Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

08.06.2026

Davlat auditi sohasida yangi ta’lim imkoniyatlari yaratilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi “Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-252-son Farmoniga asosan iqtidorli yoshlarni davlat auditi sohasiga maqsadli yo‘naltirish, sohada ta’lim va ilmiy-tadqiqot integratsiyasini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ta’lim yo‘nalishi shaklida huquqiy maqomi oliy ta’lim tashkiloti fakultetiga tenglashtirilgan Davlat auditi oliy maktabi tashkil etildi.

Mazkur Farmon ijrosi va xalqaro standartlar hamda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida mamlakatimizda davlat auditi yo‘nalishida yetuk va malakali kadrlar tayyorlanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-maydagi “Davlat auditi sohasiga iqtidorli yoshlarni maqsadli yo‘naltirish, yetuk va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi 248-son qarori qabul qilindi.


Ushbu Qarorda yangi tashkil etilgan “Davlat auditi” ta’lim yo‘nalishini akademik litsey va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘rtasida targ‘ib qilish, mazkur yo‘nalish talabalari uchun yaratilgan sharoitlar hamda o‘qish davrida va o‘qishni tamomlagandan so‘ng taqdim etiladigan imkoniyatlar haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi belgilangan.


O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda “Davlat auditi oliy maktabi” to‘g‘risidagi ma’lumotlarni abituriyentlarga yetkazish maqsadida respublika bo‘ylab barcha aniq fanlarga ixtisoslashgan akademik litseylar va maktab bitiruvchilari ishtirokida targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini amalga oshirmoqda.


Jumladan, “Davlat auditi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishining o‘quv dasturlari dunyoning nufuzli Quacquarelli Symonds (QS) va Times Higher Education (THE) tashkilotlari reytinglarida sohalar bo‘yicha birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida ishlab chiqilgani, Hisob palatasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgani va tasdiqlangani haqida ma’lumotlar taqdim etildi.


Shuningdek, xalqaro moliyaviy hisobot standartlari bo‘yicha dunyo miqyosida tan olingan ACCA sertifikatlarini olish imkoniyati yaratilgani hamda talabalar O‘zbekistonning rasmiy Ichki audit milliy malaka sertifikatini qo‘lga kiritishlari mumkinligi haqida ma’lumot berildi.


Oliy maktab bitiruvchilari uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari, sun’iy intellekt va Big Data texnologiyalari bilan ishlash ko‘nikmalari, zamonaviy audit vositalari — “Davlat auditi” dasturiy kompleksi va “Masofaviy audit” axborot tizimida amaliy tajriba orttirish imkoniyatlari mavjudligi, shuningdek, Hisob palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi kabi markaziy tashkilotlar bilan amaliyot o‘tash va hamkorlik qilish imkoniyatlari alohida ta’kidlandi.


Bundan tashqari, Davlat auditi oliy maktabiga qabul jarayoni, eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan bitiruvchilar Hisob palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishga saralab olinishi haqida ma’lumot berildi.


Shu bilan birga, barcha ACCA modullari (F1 dan F9 gacha) o‘qitilishi, dastur tarkibida sun’iy intellekt, Big Data va raqamli audit texnologiyalari o‘rgatilishi hamda Davlat auditi va masofaviy nazorat platformalarida amaliy mashg‘ulotlar TOP-300 universitetlar tajribasi asosida tashkil etilishi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.


Uchrashuvlar davomida abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berilmoqda, shuningdek, davlat auditi sohasida faoliyat yuritishning afzalliklari va istiqbollari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilmoqda.


Mazkur targ‘ibot tadbirlari davlat auditi sohasiga qiziqadigan iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni maqsadli tayyorlash hamda mamlakatimiz davlat auditi tizimini zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.


Ushbu ishlar kelgusida davlat auditi tizimining samaradorligini yanada oshirish va sohada professional kadrlar zaxirasini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

img-0
img-1img-2