Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

15.04.2026

Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan maqsadli indikatorlar bajarilishini o‘rganish natijalari

Hisob palatasi tomonidan 2025 yilda vazirlik va idoralarning byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlari ijrosi o‘rganildi.

Birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi bo‘lgan 44 ta vazirlik va idoralar bo‘yicha 152 ta rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun 162,3 trln so‘m rejalashtirilgan.


O‘rganishda dasturlar doirasida belgilangan 715 ta maqsadli indikatorlardan 573 tasini (80%) to‘liq va 99 tasini (14%) qisman bajarilgani hamda 43 tasini (6%) bajarilmaganligi ma’lum bo‘ldi.


Maqsadli indikatorlarning ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, o‘rganishda bir qancha tizimli kamchiliklar mavjud ekanligi aniqlandi. Jumladan:


– Indikatorlarni belgilashda yagona yondashuv joriy etilmagan.


Xususan, 25 ta (57%) vazirlik va idorada maqsadli indikatorlar bevosita rivojlantirish dasturlari asosida shakllantirilgan bo‘lsa, qolgan 19 tasida (43%) byudjetdan saqlash xarajatlari doirasida belgilangan.


Misol uchun, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida 6 ta rivojlantirish dasturlari asosida, Raqobat qo‘mitasida esa joriy saqlash xarajatlari doirasida ko‘rsatkichlar belgilangan.


Shuningdek, joriy xarajatlarga indikator ko‘rsatkichlarni belgilashda soha oldiga qo‘yilgan vazifalar inobatga olinmagan.


Masalan, 2025 yilda O‘zbekiston Global innovatsion indeksida 62-o‘ringa olib chiqish reja qilingan bo‘lsa (PF-165 06.07.2022 y), amalda 79-o‘rinni qayd etgan. Ushbu ko‘rsatkich Innovatsiya agentligi uchun indikator qilib belgilanmagan.


– Maqsadli indikatorlar asosan hajm va miqdorga yo‘naltirilgan. Xususan:


1.Indikatorlarning asosiy qismi natijaviy ko‘rsatkichlar bo‘lmagan (outcome), jarayonni ifodalovchi ko‘rsatkichlarga (output) yo‘naltirilgani real iqtisodiy samaradorlikni to‘liq baholash imkonini cheklab qo‘ygan.


“Ishlab chiqilgan axborot tizimlari soni”, “O‘tkazilgan tadbirlar soni” kabi indikatorlar faqat bajarilgan ish hajmini ko‘rsatib, ular samara berdimi, xarajatlar kamaydimi, vaqt tejaldimi kabi savollarga javob bermaydi.


2.Vazirlik va idoralarning asosiy funksiya va vazifalari maqsadli indikatorlar bilan qamrab olinmagan.


3.Amaldagi indikatorlar tizimi ayrim hollarda real iqtisodiy natijalarni aks ettirmasdan, asosan hisobot uchun xizmat qiluvchi formal ko‘rsatkichlardan iborat bo‘lib qolgan.


Jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘yicha formal bajarish uchun belgilangan “Pensionerlar soni”, “Tadbirlar soni”, “O‘quv kurslari soni” kabi maqsadli indikatorlar.


4.Vazirlik va idoralar vakolatlariga bevosita bog‘liq bo‘lmagan ko‘rsatkichlar bo‘yicha indikatorlar belgilangan.


Badiiy akademiyaga buyuk alloma va davlat arboblarining O‘zbekiston va boshqa respublikalarda 34 ta haykalini o‘rnatish bo‘yicha belgilangan indikator uning vakolatiga kirmaydigan omillarga bog‘liqligi sababli ijrosi ta’minlanmagan.


5.To‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri bo‘lmasdan tabiiy ravishda shakllanadigan ko‘rsatkichlar indikator sifatida belgilangan.


Misol uchun, Teleradiokompaniya bo‘yicha tabiiy holda ijro bo‘ladigan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarning yillik hajmi belgilangan.


Xalqaro amaliyotda “ijtimoiy ta’sir”, “auditoriyaning qiziqishi”, “kontent sifati” hamda byudjetdan tashqari daromadlar hajmini oshirish orqali umumiy xarajatdagi byudjet mablag‘lari ulushini kamaytirib borish kabi indikatorlar qo‘llaniladi.


O‘tkazilgan o‘rganish jarayonida xalqaro tajriba tahlil qilindi hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini to‘liq va xolis baholash uchun amaldagi miqdoriy indikatorlarga qo‘shimcha ravishda sifat, natijaviylik va ta’sirni baholovchi ko‘rsatkichlarni joriy etish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.


Jumladan, Iqtisodiyot va moliya, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash, Tashqi ishlar vazirliklari hamda boshqa vazirlik idoralarga:


-belgilangan ayrim ko‘rsatkichlarni amaldagi institutsional o‘zgarishlar va yangi boshqaruv mexanizmlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish hamda funksional nomuvofiqliklarni bartaraf etish;


-moliyaviy resurslar va indikatorlar o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblikni ta’minlash;


-indikatorlarni belgilashda samaradorlik va natijadorlikni ifoda etuvchi indikatorlarga alohida e’tibor qaratish, ularning amaliy ta’sirini oshirish lozimligi. Bunda iqtisodiy qaytim (ROI), xarajat samarasi, foydalanuvchilar qoniqishi kabi ko‘rsatkichlarni kiritish;


-indikatorlar tizimini qayta ko‘rib chiqish, bunda outcome va impact darajasidagi ko‘rsatkichlar ulushini oshirish, har bir indikatorni natija va ta’sirga bog‘lash;


-vakolatlar doirasidagi indikatorlarni shakllantirish, ya’ni faqat bevosita ta’sir ko‘rsatadigan ko‘rsatkichlarni qoldirib, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni baholashda qo‘shimcha (indirect) indikator sifatida qo‘llash;


-asosiy (core) indikatorlar ro‘yxatini shakllantirish, bir-birini takrorlovchi indikatorlarni optimallashtirish;


-xalqaro taqqoslash (benchmarking) imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Misol uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun bolalarni immunizatsiya qilish bo‘yicha asosiy indikatorlar sifatida emlanganlar soni va qamrov darajasi belgilangan. Lekin immunizatsiya tadbirlarining samaradorligini baholaydigan natijaviy indikatorlar nazarda tutilmagan.


Xalqaro tajriba (AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya va OECD davlatlari) shuni ko‘rsatadiki, onkologiya xizmatlari samaradorligini baholashda survival, screening, mortality kabi natijaviy indikatorlar asosiy mezon sifatida qo‘llaniladi.


Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga chiqindilarni boshqarish va havo sifati monitoringi bo‘yicha xalqaro indikatorlarni joriy etish tavsiya etildi.


Bundan tashqari, indikatorlar sifatini xalqaro SMART mezonlari asosida baholash tavsiya etildi.

Bir qator tashkilotlarga ichki audit tizimini joriy etish zarurligi qayd etildi.


Yuqoridagilarga ko‘ra, Hisob palatasi tomonidan o‘rganish natijalarini vazirlik va idoralarda muhokama qilish hamda indikatorlar ijrosida mas’uliyatsizlik holatlari yuzasidan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

img