Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

20.04.2026

Hisob palatasiga Sloveniya Respublikasi Oliy audit organi delegatsiyasi tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida Sloveniya Respublikasi Audit sudi (Oliy audit organi) raisi Yana Ahchin boshchiligidagi delegatsiya bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev qabul qildi.

Ma’lumot o‘rnida: Sloveniya Audit sudi davlat mablag‘laridan foydalanishni nazorat qiluvchi mustaqil davlat organidir. U Sloveniya davlati va Yevropa Ittifoqi mablag‘laridan foydalanadigan barcha muassasalarni auditdan o‘tkazadi. Idora Milliy Assambleya (Parlament)ga o‘zining faoliyati bo‘yicha yillik hisobotni taqdim etadi.


Uchrashuv avvalida mazkur tashrif O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim qadam ekani ta’kidlandi. Bu jarayonlar ikki davlat rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati va keng ko‘lamli islohotlar natijasi ekani alohida aytildi.


Sloveniyaning davlat boshqaruvi, shaffof moliyaviy tizim va audit sohasida erishgan yutuqlari yuqori baholanib, ushbu tajribalar O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, davlat auditini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, raqamlashtirishni ta’minlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.


Jumladan, Hisob palatasi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan Prezident Farmonlari, “Masofaviy audit” axborot tizimi, sun’iy intellektga asoslangan “HP-AI Audit Assistant” platformasi hamda Big Data texnologiyalari asosida budjet mablag‘larining samaradorligini onlayn nazorat qilish tizimi joriy etilgani ta’kidlandi.


Sloveniya vakillari tomonidan ushbu idoraning faoliyati, huquqiy asoslari, uning oldida turgan maqsad va vazifalari hamda audit mavzularini tanlash yondashuvlari bo‘yicha tematik prezentatsiyalar taqdim etildi.


O‘z navbatida, O‘zbekiston Hisob palatasi auditorlari tomonidan davlat budjetini audit qilish va nazorat mexanizmlari, xalqaro standartlarni audit jarayonlariga joriy qilish, raqamli transformatsiya va masofaviy nazoratni tashkil etish mavzularida prezentatsiyalar qilindi.


Uchrashuv yakunida ikki idora o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu hujjat asosida Tomonlar tashqi davlat auditi metodologiyasi sohasida tajriba almashish, xodimlarning kasbiy tayyorgarligi va professional ko‘nikmalarini oshirish, hujjatlar almashish hamda o‘zaro maslahatlashuvlar, qo‘shma va parallel auditlar va tematik vebinarlar o‘tkazishga kelishib oldi.


Sloveniya Audit sudining audit yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlash tajribasi (Post-audit report) o‘rganilishi belgilandi. Sloveniyaning davlat mablag‘laridan foydalanuvchilarga ularning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha professional maslahat berish tajribasi tahlil qilinib, tegishli tartibda joriy etilishi ham kun tartibidan joy oldi.


Shu bilan birga, Sloveniya Audit sudining quyidagi yo‘nalishlardagi ilg‘or tajribasi O‘zbekiston uchun alohida qiziqish uyg‘otayotgani bildirildi:


davlat budjeti ijrosi bo‘yicha audit;


munitsipalitetlar faoliyati auditi;


davlat ulushi mavjud tashkilotlar auditi;


investitsiya loyihalari va tabiiy resurslarni boshqarish auditi.


Tomonlar kelgusida o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma tadbirlar tashkil etish va professional salohiyatni oshirishga qaratilgan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Sloveniya tomoni joriy yilning sentabr oyida Bled shahrida bo‘lib o‘tadigan “Vishegrad guruhi 4+2” yig‘ilishiga ilk bor O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasini taklif qildi.


Uchrashuv yakunida mehmonlarga Hisob palatasida tashkil etilgan Masofaviy nazorat markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish taklifi berildi.


Mazkur tashrif doirasida o‘tkazilgan muloqotlar O‘zbekiston va Sloveniya oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda samarali davlat auditi tizimini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

img-0
img-1img-2