalanish bo‘yicha tajribasini taqdim etish rejalashtirilmoqda.

Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi ham o‘z navbatida raqamli audit va sun’iy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, masofaviy audit mexanizmlari hamda audit jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha tajribasini Avstriya Oliy audit organi bilan baham ko‘rishga tayyor ekanini bildirdi.


Tomonlar, shuningdek, qo‘shma va parallel auditlarni tashkil etish, auditorlar uchun o‘zaro stajirovkalar, ekspertlar almashinuvi va professional seminarlar o‘tkazish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.


Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining Yevropa davlatlari Oliy audit organlari va INTOSAI bilan professional aloqalarini kengaytirish, xalqaro standartlar va ilg‘or audit amaliyotini milliy davlat auditi tizimiga joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

img-0
img-1