27.08.2026
O‘zbekiston va Ozarbayjon Oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlik tobora rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida Ozarbayjon Hisob palatasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki oliy audit organi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, amalga oshirilayotgan qo‘shma ishlar va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi birinchi o‘rinbosari M. Abdullayev va Ozarbayjon Hisob palatasi delegatsiyasi rahbari T. Yusif-zade boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, ayni paytda ikki mamlakat Hisob palatalari INTOSAI, ASOSAI, ECOSAI, MDHga a’zo davlatlar Oliy audit organlari kengashi hamda Turkiy tilli davlatlar Oliy audit organlari kengashi — TURKSAI doirasida ham faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Joriy yil mart oyida Ozarbayjon Hisob palatasi raisi V. Gulmammadov boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki tashkilot o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi.
Hujjatda tashqi davlat auditi metodologiyalari bo‘yicha tajriba almashish, xodimlarning professional tayyorgarligi va ko‘nikmalarini rivojlantirish, kasbiy ma’lumot va hujjatlar almashinuvi, o‘zaro maslahatlashuvlar, qo‘shma tadqiqotlar, parallel auditlar, seminarlar, konferensiyalar va vebinarlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlar belgilangan.
Memorandum imzolanganidan so‘ng o‘zaro hamkorlik yanada faollashdi. Xususan, 2026-yil davomida Ozarbayjon Hisob palatasining 4 ta delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
23-avgust kuni esa raqamlashtirish va axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekiston tajribasini o‘rganish maqsadida 5 nafar ozarbayjonlik ekspert tashrif buyurdi. Mazkur tashrif davlat auditini raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va sun’iy intellekt imkoniyatlarini audit jarayonlariga joriy etish borasida tajriba almashishga qaratildi.
Uchrashuvda hamkorlikni kelgusida yanada kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.
Jumladan, tashqi davlat auditi metodologiyalari bo‘yicha yangi tajriba almashish, Ozarbayjonning davlat budjeti loyihasi auditi, davlat mulkini boshqarishga rioya qilish auditi, ta’lim muassasalarini boshqarish auditi, ta’lim tizimida axborot texnologiyalarining samaradorligi auditi hamda oziq-ovqat xavfsizligi tizimini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash auditi sohalaridagi tajribasini o‘rganish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, parallel va qo‘shma auditlar o‘tkazish, seminar va vebinarlar tashkil etishni yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Bu ikki mamlakatdagi o‘xshash jarayonlarni qiyosiy o‘rganish, umumiy muammolarni aniqlash va samarali yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Hisob palatasining raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasidagi tajribasini Ozarbayjon tomoni bilan bo‘lishish alohida istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Bunda asosiy maqsad davlat auditida raqamli texnologiyalar, ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellektdan foydalanish orqali qonunbuzilishlarni faqat aniqlash emas, balki ularning oldini olishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirishdan iborat.
Ozarbayjonlik ekspertlar O‘zbekiston Hisob palatasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki Hisob palatasi o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlarni yanada mustahkamlash, Memorandumda belgilangan vazifalarni amaliy jihatdan kengaytirish, ekspertlar almashinuvini davom ettirish hamda qo‘shma va parallel auditlarni tashkil etish borasida hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.
Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_37e702064360a39ab333516b.jpg)
Toshkent viloyatidagi rivojlantirish dasturlarining samaradorligi auditdan o‘tkazildi
1876
08.10.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_568645fc6927f3bd05ac66e6.jpg)
Oʻzbekiston sement ishlab chiqarish sohasi: Muammolar va yechimlar
919
02.08.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_3d83e197ae37fa039e0d32ac.jpg)
Davlat boshqaruvi sifatini oshirishda yangi bosqich boshlandi
728
23.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_21b102bf268798ed41c5cdfb.jpg)
Prеzidеntning O‘zbеkiston хalqiga Ramazon tabrigi
944
17.02.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_186f354188813d2f30c91e61.jpg)
XXV INKOSAI kun tartibida sun'iy intellekt texnologiyalarini auditda qo‘llash masalalari
1905
30.10.2025