Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

11.05.2026

“O‘ZSUVTA’MINOT” AJ FAOLIYATI, ICHIMLIK VA OQOVA SUV TA’MINOTI SOHASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN CHORA-TADBIRLAR HAMDA TASHQI QARZ LOYIHALARI AUDITI NATIJALARI

Hisob palatasi tomonidan 2026 yil 1-chorakda “O‘zsuvta’minot” AJ faoliyati, ichimlik va oqova suv ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda tashqi qarz loyihalari auditdan o‘tkazildi.

Ma’lumot tarzida qayd etish joizki, 2025-yilda Respublika bo‘yicha 82,4 foiz (31,5 mln) aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.


2023–2025-yillarda 3 472 ta obyektda qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borilgan bo‘lib, shundan 3 259 ta obyekt foydalanishga topshirilgan.


Natijada 9,5 mln aholi va 11 mingta tadbirkorlik subyektining ichimlik va oqova suv ta’minoti yaxshilangan bo‘lsa, shundan aholining 35 foizi, tadbirkorlarning 46 foizi ilk marta ichimlik va oqova suv bilan ta’minlangan.


Audit jarayonida sohada qator muammolar va kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Jumladan:


-2025-yilda ichimlik suvi namunalarining bakteriologik tahlil bo‘yicha 6,3 foizi, kimyoviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha 4,9 foizi hamda qishloq suv inshootlari suv namunalari esa tegishlicha 6,8 foizi va 8,1 foizi sanitariya me’yor talablarga javob bermagan;


-01.01.2026-yil holatiga 4,4 mln ta abonent (jamiga nisbatan 85,6%) hamda 3 865 ta (30,4%) suv inshootiga hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lib, shundan 533 mingta (12,1%) abonent va 2 410 ta (62,4%) suv inshooti hisoblagichining qiyoslash muddati o‘tib ketgan.


-Korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan suvning yo‘qotilishi 2023 yilda 483,2 mln m3 (30,2%), 2024-yilda 500,9 mln m3 (33,9%), 2025-yil 9 oyda 468,9 mln m3 (40,4%) tashkil qilgan.


-Respublikada umumiy quvvati 3,6 mln m3/sutka bo‘lgan 64 ta oqova suv hamda 191 ta lokal (maishiy) tozalash inshooti mavjud bo‘lib, ularning amalda 2,6 mln m3/sutka (72,2%) quvvatda ishlamoqda.


-Bugungi kunda 32 ta maishiy oqova va 1 ta lokal tozalash inshooti jismonan va texnologik jihatdan eskirgani sababli samaradorligi 50 foizdan pasayib, ta’mirtalab holatga kelib qolganligi oqibatida oqova suvlar tozalanmasdan ochiq suv havzalariga tashlab kelinmoqda.


-oqova suvlar tashlanadigan joylar ta’sir zonasidagi suv havzalaridan olingan namunalarning 7,3 foizi mikrobiologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha gigiyenik talablarga javob bermagan hamda 9,6 foizi sanitariya-kimyoviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha nomuvofiq;


-tarif loyihalari ishlab chiqilishida moliyaviy sanksiyalar, jarimalar hamda ishlab chiqarishga bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar kiritilgan;


-2023–2024-yillarda tariflarini shakllantirishda me’yoriy yo‘qotishlar miqdorini o‘rtacha belgilangan 28 foizdan 33 foizga oshishi natijasida 133 mln m³ ichimlik suvining samarasiz sarflanishiga yoki har 1 m³ suv uchun o‘rtacha 135,4 so‘m qo‘shimcha xarajatga olib kelgan;


-“Water data” yagona ma’lumotlar bazasi hamda Avtomatlashtirilgan ombor tizimini joriy etish muddati 2024-yil dekabr oyi belgilangan bo‘lsa-da, tizim audit davriga qadar joriy etilmagan (PQ-343, 24.10.2023-y.);


-ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlaridan qarzdorligi mavjud hamda ushbu qarzdorlikni undirish bo‘yicha iste’molchilarni elektr energiyasi ta’minotidan uzish mexanizmi joriy etilmagan (muddat: 01.01.2024-y.);


Respublika bo‘yicha iste’molchilarning 1,7 mln nafari (33,5%) 6 oy, 1,1 mln nafari (21,8%) 1 yil, 742 ming nafari (14,5%) 2 yildan ortiq to‘lovlarni amalga oshirmagan.


-SCADA tizimlari alohida infratuzilma ko‘rinishida tashkil etilib, Jamiyat tomonidan yagona siyosat yuritilmagan, markazlashgan tartibda monitoring va nazorat olib borilmagan;


-hisoblagichlar o‘rnatilmaganligi, ekspluatatsiya yo‘lga qo‘yilmaganligi, infratuzilma to‘liq shakllanmaganligi, loyiha puxta rejalashtirilmaganligi oqibatida 22 ta obyekt foydalanilmasdan samarasiz qolmoqda;


Misol uchun, Davlatobod, Pop va Chust tumanlarida foydalanishga topshirilganiga 2,5 yil bo‘lgan 3 ta obyektni ekspluatatsiya qilish uchun shtat ajratilmagan.


Yoki, Bo‘ka va Pskent tumanlarida amalga oshirilgan va loyihada aholini qamrab olish uchun ichki tarmoqlarni tortish to‘liq ko‘zda tutilmagani sababli tarmoqqa birorta abonent ulanmagan.


-5 ta loyiha doirasida o‘rnatilgan uskuna jihozlar nosozligi yoki ulardan foydalanish uchun qo‘shimcha xarajatlar talab etilishi sababli 8 ta holatda mablag‘lar samarasiz sarflangan.


-Asosiy faoliyati qurilish-pudrat ishlari bo‘lmagan hamda sohaviy reytingda bo‘lmagan “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ bilan 5 ta shartnoma imzolangan.


-55 ta obyektda ishlar to‘liq bajarilmagan yoki ishlar bajarilgani haqida hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilmagan bo‘lsa-da, obyektlar foydalanishga qabul qilingan;


Misol uchun, “Davlatobod tumani “Ijodkor” MFY aholisi uchun ichimlik suv tarmog‘ini tortish” loyihasida (topshirish muddati: 12.12.2023-y.) pudratchi “INSHAAT-INVEST” MChJ tomonidan 2023-yilda 18 foiz ishlar bajarilgan bo‘lsa-da, 22.09.2023-yilda Davlat qabul hay’atining dalolatnomasi rasmiylashtirilgan.


Audit natijasida “O‘zsuvta’minot” AJ tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda respublikada ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi uzoq muddatli strategiya ishlab chiqish bo‘yicha takliflar berildi:


-“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvini transformatsiya qilish;


-suv inshootlari, magistral suv quvurlarida aqlli suv hisoblagichlari va aholi iste’molchilari uchun suv hisoblagichlari o‘rnatish;


-markazlashgan tartibda ichimlik suvi ishlab chiqarilishi va uni iste’molchilarga yetkazib berish, tarmoqdagi suv yo‘qotishlarini kamaytirish nazorati hamda hisob-kitobini yuritish tizimini yaratish;


-SCADA va geoaxborot (GIS) tizimlarini joriy qilish;


-ichimlik va oqova suv inshootlari va tarmoqlarni texnologik auditdan o‘tkazish hamda ularni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish;


-investitsiya dasturlarini shakllantirishda mavjud inshootlardan samarali foydalanishni inobatga olish, suv tarmoqlarini yangilash;


-laboratoriyalarni qayta jihozlash, ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish va mutaxassislar malakasini oshirish;


-“O‘zsuvta’minoti” AJ Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar tizimni to‘liq raqamlashtirish.


Yuqorida qayd etilgan kamchiliklar vazirliklar va idoralar mas’ullari ishtirokida muhokama qilinib, chora-tadbirlar belgilandi, shuningdek ularni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli axboroti kiritildi va “O‘zsuvta’minot” AJga tegishli ko‘rsatmalar kiritildi.

img