Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

01.06.2026

“Yashil makon” loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi auditi

Audit jarayonlari 2023-2024-yillar va 2025-yilning 9 oyini qamrab olgan holda O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tizimi hamda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari misolida o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, o‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tizimidagi 79 ta o‘rmon xo‘jaligi balansida 7,1 mln ga, shundan 4,2 mln ga o‘rmonli (71 foizi yoki 3 mln ga o‘rmon) va 2,9 mln ga o‘rmonsiz (72 foizi yoki 2,1 mln ga yaylov) yerlar mavjud.


2021-2025 yillarda o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi islohotlar natijasida qo‘shimcha 1,5 mln ga (2019 yil holatiga – 3,2 mln ga) o‘rmonzor va butazor maydonlari tashkil etilgan.


Shuningdek, 6,1 ming tonna daraxt va butalar urug‘i, 599,1 mln dona daraxt va butalarning nihol va ko‘chatlari yetishtirilgan hamda 10,7 ming ga maydonda ihota daraxtzorlari barpo etilgan.


O‘rmonlarni muhofaza qilish, ko‘paytirish, mablag‘lardan oqilona foydalanishda bir qator kamchiliklar aniqlandi. Xususan:


-o‘rmon xo‘jaliklarida xodimlarga munosib mehnat va moddiy-texnik sharoitlar yetarli darajada yaratilmaganligi;


-o‘rmon qo‘riqchilari uchun o‘rmonlarda har yili kamida 50 tadan o‘rmonchilar uyi va kuzatuv minoralarini qurish vazifasi belgilangan bo‘lsada, me’yor bo‘yicha tashkil etilmaganligi;


-o‘rmon xo‘jaliklarida o‘rmon muhofazasiga mas’ul ishchilar maxsus transport vositalari, asbob-uskunalar (binokl, dron, ratsiya, videokuzatuv va boshqalar), kiyim-bosh bilan yetarli darajada ta’minlanmaganligi;


-“Yaylovlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan yaylovlarda geobotanik tadqiqotlar yetarli darajada amalga oshirilmaganligi;


-o‘rmon xo‘jaliklari fondi hisobidan chiqarilgan yer maydonlarida ko‘zda tutilgan loyihalar boshqa maqsadlarda foydalanilganligi;


-o‘rmon fondi yer maydonlarini ijaraga berish jarayonlarida belgilangan tartib-qoidalarga to‘liq rioya qilinmaganligi oqibatida ijara to‘lovi intizomi ta’minlanmaganligi;


-daraxt kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi, bunda “Yashil hudud” korxonasi imkoniyatlaridan samarali foydalanilmayotganligi soha mas’ullariga ko‘rsatib o‘tildi.


Audit natijalari bo‘yicha “Yashil makon” loyihasi va o‘rmonlarni boshqarish tizimida mavjud muammolarni bartaraf etish va samaradorlikni oshirish maqsadida tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.


Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 25.03.2026 yildagi ““Yashil makon” umumilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-47-sonli Farmonida o‘z aksini topdi. Jumladan:


-O‘rmon agentligi huzuridagi “Yashil bog‘larni boshqarish o‘rmon ilmiy-tajriba markazi” davlat muassasasi qayta tashkil etildi;


-“Yashil bog‘larni boshqarish o‘rmon ilmiy-tajriba markazi” tarkibida alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda hududlardagi “Daraxt kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati” tashkil etilib, tizim to‘liq yo‘lga qo‘yilishi belgilandi;


-O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 25 dekabrdagi “Soliq va budjet siyosatining 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1108-son Qonuni bilan Soliq kodeksining 424 va 433 moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.


Bunga ko‘ra:


a) davlat organlari va muassasalari bilan tuzilgan ijara shartnomalari asosida berilgan yerlar uchun to‘lanadigan ijara to‘lovi yer solig‘iga tenglashtirildi;


b) yer uchastkalarini ijaraga olgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan yer solig‘i to‘lovchilari uchun belgilangan soliq stavkalari, imtiyozlari va hisobot berish tartibi to‘liq tatbiq etiladigan bo‘ldi.


O‘rganish natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklar mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, ularni bartaraf etilishi va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

img