Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

23.02.2026

Davlat byudjeti mablag‘larining samarali sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatishga oid seminar

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida “Davlat byudjeti mablag‘lari samarali va maqsadli sarflanishi ustidan ta'sirchan nazorat o‘rnatish hamda moliyaviy huquqbuzarliklarni oldini olish va kamaytirish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda qator vazirlik va idoralar vakillari, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.


Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistoda davlat moliyaviy nazorati tizimidagi islohotlarni muhokama qilish, ularning natijadorligini sarhisob qilish va istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash.


Seminarda Hisob palatasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda ichki audit xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan audit tadbirlarining natijalari muhokama qilindi. 


Hisob palatasi raisi o‘rinbosari A. Allaberganov 2025 yilning 18 dekabrida Davlatimiz Rahbari tomonidan qabul qilingan “Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-252-son Farmonining mazmuniga e'tibor qaratdi.


Mazkur Farmonda byudjet mablag‘lari samaradorligi va islohotlarning natijadorligini oshirish, byudjet xarajatlari nazoratini yanada kuchaytirish hamda davlat auditi va moliyaviy nazoratida ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llash bo‘yicha barcha zarur choralar belgilangani aytildi.


Xususan, so‘nggi yillarda Hisob palatasining faoliyati tubdan isloh qilindi. Hisob palatasi ilgarigi “vazifam kamchilik aniqlash” deb hisoblovchi organdan “tashkilotda nima xato ketyapti, nimani yaxshilasa bo‘ladi” degan ko‘z bilan qaraydigan, xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy professional Oliy audit organiga aylantirilmoqda.


Ya'ni, bugungi kunda e'tibor faqat byudjet mablag‘larining qonuniy sarflanishiga emas, balki ularning ijtimoiy-iqtisodiy samarasiga ham qaratilmoqda.


Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari A. Xaydarov davlat mablag‘larini tejamli, to‘g‘ri va samarali ishlatilishini tashkil etish va nazorat qilishda audit xizmatlarining o‘rnini alohida ta'kidladi. 


Shu sababli, audit xizmatlari xodimlari o‘z kasbiy rivojlanishi ustida uzluksiz ishlashi, audit va moliyaviy nazorat borasidagi zamonaviy yondashuv va raqamli texnologiyalarni o‘rganishiga urg‘u berildi.


Seminarda, shuningdek, ma'ruzachilar tomonidan byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlar ijrosi, mablag‘larni masofaviy nazorat qilish mavzularida tematik taqdimotlar qilindi. 


Xususan, byudjet buyurtmachilari tomonidan xaridlarni amalga oshirishda qonunchilik normalariga rioya etilishi hamda raqobatga asoslangan davlat xaridlari tizimini joriy qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar mavzusida ma'ruza qilindi.


Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-259-son Farmonining mazmun-mohiyati, byudjet buyurtmachilari tomonidan «taklif so‘rovi» orqali xaridlarni amalga oshirishda ichki audit xizmatlarining roli ishtirokchilarga batafsil tushuntirildi.


Tadbirda, shuningdek, Hisob palatasi faoliyatida raqamli hamda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ishlariga alohida to‘xtaldi. Xususan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi qisqa vaqt ichida davlat moliyaviy nazorati tizimining eng muhim infratuzilmalaridan biriga aylangani aytildi.


Ushbu tizimning 2025 yil yakunida qamrovi ikki baravarga oshirilib, 75 ta vazirlik, idora va banklarning 259 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilindi. 


Hisob palatasi tomonidan risk-tahllarni masofaviy tizim orqali postmonitoring emas, balki premonitoring (holatlarni oldini olish) maqsadida amalga oshirilmoqda. 


Natijada, byudjet xarajatlari va boshqa ma'lumotlardan real vaqt rejimida foydalangan holda kompleks tahlillar amalga oshirilib, 2025 yilda 6,2 trln so‘mlik qonunbuzilishlar bartaraf etildi.


Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti prorektori S. Mexmonov ushbu maskan qoshida 2026/2027 o‘quv yildan Davlat auditi oliy maktabi tashkil etilishini ta'kidladi. Oliy maktabda davlat auditi ta'lim yo‘nalishida nufuzli xorijiy ta'lim tashkilotlarining tajribasi asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Uning faoliyatini sifatli yo‘lga qo‘yish uchun Hisob palatasi, universitet va vazirlik tomonidan birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.


Bo‘lib o‘tgan seminar nafaqat soha mutaxassislari, balki yetakchi olimlar, amaliyotchilar va iqtisodiyotning real sektori vakillarini bir maydonda jamlagan platformaga aylandi. 


Seminarda Iqtisodiyot va moliya, Adliya, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari audit xizmatlari vakillari, Universitet professorlari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha faol tarzda fikr-mulohaza va tajribalar almashilib, ishtirokchilarga tegishli xulosalar berildi. 


Davlat moliyaviy nazoratini modernizasiya qilishga qaratilgan qator dolzarb mavzular interaktiv usulda muhokama qilindi.



img-0
img-1img-2