01.07.2026
Oʻzsanoatqurilishbankda muammoli kredit qarzdorliklari tahlili natijalari
Hisob palatasi tomonidan Oʻzsanoatqurilishbankda muammoli kredit qarzdorliklarini undirish holati yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, 2026-yilning 1-mart holatiga Bank aktivlari 102,5 trln soʻmni tashkil etib, oxirgi 3 yilda 51 foizga oʻsgan.
Kredit portfeli 64,4 trln soʻmni (yuridik shaxslar ulushi – 85,2 foiz (54,9 trln soʻm), jismoniy shaxslar – 14,8 foiz (9,5 trln soʻm)) tashkil qilib, shu davrda 12,8 trln soʻm yoki 24,8 foizga oʻsgan.
2026-yilning 1-mart holatiga muammoli kreditlar 2,3 trln soʻmni (jami kreditlarning 3,6 foizi) tashkil etib, 3 yilda 625 mlrd soʻmga (38,4 foiz) oʻsgan (yuridik shaxslar – 1,9 trln soʻm (81 foiz), jismoniy shaxslar – 450 mlrd soʻm (19 foiz)).
Kreditlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun yaratilgan zaxiralar 2,6 trln soʻmni (jami kreditlardagi ulushi 4,1 foiz) tashkil etib, 3 yilda 1,7 trln soʻm yoki qariyb 3 barobarga oʻsgan.
Oʻrganish jarayonida faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan ayrim xato va kamchiliklar aniqlangan.
Jumladan:
• ayrim kreditlar shartlari qayta koʻrib chiqilgan hamda sud jarayonida boʻlishiga qaramasdan balansning tegishli hisobvaraqlarida aks ettirilmagan;
• soʻnggi 3 yilda yirik miqdordagi muammoli kreditlar “umidsiz” deb tasniflanib, bank xarajati hisobiga balansdan tashqari hisobvaraqlarga olib oʻtish orqali salmogʻi qisqartirilgan;
• bankda muammoli aktivlar bilan ishlash siyosati ishlab chiqilmagan va ushbu siyosat doirasida tegishli talablar, yondashuvlar hamda tartiblar shakllantirilmagan;
• bank tomonidan muammoli qarzdorliklarni undirish borasida yetarli ishlar tashkil qilinmaganligi, kredit taʼminoti hisobini yuritish doimiy nazorat qilib borilmaganligi natijasida:
– Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan toʻlab berilishi rad etilgan kompensatsiyalar summasini mijozlardan undirish choralari koʻrilmagan;
– muammoli kreditlar maʼlumotlarini jamlovchi va erta ogohlantiruvchi indikatorlar asosida ishlovchi dasturiy taʼminot toʻliq joriy etilmagan;
– kredit taʼminoti sifatida sugʻurta polisi qabul qilingan ayrim kreditlar boʻyicha polislarning amal qilish muddati tugagan.
Oʻrganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ishlar tashkil qilinib, koʻrsatilgan amaliy yordam natijasida:
• muammoli aktivlar bilan ishlash siyosati loyihasi ishlab chiqildi;
• 23 mlrd soʻm qarzdorlik muddati oʻtgan kredit hisobvaraqlarida aks ettirildi;
• 50 ta kredit boʻyicha foiz qarzdorliklari balansning muddati oʻtgan foizlar hisobvaraqlarida aks ettirilib, shundan 8,7 mlrd soʻm undirildi;
• sud jarayonidagi hamda shartlari qayta koʻrib chiqilgan kreditlar tegishli hisobvaraqlarga oʻtkazildi va 53,4 mlrd soʻm undirildi;
• 776,2 mlrd soʻmlik kreditlar boʻyicha muddati oʻtgan sugʻurta polislarining amal qilish muddati uzaytirildi, 6,3 mlrd soʻmlik kreditlar toʻliq soʻndirildi.
Oʻrganish natijasi boʻyicha muammoli qarzdorliklar ulushini yanada kamaytirish, bu borada faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Xususan:
• Davlat aktivlari agentligi bilan birgalikda Agentlikka mol-mulklarni topshirish natijasida yuzaga kelgan debitor qarzdorliklarni undirish grafigini ishlab chiqish va joriy yil yakuniga qadar undirish choralarini koʻrish;
• sud qarorlari chiqarilgan qarzdorliklarni sugʻurta kompaniyalaridan undirish choralarini koʻrish;
• kredit portfeli tarkibidagi istiqbolsiz deb topilgan muammoli kreditlarni undirish ishlarini jadallashtirish;
• kreditlar ajratishning barcha bosqichlarini va muammoli kreditlar bilan ishlash jarayonlarini dasturiy taʼminot orqali toʻliq raqamlashtirish hamda muammoli kreditlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish kabi tavsiyalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida yoʻl qoʻyilishining oldini olish maqsadida Oʻzsanoatqurilishbankka Hisob palatasi koʻrsatmasi kiritildi. Natijada:
– Bank boshqaruvi tomonidan aniqlangan holatlar muhokama qilindi va chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi;
– Muammoli aktivlar bilan ishlash siyosati Bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlanib, Kuzatuv kengashida muhokama qilindi;
– Davlat aktivlari agentligiga topshirilgan mulklarning balans qiymatini Agentlik tomonidan toʻliq qoplab berish yoki davlat ulushi boʻyicha hisoblanadigan dividendlar hisobidan hisob-kitob qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqildi;
– aktivlarga qoʻshimcha zaxiralarni yaratish boʻyicha reja ishlab chiqildi;
– Bank kredit portfelidagi “umidsiz” kreditlar balansdan tashqari hisob raqamlariga oʻtkazildi.
Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_ff8c6fb7e81fe4fbfa8b6af2.jpg)
HUDUDIY IJTIMOIY VA ISHLAB CHIQARISH INFRATUZILMANI RIVOJLANTIRISH DASTURLARI IJROSI TAHLILI NATIJALARI
219
13.05.2026
Strategik davlat korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi
681
12.03.2026
Turkiya Hisob sudi tomonidan risklarni boshqarish mavzusida onlayn o‘quv treninglari o‘tkazildi
23
25.12.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_1ae5bb8f23d13809e328ce2d.jpg)
Tejamkorlik va barqarorlikni ta'minlashga bag‘ishlangan navbatdagi seminar
1671
05.02.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_e00aada1263b4ab6f4dfc2f4.jpg)
“Dori-Darmon” AK auditdan o‘tkazildi
2029
21.09.2025