02.08.2026
Oʻzbekiston sement ishlab chiqarish sohasi: Muammolar va yechimlar
Hisob palatasi tomonidan respublikadagi sement ishlab chiqaruvchi korxonalarning tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligi keng qamrovli tahlil qilinib o‘rganildi.

Sanoat ko‘rsatkichlari tahlili va eksport
Respublikamizda 2023–2025-yillarda 42 ta korxonada jami 54,9 mln tonna sement ishlab chiqarilgan bo‘lib, yillar dinamikasida doimiy o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lmoqda. Bunda:
2023-yilda: talab 16,8 mln tonna bo‘lsa, ishlab chiqarilgani 15,5 mln tonna (92%);
2024-yilda: talab 18,1 mln tonna bo‘lsa, ishlab chiqarilgani 17,9 mln tonna (99%);
2025-yilda: talab 19,9 mln tonna bo‘lsa, ishlab chiqarilgani 21,5 mln tonnani (108%) tashkil etgan.
Ma’lumot uchun: 2018-yilda talab 12,7 mln tonnani tashkil qilgan bo‘lib, ushbu davrda 9,2 mln tonna ishlab chiqarilgan yoki talabning 72,4 foizi qondirilgan.
E’tiborli jihati, mahalliy quvvatlarning kengayishi hisobiga importga qaramlik deyarli barham topgan.
Jumladan, 2025-yilga kelib import hajmi 2023-yilga nisbatan 44 baravarga kamaygan bo‘lsa, aksincha, mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorga chiqishi jadallashib, eksport ko‘rsatkichi 182 baravarga (1,8 mln tonna) oshgan.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sement hajmi 580,3 kg ni tashkil etib, 2023-yildagiga (435 kg) nisbatan sezilarli o‘sishga erishilgan.
Ma’lumot uchun: Dunyo bo‘yicha aholi jon boshiga o‘rtacha 500–550 kg sement to‘g‘ri kelib, yuqori ko‘rsatkich Xitoy (1200 kg), Turkiya (1015 kg), Vyetnam (984 kg) va Eron (736 kg) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sementning o‘rtacha birja narxi 2025-yilda 651 so‘mni tashkil etib, 2023-yilga (681,5 so‘m) nisbatan 4 foizga arzonlashgan.
Tizimli muammolar va yechimlar
O‘rganishda sohada salmoqli o‘sish sur’atlari bilan bir qatorda, zudlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan jiddiy tizimli muammolar mavjudligi aniqlandi.
Xususan, 25 ta sement ishlab chiqaruvchi korxona, tadbirkorlar hamda olimlar bilan so‘rovnomalar va uchrashuvlar tashkil qilinib, muammo va takliflar shakllantirildi.
So‘rovnoma ishtirokchilari logistika va transport muammolari (73%), talab pastligi sababli to‘liq quvvatda ishlamayotgani (50%), tannarx xarajatlari yuqoriligi (23%), eksport qilishda qo‘shimcha imkoniyatlar (imtiyozli kredit, soliq imtiyozlari) zarurligini (81%) qayd etgan.
Sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini o‘rganish hamda sohadagi mavjud muammolarni muhokama qilish maqsadida Umumiy va noorganik kimyo instituti, "Fan va taraqqiyot" DUK, Toshkent davlat transport universiteti olimlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda sement zavodlarida elektr energiyasi sarfini kamaytirish maqsadida sharli tegirmonlarni modernizatsiya qilish, VRM (Vertical Roller Mill) va Roller Press kabi energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, maydalash jarayonlarini AI va SCADA (sun’iy intellekt va uskunalarni real vaqtda nazorat qilish boshqaruv tizimi) orqali avtomatlashtirish hamda granulometriya monitoringini yo‘lga qo‘yish takliflari bildirildi.
Olib borilgan tizimli tahlillar va sohadagi o‘rganishlar natijalari ushbu yo‘nalishda erishilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan bir qator muammoli masalalar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan:
2025-yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobot taqdim etgan 64 ta ishlab chiqaruvchi va xomashyo qazib oluvchilarning 37 foizi (24 ta) foyda, 63 foizi (40 ta) faoliyatini zarar bilan yakunlagan;
42 ta sement ishlab chiqarish korxonasidan 17 tasi (8 tasi konga egalik qiluvchi) bugungi kunda faoliyat ko‘rsatmayapti;
28 ta korxonaga 44 ta investitsiya loyihasi doirasida 2,5 mlrd dollarlik investitsiya jalb qilingan bo‘lib, 9 ta korxona (223,2 mln dollarlik) moliyaviy qiyinchilik va boshqa muammolar sabab tugatilgan;
konni o‘zlashtirish uchun talabgor tomonidan taqdim etilgan texnik-iqtisodiy asos hujjatlaridagi hamda ruxsatnomadan foydalanish shartlaridagi majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish tizimi raqamlashtirilmagan;
2023–2025-yillar uchun yer qa’ridan foydalanuvchilar kovlab olish bo‘yicha majburiyatlarni to‘liq bajarmagan;
konlarda avtotransportlarning og‘irligini o‘lchash tarozisi o‘rnatilishi majburiy bo‘lsa-da (VMQ-710, 28.10.2024-y.), ushbu talabni nazorat qilish tizimi mavjud emas;
2025-yilda Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Soliq qo‘mitasi yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan haqiqatda qazib olingan foydali qazilmalar hajmining marksheyderlik xulosasiga muvofiqligi yuzasidan monitoring o‘tkazmagan.
Xalqaro tajriba
Xalqaro amaliyotda sement sanoatini tartibga solish o‘rganilganda:
Xitoy yiliga o‘rtacha 1,8 mlrd tonna (dunyo bo‘yicha jami 3,8 mlrd tonna) sement ishlab chiqarib, dunyoda yetakchi davlat hisoblanadi.
2024-yilda "2024–2025-yillar uchun energiya tejash va uglerod chiqindilarini qisqartirish" harakatlar rejasi qabul qilingan va kam samarali eski vertikal pechlardan zamonaviy NSP texnologiyasiga o‘tilgan.
Natijada energiya samaradorligi oshib, ishlab chiqarish xarajati kamaygan va 2025-yilda CO₂ chiqindilarini 26 mln tonnaga kamaytirgan.
MDH davlatlarida sement xomashyosini qazib olishni raqamlashtirish, karyerlar kadastrini yuritish, xomashyo turi va sifat ko‘rsatkichi kesimida hisobga olish, yo‘qotishlarni ajratib hisoblash amaliyoti keng qo‘llaniladi.
BCG konsalting kompaniyasi (Boston Consulting Group) tomonidan sement ishlab chiqarish quvvati talabga nisbatan yuqoriligi sababli mavjud quvvatlardan foydalanish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishni yirik mintaqaviy bozorlarga yaqin joylashtirish tavsiya qilingan.
Taklif va tavsiyalar
O‘rganish natijalariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, sohani takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalardan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Ushbu chora-tadbirlarda:
raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
sement ishlab chiqarish korxonalarida kuzatuv kameralari va tarozini majburiy o‘rnatish;
qurilish materiallari uchun temir yo‘l tashish tariflarini qayta ko‘rib chiqish;
qurilish materiallari sohasida logistika bilan bog‘liq masalalarni qayta ko‘rib chiqish va vagonlarni ko‘paytirish;
sement ishlab chiqaruvchilarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda kafolatlangan vagon kvotalarini belgilash;
TIAda ko‘rsatilgan texnika va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona elektron tizimga kiritish hamda ularning raqamli hisobini yuritish mexanizmlarini joriy etish kabi takliflar nazarda tutilgan.
O‘rganish natijalarini muhokama qilish va zarur chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan Tog‘-kon sanoati va geologiya, Raqamli texnologiyalar, Transport, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklariga, "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi hamda Soliq qo‘mitasiga Hisob palatasining tegishli ko‘rsatmalari va tavsiyalari yuborildi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_39a1844657af2767e3a71468.jpg)
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash auditi
706
17.03.2026
Soliqsiz tushumlarning budjetga hisobga olinishi bo‘yicha muvofiqlik auditi
840
07.04.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_21b102bf268798ed41c5cdfb.jpg)
Prеzidеntning O‘zbеkiston хalqiga Ramazon tabrigi
943
17.02.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_0fa685a4e647ef387514293b.png)
Suv xo‘jaligi vazirligida “Situasion markaz” ishga tushirildi
4252
15.10.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_84d7e8c8decd9e86ba1ef0bb.png)
Mudofaa vazirligida davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha muhokama o‘tkazildi
638
15.07.2026