27.02.2026
Hisob palatasida davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan vebinar o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida davlat auditi va moliyaviy nazorat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Hisob palatasi raisining o‘rinbosari Sardor Alisherovich Mirzaev ma’ruza qildi.
Tadbir 2025-yil 18-dekabrda qabul qilingan PF-252-son Farmon talablarini amaliyotga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlandi. Seminarda G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda hududiy moliya va g‘aznachilik organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Farmonga muvofiq, joriy yil 1-apreldan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida Hisob palatasining vakili — bosh inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu institut byudjet qonunchiligi buzilishining oldini olish, mablag‘lardan foydalanishda xavflarni baholash, davlat xaridlari jarayonlari qonuniyligini ta’minlash, tashqi qarz va grant loyihalarini nazorat qilish hamda korrupsiyaviy xatarlarni o‘rganish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Ta’kidlanganidek, bosh inspektor ichki audit vazifalarini takrorlamaydi va ichki audit shtat birliklarini qisqartirish hisobidan tashkil etilmasligi lozim.
Hisob palatasi faoliyatida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi davlat moliyaviy nazorati infratuzilmasining muhim bo‘g‘iniga aylandi.
Mazkur tizim vazirlik, idora va banklarning ko‘plab axborot bazalari bilan integratsiya qilingan bo‘lib, audit tadbirlarining katta qismi masofadan amalga oshirilmoqda. Bu esa nazorat samaradorligini oshirish, inson omilini kamaytirish va tahlil ishlarini chuqurlashtirish imkonini bermoqda.
Shuningdek, hududiy Iqtisodiyot va moliya boshqarmalarida “Situatsion markazlar” tashkil etish orqali risklarni barvaqt aniqlash va profilaktik choralarni kuchaytirish rejalashtirilgan.
2024-yil 10-iyuldagi PF-100-son Farmonga muvofiq, mahalliy byudjetlar ijrosi bo‘yicha yillik hisobotlarning tashqi auditi natijalari hamda kelgusi yil byudjet loyihalariga Hisob palatasi xulosalari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida muhokama qilinmoqda.
2025-yilda mahalliy byudjet daromadlari va xarajatlari ijrosi, shuningdek, qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish orqali mahalliy byudjetlar daromad bazasini kengaytirish imkoniyatlari tahlil qilinib, tegishli xulosalar hududiy hokimliklarga taqdim etildi.
Shu bilan birga, tashqi audit natijalari davlat xaridlarida qonunchilik talablariga to‘liq rioya etish, byudjet parametrlariga o‘zgartirish kiritishda ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilash hamda kreditor qarzdorliklarni qisqartirish zarurligini ko‘rsatdi.
2025-yilda davlat dasturlari doirasida hududlarga yo‘naltirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish, infratuzilmaviy loyihalarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Mablag‘larning maqsadli sarflanishi va natijadorligini ta’minlash bo‘yicha nazorat choralari kuchaytirilmoqda.
Ma’ruzada joriy yil korrupsiyaga qarshi kurashishda “favqulodda yil” sifatida e’lon qilingani alohida ta’kidlandi. Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining byudjet mablag‘laridan foydalanishdagi shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda.
Shu munosabat bilan, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlarini mustahkamlash, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish zarurligi qayd etildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga qonunbuzilishlarning oldini olish, byudjet intizomini mustahkamlash va davlat moliyaviy nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Boshqa yangiliklar
Davlat qarzi hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar va investisiyalar bo‘yicha amaliy seminar
1001
16.09.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_d2bf14db6596240994e735b0.jpg)
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida o‘tkazilgan samaradorlik auditi natijalari
81
10.04.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_5c291a994950d6d476c1c625.jpg)
Prezident Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
1003
19.06.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/458ab4db-04c2-a944-9997-44e758329b59.jpg)
1345
26.01.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_f5931ac976b5d1f3a488568e.jpg)
BAYRAM TABRIGI
190
06.03.2026