Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

05.04.2026

Aloqabankda “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida yoshlarning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorlik auditi

Hisob palatasi tomonidan Aloqabankda “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida yoshlarga ish o‘rinlarini yaratish hamda ularning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorlik auditidan o‘tkazildi.

Audit jarayonida dastur doirasida ajratilgan imtiyozli mablag‘lardan unumli foydalanish, yoshlar uchun ish o‘rinlarini yaratish, startap loyihalarini moliyalashtirish masalalariga ko‘proq e’tibor qaratildi.


Dastur doirasida “Yoshlar uchun ish o‘rinlari”, “Biznesga birinchi qadam” loyihalari doirasida mablag‘lar ajratilib, yoshlarning bandligi ta’minlangan va startap loyihalarga investitsiyalar kiritilgan.


Dastur doirasida 2025-yil 1-noyabr holatiga 904,6 mlrd so‘mlik 8 206 ta kreditlar ajratilgan.

Bank ustav kapitaliga yo‘naltirilgan mablag‘lar hisobidan 33 ta startaplarga 25,7 mlrd so‘m (2,1 mln doll.) investitsiyalar kiritilgan.


Audit jarayonida quyidagi xatoliklar aniqlangan:


– ajratilgan kreditlarning 3 571 tasi bo‘yicha monitoring kechiktirib o‘tkazilgan bo‘lsa, 1 434 tasining maqsadliligi o‘rganilmagan;


– ayrim holatlarda kreditlarni maqsadsiz ishlatish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, kredit pullari kelib tushgan plastik kartalar orqali mablag‘lar spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, turistik xizmatlar, bank kassalari orqali xorijiy valyuta sotib olish uchun sarflangan;


– Bank tomonidan imtiyozli resurslar boshqa banklardan (Ipak yo‘li banki, Infinbank, Davrbank) jalb qilingan depozitlarni qoplashga hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olishga yo‘naltirilgan;


– Dastur doirasida kredit olgan tadbirkorlik subyektlariga bepul xizmat ko‘rsatilishi belgilangan bo‘lsada, xizmat foizi undirish holatlari mavjud;


– ish o‘rinlari yaratib o‘zini-o‘zi band qilgan 480 nafar shaxslar o‘rganish kuniga faoliyatini to‘xtatgan;


– “Yoshlar uchun ish o‘rinlari” loyihasi doirasida yaratilgan ish o‘rinlari soni biznes-rejada ko‘rsatilganidan 1 310 taga kam.


Audit natijalari bo‘yicha dastur doirasida ajratilgan imtiyozli mablag‘lardan unumli foydalanish, yoshlar uchun ish o‘rinlarini yaratish hamda yoshlarning tadbirkorlik g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida takliflar ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritildi.


Bundan tashqari, xatoliklarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olish maqsadida Markaziy bank va Aloqabankka ko‘rsatmalar kiritildi. Natijada:


Aloqabank boshqaruvi tomonidan 24 ta banddan iborat chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi;


kredit mablag‘lari tushadigan bank kartalarini spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, turizm, kommunal to‘lovlar, ovqatlanish va oziq-ovqat do‘konlari terminallari orqali ishlatilishiga texnik cheklov o‘rnatildi;


kredit mablag‘lari ajratilgan jismoniy shaxslarning o‘zini o‘zi band qilganligi yuzasidan soliq organlari bazasi bilan ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi;


asossiz undirilgan bank daromadi tadbirkorlarga qaytarildi.


Audit natijasi bo‘yicha berilgan takliflardan kelib chiqib:


-startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2026-yil 11-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-59-son qarori qabul qilindi;


-2026-2028-yillar uchun maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilash maqsadida “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqilib, hozirda vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.


img