Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

25.03.2026

Yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish auditi

Hisob palatasi tomonidan 2023–2024 yillar va 2025 yil I yarim yillikda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika va hududiy jamg‘armalar mablag‘larining natijadorligi masofaviy auditdan o‘tkazildi.

2023 yildan 2025 yilning I yarmiga qadar respublika jamg‘armasida 1,4 trln so‘m va hududiy jamg‘armalarda 1,9 trln so‘m tushum shakllantirilgan, 4,9 ming nafar mulkdorlarga yetkazilgan mulkiy zararlar uchun 3 trln so‘m kompensatsiya to‘langan.


Shundan, mulkiy zarar yetkazilgan yuridik va jismoniy shaxslarning 64 foiziga (3 142 nafar) kompensatsiya to‘lovlari sud qarorlari asosida to‘lab berilgan.


Shu bilan birga, jamg‘armalardan kompensatsiya berishda bir qator muammolar mavjud.


Jumladan:


– Jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari bo‘yicha monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.


Natijada, 75,4 mlrd so‘m kompensatsiya to‘langan 514 ta yer uchastkalarida hozirgi kungacha loyihalar amalga oshirilmagan yoki yakuniga yetkazilmagan.


– Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish maqsadlariga bog‘liq bo‘lmagan 4 ta obyektga 23,8 mlrd so‘m ajratilgan.


– Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida buzilgan ko‘chmas mulk obyektlari va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqning qiymatini aniqlash bo‘yicha 90 ta baholash hisobotlari me’yorlarga rioya etilmagan holda tuzilgan bo‘lib, shundan 73 tasida ekspertiza xulosalariga asosan ortiqcha baholash holatlari mavjud.


– Zararni qoplash bo‘yicha ayrim sud jarayonlari javobgar tomonidan zarur axborot bilan ta’minlanmaganligi oqibatida mulkdorga kompensatsiya sifatida berilgan yer maydoni inobatga olinmagan holda kompensatsiya to‘lash qarorlari qabul qilingan.


Masalan, Surxondaryo viloyatida kompensatsiya sifatida yer maydoni berilgan 2 nafar fuqaroga sud qaroriga asosan ortiqcha mablag‘ to‘langan.


– O‘rganilgan davrda 425 ta buziladigan ko‘chmas mulk obyekti va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar qonunchilikka zid ravishda mulkdor buyurtmasi asosida baholangan.


– Tashabbuskor tomonidan buziladigan obyektlardagi yaroqli qurilish materiallari hisobini yuritish, ularning bozor qiymatini aniqlash va realizatsiya qilish orqali jamg‘armalarning tushum manbalarini kengaytirish imkoniyati ishga solinmagan.


– Buziladigan obyektlarga bo‘lgan huquqlar o‘z vaqtida tugatilmaganligi oqibatida (350 nafar fuqaroning mulk huquqi tugatilmagan) ushbu obyektlarga nisbatan soliq hisoblanib kelingan.


– Hududiy jamg‘armalarga mahalliy budjetdan hamda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotishdan olingan daromadlar yetarli darajada o‘tkazilmaganligi sababli 213 nafar mulkdorlar oldidagi qarzdorliklar qoplab berilmagan.


Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.


– Iqtisodiyot va moliya vazirligining ko‘rsatmasiga asosan o‘tkazilmagan mablag‘larni hududiy kompensatsiya jamg‘armasiga yo‘naltirish choralari ko‘rish belgilandi.


– Yaroqli qurilish materiallari qiymatini kompensatsiya to‘lovlaridan chegirish bo‘yicha tegishli taklif Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.


https://ins-subsidiya.mf.uz veb saytida mulkiy zararlarni ro‘yxatga olish, tegishli hujjatlarni yuklash va zararlarni qoplash imkonini beruvchi platforma yaratilib, 57 ta qarzdorlik qoplab berilishi ta’minlandi.

img