Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

25.04.2026

Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati yakunlari Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqildi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yalpi majlisida Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi. Unda deputatlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zolari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida Hisob palatasi va Qonunchilik palatasi o‘rtasidagi hamkorlik samarali ekanligi alohida ta’kidlandi. Xususan, 2025-yilda imzolangan o‘zaro Hamkorlik memorandumi qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tizimli tahlil qilishda muhim ahamiyat kasb etgani qayd etildi.


Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev o‘z nutqida hisobot davrida mamlakatimizda davlat auditi va moliyaviy nazorat tizimini tubdan isloh qilish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.


Shu bilan birga, Prezident farmonlari asosida Hisob palatasi faoliyati transformatsiya qilinib, u an’anaviy nazorat organidan strategik tahlil va preventiv yondashuvlarga asoslangan idoraga aylanayotgani aytildi.


Bundan tashqari, raqamlashtirish, risk-tahlil va masofaviy audit mexanizmlarini joriy etish orqali budjet mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazorat kuchaytirilganligi qayd etildi.


2025-yilda jami 155 ta nazorat tadbiri (93 ta audit tadbiri va 62 ta tematik va masofaviy risk-tahlillar) amalga oshirildi. Natijada jami 18,8 trln so‘mlik budjet mablag‘lari bo‘yicha qonunbuzilishlarning oldi olindi, xarajatlar maqbullashtirildi va qo‘shimcha daromad manbalari aniqlandi.


Davlat budjeti shakllantirilishi jarayonida Hisob palatasi faol ishtirok etdi. 2026-yil uchun Davlat budjeti loyihasi ko‘rib chiqilib, qator taklif va tavsiyalar asosida budjet daromadlari oshirildi, xarajatlar esa qisqartirildi.


Shuningdek, mahalliy budjetlar loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, hududlarda moliyaviy muvozanatni ta’minlashga xizmat qildi.


Hisobotda davlat budjeti ijrosi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalari va tashqi qarz mablag‘laridan foydalanish samaradorligi yuzasidan o‘tkazilgan auditlar natijalari ham keng yoritildi.


Davlat xaridlari sohasida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, raqobat muhitini kuchaytirish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqildi.


Shu bilan birga, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish, soliq tushumlarini oshirish va budjet daromadlari bazasini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Audit natijalariga ko‘ra, budjetga qo‘shimcha tushumlar manbalari aniqlanib, ularning undirilishi ta’minlandi.


Hisob palatasi faoliyatida raqamlashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, “Masofaviy audit” axborot tizimi keng joriy etildi. Ushbu tizim orqali budjet mablag‘larining sarflanishi onlayn rejimda monitoring qilinib, moliyaviy xato va kamchiliklarni barvaqt aniqlash imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinib, davlat xaridlari va boshqa sohalarda qonunbuzilish holatlarini aniqlash samaradorligi oshirildi.


Hisobotda M. Abdullaev xalqaro hamkorlik doirasida ham muhim natijalarga erishilganligini ta’kidlab o‘tdi. Qator xorijiy davlatlar (Vengriya, Xitoy, Turkiya, Latviya) oliy audit organlari bilan aloqalar kengaytirilib, qo‘shma auditlar va tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Hisob palatasi xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etmoqda.


Hisobotni muhokama qilish davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari ijro etuvchi organlar faoliyatidagi ayrim tizimli kamchiliklarga e’tibor qaratdilar.


Xususan, O‘zbekiston XDP fraksiyasi vakillari ijtimoiy sohada kuzatilgan 1,1 trln so‘mlik moliyaviy nomuvofiqliklarni tizimli tahlil qilib, vazirliklarning ichki audit xizmatlari faoliyatini yanada jonlantirish zarurligini ta’kidladilar.


Shuningdek, budjetga qaytarilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni undirish bo‘yicha choralarni jadallashtirish hamda davlat mablag‘laridan foydalanishda mas’uliyat va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.


O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari davlat xaridlari jarayonida sun’iy intellekt tizimi tomonidan aniqlangan 83 mlrd so‘mlik moliyaviy xatarlar va manfaatlar to‘qnashuvi ehtimollariga e’tibor qaratdilar.

Deputatlar bu borada vazirliklarning ichki nazorat tizimlarini raqamlashtirish hamda “korrupsiyadan xoli soha” tamoyilining ijrosini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalarni ilgari surdilar.


Adolat SDP fraksiyasi vakillari sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida aholini dori vositalari bilan ta’minlash tizimini yaxshilash zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, ayrim ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi.


O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zolari atrof-muhitni muhofaza qilish va landshaftlarni tiklash bo‘yicha investitsiya loyihalarining amalga oshirilish sur’atlari pastligini qayd etdilar. Deputatlar ushbu yo‘nalishda ishlarni jadallashtirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatni kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.


Muhokamalar yakunida Hisob palatasiga islohotlar samaradorligini ta’minlashda aniqlangan mablag‘larni undirish mexanizmini takomillashtirish, budjetdan sarflangan mablag‘larning ijtimoiy ta’sirini baholash hamda davlat qarzi va mahalliy budjetlar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.


Shu bilan birga, sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirish, vazirliklarning ichki audit tizimini muvofiqlashtirish hamda aniqlangan tizimli kamchiliklar asosida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.


Yig‘ilish yakunida Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati ijobiy baholandi.

img-0
img-1img-2