Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

17.08.2026

Latviyada Oliy audit organlari ishtirokida yuqori darajadagi forum bo‘lib o‘tdi

2026-yil 18-avgust kuni Latviya Respublikasida Yevropa Ittifoqining Sharqiy hamkorlik mamlakatlari va O‘zbekiston oliy audit institutlari ishtirokida yuqori darajadagi forum o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi birinchi o‘rinbosari M. Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.


Forumning ochilish marosimida Latviya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baiba Braže so‘zga chiqib, Yevropa xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda kuchli va samarali boshqaruvga ega davlatlarning muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.


Qayd etilganidek, davlat moliyaviy nazorati va tashqi audit institutlarini rivojlantirish, ularning salohiyatini mustahkamlash hamda xalqaro standartlarni joriy etish samarali davlat boshqaruvining muhim shartlaridan biridir. Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik davlat institutlariga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash, davlat mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.


Forumda Latviya tomonining Ukraina, Moldova, Armaniston va O‘zbekiston bilan davlat auditi sohasidagi uzoq muddatli hamkorligi alohida qayd etildi. Jumladan, Latviya tajribasi asosida davlat boshqaruvi, Yevropa integratsiyasi jarayonlari hamda xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi tajribalarni hamkor davlatlar bilan almashish muhimligi ta’kidlandi.


Tadbirda Ukraina va Moldovaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvi jarayonida davlat moliyaviy boshqaruvi va tashqi audit tizimlarini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.


Shuningdek, islohotlarning izchil davom ettirilishi, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda davlat moliyasini boshqarish samaradorligini oshirish ushbu jarayonlarning muhim yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tildi.


O‘zbekiston bilan hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishda O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlik, transport va savdo aloqalarini kengaytirishdagi ahamiyati ta’kidlandi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan davlat boshqaruvi, samaradorlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan islohotlar yuqori baholandi.


Ma’lumot o‘rnida, Latviya Davlat audit idorasi tomonidan 2016-yildan buyon Yevropa Ittifoqining Sharqiy hamkorlik mamlakatlari va O‘zbekiston oliy audit institutlari salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan rivojlanish hamkorligi loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.


Mazkur loyiha doirasidagi hamkorlik dastlab ISSAI xalqaro standartlarini qo‘llash bo‘yicha alohida o‘quv tadbirlaridan boshlangan bo‘lsa, bugungi kunda uzoq muddatli institutsional hamkorlik darajasiga ko‘tarilgan.


O‘zbekiston va Latviya oliy audit institutlari o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasini ham qamrab olgan.


Mazkur hamkorlik doirasida davlat auditi metodologiyasini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish, auditorlar malakasini oshirish hamda ilg‘or tajriba almashish bo‘yicha qator yo‘nalishlarda ishlar olib borilmoqda.


Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi delegatsiyasining Latviya davlat organlari, Davlat audit idorasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan qator uchrashuvlari ham o‘tkazilmoqda.


Ushbu uchrashuvlarda ikki mamlakat oliy audit institutlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, xalqaro audit standartlarini joriy etish, davlat moliyaviy boshqaruvi samaradorligini oshirish hamda tajriba almashish masalalari muhokama qilinmoqda.


Forum va uchrashuvlar O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida davlat auditi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy audit yondashuvlarini rivojlantirish va xalqaro ilg‘or tajribalarni milliy amaliyotga tatbiq etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

img