Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

24.05.2026

Latviya Oliy audit organi vakillari Valentin Persans va Zane Vintere: Auditni raqamlashtirish istiqbollari haqida

Toshkent shahrida “Audit jarayonlarini raqamlashtirish va katta hajmli (Big Data) ma’lumotlarni sun’iy intellekt orqali tahlil qilish” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya doirasida ishtirok etgan Latviya Oliy audit organi vakillari Valentin Persans va Zane Vintere tadbirning ahamiyati hamda davlat auditini raqamlashtirish bo‘yicha Latviya tajribasi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ular O‘zbekiston yana qaytib kelib, yanada chuqurroq kashf etishni istaydigan mamlakatlardan biri ekanini qayd etdilar. Boy madaniyati, mehmondo‘st va samimiy insonlari, go‘zal va ozoda muhiti hamda rivojlanib borayotgan taraqqiyoti ularda juda katta taassurot qoldirganini bildirdilar.


Shuningdek, yaqin kelajakda oila a’zolari bilan albatta O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganliklarini aytib, mamlakatning juda chiroyli va boy tarixga ega ekanini e’tirof etdilar.


Hisob palatalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga to‘xtalar ekan, ular ushbu hamkorlik samarali va sermahsul tarzda rivojlanayotganini, tajriba almashinuvi har ikki tomon uchun nihoyatda muhim ekanini ta’kidladilar. Ular ushbu hamkorlikni yuksak qadrlashlarini, chunki bu muassasalar faoliyatini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam ekanini qayd etdilar.


Konferensiya haqida so‘z yuritar ekan, vakillar tadbir yuqori darajada tashkil etilganini hamda muhokama qilingan mavzular bugungi kunda dolzarb va muhim ahamiyatga ega ekanini, hatto madaniy dasturlar ham juda ajoyib bo‘lganini ma’lum qildilar.


Ayniqsa, O‘zbekistonning raqamlashtirish sohasidagi tajribasi va amaliy vositalarini namoyish etgani ularda katta taassurot qoldirganini ta’kidlashdi.


Vakillar ushbu konferensiyada ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lganidan mamnunligini va bu tajribani yuksak qadrlashini, tashkiliy dastur juda puxta o‘ylanganini, unda O‘zbekiston tarixi elementlari ham aks etganini, bu esa ularga o‘zbek xalqining an’analari va mamlakatning bugungi rivojlanishini yaxshiroq tushunish imkonini berganini alohida e’tirof etdilar.


Hisob palatasining “Masofaviy markazi” to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, ular bundan juda katta taassurot olganini aytib, bu yerda joriy etilgan texnologiyalar va vositalar yuqori darajada rivojlangan bo‘lib, hatto tasavvur qilganlaridan ham yuqori saviyada ekanini ma’lum qildilar.


Shuningdek, mehmonlar barcha vositalar ularda katta qiziqish va hayrat uyg‘otganini, raqamlashtirish darajasi juda yuqori ekanini va bu davlat tashkilotlari faoliyatida samarali ishlashi mumkinligini bildirib, kelajakda o‘z tashkilotida ham markazning ayrim jihatlarini joriy qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish bo‘yicha tashkilot rahbariyatiga taklif kiritishini ta’kidladilar.


O‘z navbatida, mutaxassis IT audit va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha takliflarga to‘xtalar ekan, tizim orqali aniqlangan xavflar va ularni boshqarish mexanizmlari bilan hali to‘liq tanish emasligini, biroq audit jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha qo‘llanilayotgan yondashuvlar va tajribalar bilan yaqindan tanishish qiziqarli bo‘lishini aytib o‘tdi.


Bu sohadagi tajriba almashinuvi kelgusida yanada samarali hamkorlik qilish imkonini berishini ta’kidladi.


Zane Vintere konferensiya va tashrif davomida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik, e’tibor va qo‘llab-quvvatlash bilan ushbu tashrifning yanada samarali va mazmunli o‘tishiga xizmat qilgan barcha tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

img